@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Qon donorligi: muammo tizimdami yoki jamiyatda?

 2026-07-15 15:30:02   |     Просмотров: 1397

“Yuksalish” harakati tomonidan respublika bo‘ylab o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalari mamlakatda qon donorligi, donorlarni shoshilinch izlash, tizimning shaffofligi va fuqarolarning huquqiy xabardorligi bilan bog‘liq muammolar haqida aholining fikrini o‘rganishga yordam berdi.

 So‘nggi 3 yil davomida “Yuksalish” harakati tomonidan tashkil etilgan donorlik tadbirlarida 5 mingdan ortiq fuqaro qatnashdi va jami 2 241,85 litr qon to‘plandi. Bu jamiyatda oz bo‘lsada donorlikka qiziqish va yordam berishga tayyorlik yuqori ekanini tasdiqlaydi. Biroq qon zaxirasini barqaror ta’minlash uchun bir martalik aksiyalardan muntazam donorlik tizimiga o‘tish zarur.

Ma’lumot uchun, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 20-yanvardagi “2026-2030-yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatda beg‘araz qon  donorlari sonini 300 ming nafardan 900 ming nafargacha yetkazish ko‘zda tutilgan.

 Harakat tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda 606 nafar respondent ishtirok etdi.  Ularning 46,3 foizi qon donorligi haqida yaxshi ma’lumotga ega, 41,4 foizi esa qisman tushunchasi borligini bildirgan. Demak, respondentlarning qariyb 88 foizi donorlik haqida kamida umumiy tasavvurga ega.

Mazkur yuqori ko‘rsatkichning asosiy sababi shundaki, so‘rovnoma asosan avval donorlik aksiyalarida ishtirok etgan fuqarolar o‘rtasida o‘tkazilgan. Shu bois natijalar donorlik jarayonlari bilan bevosita tanish va tajribaga ega insonlarning fikrlarini aks ettiradi hamda tizimdagi real holatni chuqurroq baholash imkonini beradi.

Respondentlarning 495 nafari, ya’ni 83,5 foizi, avval qon topshirgan yoki kelajakda donor bo‘lishni rejalashtirgan. 

Jumladan:

  • 11,6 foizi doimiy donor;
  • 22,8 foizi donorlik aksiyalarida bir necha bor qatnashgan;
  • 14,2 foizi qarindoshi yoki tanishi uchun qon topshirgan;
  • 34,9 foizi hali donor bo‘lmagan, ammo kelajakda qon topshirishni rejalashtirgan;
  • 16.5 foizi donorlik haqida ma'lumotga ega emas.

Asosiy motiv inson hayotini saqlab qolish

Respondentlarning 65,7 foizi qon topshirishdagi asosiy sabab sifatida boshqa insonning hayotini saqlab qolishga yordam berish istagini ko‘rsatgan.

Taqqoslash uchun, imtiyoz, kompensatsiya yoki maxsus maqom olishni muhim deb bilganlar atigi 7,9 foizni tashkil etgan. Qarindoshlar va do‘stlarning iltimosi 12,9 foiz, korporativ yoki ommaviy tadbirlarda qatnashish esa 13,5 foiz respondent uchun asosiy motiv bo‘lgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, 122 nafar respondent donorlarni ijtimoiy tarmoqlar, tanishlar yoki qarindoshlar orqali shoshilinch izlashga majbur bo‘lgan. Yana 99 nafar respondent zarur qon guruhi topilmagani sababli operatsiya yoki tibbiy muolaja kechiktirilganini bildirgan.

Umuman olganda, 221 respondent, ya’ni 37,4 foiz ishtirokchi, qon tanqisligi bilan bevosita to‘qnash kelgan. Mazkur yuqori ko‘rsatkichning asosiy sababi shundaki, so‘rovnoma asosan avval donorlik aksiyalarida ishtirok etgan fuqarolar o‘rtasida o‘tkazilgan. Shu bois natijalar donorlik jarayonlari bilan bevosita tanish va tajribaga ega insonlarning fikrlarini aks ettiradi hamda tizimdagi real holatni chuqurroq baholash imkonini beradi.

 

Taqqoslash uchun, 117 respondent kerakli qon shifoxona tomonidan taqdim etilganini aytgan. Bu ayrim hollarda tizim ehtiyojni qoplayotganini, boshqa vaziyatlarda esa bemorlarning yaqinlari shaxsiy aloqalar orqali donor izlashga majbur bo‘layotganini ko‘rsatadi.

Mazkur holat qon zaxiralarini hududlar, tibbiyot muassasalari va qon guruhlari kesimida samarali muvofiqlashtirish zarurligini anglatadi.

“Donor topib keling” amaliyoti ishonchga ta’sir qilmoqda

Respondentlarning 109 nafari donor topish majburiy shart sifatida qo‘yilganini, yana 96 nafari esa bunday talab qat’iy tavsiya qilinganini bildirgan.

Jami 205 respondent, ya’ni 34,7 foiz ishtirokchi, o‘rnini bosuvchi donor izlash talabi yoki kuchli tavsiyasiga duch kelgan.

Fuqarolar bunday tavsiyani tibbiy yordam olish uchun majburiy talab sifatida qabul qilishi mumkin. Natijada ixtiyoriy donorlik bosim ostidagi majburiyatga aylanib, tibbiyot muassasalariga va qon ta’minoti tizimiga bo‘lgan ishonchni pasaytiradi.

Shu sababli bemorlar va ularning yaqinlariga qon olish tartibi, donorlikning ixtiyoriyligi hamda tibbiy yordam ko‘rsatish shartlari aniq tushuntirilishi lozim.

