@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

FSTP va ABCD loyihalarini amalga oshirish va hisobot berish bo‘yicha seminar davom etmoqda

 2026-08-20 21:57:44   |     Просмотров: 915

2026-yil 20-avgust kuni Toshkent shahridagi “Shamsan Hotel” mehmonxonasida FSTP va ABCD loyihalarini amalga oshirish hamda ular bo‘yicha mazmuniy va moliyaviy hisobotlarni tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan ikki kunlik seminarning birinchi kuni yakunlandi.

Tadbir “O‘zbekistonda inklyuziv jamoatchilik taraqqiyoti uchun fuqarolik jamiyati imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Mazkur loyiha Konrad Adenauer Jamg‘armasi (KAS) tomonidan “Yuksalish” harakati bilan hamkorlikda, Yevropa Ittifoqi ko‘magida amalga oshirilmoqda. 20–21-avgust kunlari davom etadigan seminarning asosiy maqsadi loyiha jamoalarining tashabbuslarni sifatli amalga oshirish, erishilgan natijalarni hujjatlashtirish, mazmuniy va moliyaviy hisobotlarni belgilangan talablar asosida tayyorlash hamda loyihalarni muvaffaqiyatli yakunlash bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat.

Seminar Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasidagi tashabbuslar bilan hamohang bo‘lib, xususan, BRMning 16-maqsadi — tinchlik, adolat va samarali institutlarni rivojlantirish hamda 17-maqsadi — barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlikni mustahkamlash tamoyillariga xizmat qiladi.

Tadbirning birinchi kuni davomida ishtirokchilar o‘z loyihalarining amalga oshirilish holati bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazdi. Ularda rejalashtirilgan va bajarilgan ishlar, davom etayotgan faoliyatlar, erishilgan natijalar, yakunlanishi lozim bo‘lgan vazifalar hamda hisobot tayyorlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Alohida sessiyalar mazmuniy va moliyaviy hisobotlar o‘rtasidagi muvofiqlik, loyiha xarajatlarini tasdiqlovchi hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish, monitoring natijalarini hujjatlashtirish hamda amalga oshirilgan faoliyat va erishilgan natijalarni dalillar bilan asoslash masalalariga bag‘ishlandi.

Seminarda loyiha mablag‘laridan foydalanishda shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga har bir xarajatni shartnoma, hisob-faktura, to‘lov hujjatlari, dalolatnomalar, xarid hujjatlari va boshqa tasdiqlovchi materiallar bilan asoslash yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, kommunikatsiya va loyiha natijalarining jamoatchilikka ko‘rinuvchanligini ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi. Ishtirokchilar tadbirlarni foto va boshqa vizual materiallar orqali hujjatlashtirish, axborot materiallari tayyorlash, loyiha natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish hamda Yevropa Ittifoqi va loyiha hamkorlarining kommunikatsiya talablariga rioya etish bo‘yicha tavsiyalar bilan tanishdi.

Seminarning ikkinchi kuni ertaga asosan moliyaviy hisobotlarni tayyorlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarga bag‘ishlanadi. Loyiha rahbarlari va buxgalterlar moliyaviy hisobot paketlarini shakllantirish, byudjet qatorlarini tegishli to‘lov hujjatlari bilan bog‘lash, xarajatlarni asoslash hamda har bir operatsiya bo‘yicha zarur tasdiqlovchi hujjatlarning mavjudligini tekshirish ustida ishlaydi. Amaliy mashg‘ulotlar davomida loyiha jamoalariga hisobot tayyorlashda uchrayotgan kamchiliklarni aniqlash, hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va yakuniy hisobot paketlarini belgilangan talablar asosida shakllantirish bo‘yicha tavsiyalar beriladi.

Ma’lumot uchun, “O‘zbekistonda inklyuziv jamoatchilik taraqqiyoti uchun fuqarolik jamiyati imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi fuqarolik jamiyati tashkilotlarining institutsional va dasturiy salohiyatini mustahkamlash, ayollar va yoshlarning jamoat hayotidagi ishtirokini kengaytirish, inklyuziv mahalliy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash hamda fuqarolik jamiyati va davlat institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan. Loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida amalga oshirilmoqda.

Seminar fuqarolik jamiyati tashkilotlarining loyihalarni boshqarish, monitoring qilish va natijalarni baholash bo‘yicha amaliy salohiyatini oshirish, grant mablag‘laridan maqsadli va shaffof foydalanishni ta’minlash hamda mahalliy tashabbuslarning barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati