“Yuksalish” harakati “Halollik sari ilk qadam” loyihasini boshlamoqda
“Yuksalish” harakati bolalarda halollik, adolat va mas’uliyat kabi qadriyatlarni erta yoshdan shakllantirishga qaratilgan “Halollik sari ilk qadam” loyihasini amalga oshirishga kirishmoqda.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi buyurtmasi asosida, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining ijtimoiy buyurtmalar tanlovi doirasida amalga oshiriladi.
Halollik qadriyatlari bolalarga sodda va qiziqarli usulda yetkaziladi
Loyihaning asosiy maqsadi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari hamda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida halollik, adolat, mas’uliyat, o‘zgalar haqiga hurmat va korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishdan iborat.
Bunda bolalarga ushbu tushunchalar ularning yoshiga mos ertaklar, rasmlar, interfaol o‘yinlar va kundalik hayotiy vaziyatlar orqali sodda va qiziqarli shaklda tushuntiriladi.
Loyiha 8 oy davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l, Farg‘ona viloyatining Oltiariq, Sirdaryo viloyatining Sayxunobod, Qashqadaryo viloyatining Koson, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanlari hamda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarini qamrab oladi.
2 500 nusxada o‘quv-metodik materiallar tayyorlanadi
Loyiha doirasida jami 2 500 nusxada o‘quv-metodik materiallar ishlab chiqilib, ta’lim muassasalariga yetkaziladi.
Jumladan:
- maktabgacha yoshdagi bolalar uchun 1 000 nusxada qo‘llanma;
- boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun 1 000 nusxada qo‘llanma;
- “Halollik” to‘garaklari faoliyati uchun 500 nusxada namunaviy dastur tayyorlanadi.
Shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalar uchun kamida 10 ta interfaol “Halollik o‘yini” ishlab chiqiladi.
Maktablardagi “Halollik” to‘garaklari uchun esa bir o‘quv yili davomida haftada bir marta o‘tkazishga mo‘ljallangan mashg‘ulotlar dasturi yaratiladi. Pedagoglar bolalarning yoshiga mos metodik vositalar bilan ta’minlanadi.
Eng namunali “Halollik” to‘garaklari aniqlanadi
Loyiha doirasida “Eng namunali halollik to‘garagi” tanlovining nizomi va baholash mezonlari ishlab chiqiladi.
Shuningdek, loyiha doirasida yaratilgan metodik materiallar va yondashuvlarni mamlakat miqyosidagi boshqa ta’lim muassasalarida keng qo‘llash bo‘yicha amaliy tavsiyalar tayyorlanadi.
Loyihaning asosiy kutilayotgan natijasi bolalarda maktabgacha yoshdan boshlab boshlang‘ich ta’lim bosqichigacha halollik qadriyatlarini izchil shakllantirishga xizmat qiladigan yaxlit metodik tizim yaratishdan iborat.
Loyiha hujjatlariga ko‘ra, uni amalga oshirish uchun ijtimoiy buyurtma doirasida 500 million so‘m mablag‘ so‘ralgan, “Yuksalish” harakatining loyiha doirasidagi o‘z ulushi esa 50 million so‘m etib belgilangan.
“Yukalish” harakati matbuot xizmati