Respondentlar qon taqsimoti tizimining shaffofligini 5 ballik mezonda 3,6 ball bilan baholagan. Ishtirokchilarning 54,3 foizi tizimga 4 yoki 5 ball, 18,4 foizi esa 1 yoki 2 ball bergan. Bu ko‘rsatkichlar tizimga nisbatan to‘liq ishonchsizlik yo‘qligini, biroq qon zaxirasi, mavjud ehtiyoj va taqsimot mezonlari bo‘yicha axborot yetarli emasligini ko‘rsatadi. Shu bois hududlar va qon guruhlari bo‘yicha mavjud ehtiyoj hamda zaxira haqida shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilmagan holda muntazam axborot berib borish maqsadga muvofiq.

Fuqarolarning aksariyati aniq tartibni bilmaydi

Shoshilinch qon zarur bo‘lganda qayerga murojaat qilish va qanday hujjatlar kerakligini respondentlarning faqat 34,9 foizi to‘liq biladi. 43,7 foizi bu haqda taxminiy tushunchaga ega va zarurat tug‘ilganda internetdan ma’lumot izlashini bildirgan. 21,5 foizi esa umuman bilmaydi. Demak, respondentlarning 65 foizdan ortig‘i favqulodda vaziyatda bajarilishi kerak bo‘lgan tartib haqida to‘liq ma’lumotga ega emas.

Davlat shifoxonalarida qon berish shartlari bo‘yicha ham tushunchalar turlicha:

  • 36 foizi qon tibbiy ko‘rsatma asosida bepul berilishi kerakligini biladi;
  • 27,4 foizi qon faqat qarindosh donor topilganda bepul bo‘ladi, deb hisoblaydi;
  • 11 foizi norasmiy to‘lov qilishga to‘g‘ri keladi, degan fikrda;
  • 25,7 foizi javob berishga qiynalgan.

Bu natijalar fuqarolar orasida huquqiy va amaliy axborot yetishmasligi mavjudligini ko‘rsatadi. Tibbiyot muassasalarida murojaat tartibi, bemor huquqlari va zarur hujjatlar haqida sodda yo‘riqnomalar joylashtirilishi zarur.

Axborot yetishmasligi va sog‘liq bilan bog‘liq xavotirlar

Donorlik haqida yetarli bilimga ega bo‘lmagan respondentlarning 27,4 foizi zarur ma’lumot berilsa, albatta donor bo‘lishini bildirgan. Yana 35,6 foizi vaziyatga qarab yoki yaqin insoni uchun qon topshirishga tayyor.

Shuningdek, qon topshirishni rejalashtirmayotgan respondentlarning 72,4 foizi bunga sog‘liq bilan bog‘liq sabablarni ko‘rsatgan. 10,2 foizi qo‘rquvni, 9,2 foizi esa vaqt yetishmasligini asosiy to‘siq sifatida qayd etgan.

Demak, donorlikni targ‘ib qilish jarayoni malakali tibbiy tushuntirishlar bilan birga olib borilishi kerak. Fuqarolarga kim donor bo‘la olishi, qanday cheklovlar mavjudligi va qon topshirish jarayoni qanday kechishi sodda tilda tushuntirilishi lozim.

Tashkilotlarda xohish bor, ammo mexanizm yetarli emas

Respondentlarning 43,5 foizi o‘z tashkilotida mobil qon topshirish guruhini qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor. 26,6 foizi esa bunday tadbirlar allaqachon o‘tkazilayotganini bildirgan. Shunday qilib, ishtirokchilarning 70,1 foizi mobil donorlik tadbirlariga ijobiy munosabatda.

Biroq mustaqil ravishda “Donorlar kuni”ni tashkil qilishga tayyorlar ulushi 24,7 foizni tashkil etgan. Yana 12,5 foiz respondent axborot va uslubiy yordam zarurligini bildirgan.

Taklif va xulosalar

So‘rov natijalari va respondentlarning takliflaridan kelib chiqib, quyidagi yo‘nalishlar ustuvor ahamiyatga ega:

  • ixtiyoriy donorlarning yagona raqamli reyestrini yaratish;
  • qon guruhlari bo‘yicha ehtiyoj haqida tezkor xabar berish tizimini joriy etish;
  • bemorlarning huquqlari va qon olish tartibi bo‘yicha yagona yo‘riqnoma ishlab chiqish;
  • hududlar kesimida qon zaxirasi haqida ochiq va muntazam axborot berish;
  • ta’lim muassasalari, korxonalar, davlat idoralari va mahallalarda muntazam donorlik tadbirlarini tashkil etish;
  • donorlik bo‘yicha tibbiy va huquqiy tushuntirish ishlarini kuchaytirish.

Xulosa

Tadqiqot natijalari asosiy muammo fuqarolarning donorlikka tayyor emasligida emas, balki ushbu tayyorlikni muntazam, shaffof va samarali tizimga aylantirish mexanizmlari yetarli emasligida ekanini ko‘rsatdi. O‘zbekistonda barqaror donorlik tizimini shakllantirish uchun bir martalik aksiyalardan doimiy donorlar bazasi, raqamli boshqaruv, ochiq axborot va aniq tartiblarga asoslangan modelga o‘tish zarur.

Zero, bu qon donorligi bo‘lsin, yoki xayriya – insonlarning bir-birlariga qay darajada yordam berishga tayyor ekanini ko‘rsatadi. Bu, hech shubhasiz, jamiyat faolligining eng muhim belgisidir.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati