@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Iqtisodiy siyosatda shaffoflik va hisobdorlikni kuchaytirish bo‘yicha jamoatchilik monitoringi natijalari muhokama qilindi

 2026-06-24 19:49:12   |     Просмотров: 1043

2026-yil 24-iyun kuni Toshkent shahridagi “Inspira-S” mehmonxonasida “Iqtisodiy siyosatda shaffoflik va hisobdorlik: mahalliy monitoringdan tizimli islohotlargacha” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Yuksalish” harakati hamda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, hamdo‘stlik va taraqqiyot vazirligi (FCDO) hamkorligida amalga oshirilayotgan “Hukumatlarning iqtisodiy siyosatdagi shaffofligi va hisobdorligini kuchaytirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.

Davra suhbatida davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro hamkorlar, ekspertlar, jamoatchilik monitoringi guruhlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi. Tadbirda Davlat-xususiy sheriklik (DXSh) va mahalliy byudjet, jumladan, “Tashabbusli byudjet” loyihalari ijrosi ustidan olib borilgan jamoatchilik monitoringi natijalari taqdim etildi.

Loyiha doirasida DXSh hamda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosini baholash bo‘yicha jamoatchilik monitoringi metodologiyalari ishlab chiqildi va taqdim etildi. Taqdimot davomida metodologiyaning asosiy tamoyillari, baholash mezonlari, monitoring bosqichlari hamda jamoatchilik ishtirokini ta’minlash mexanizmlari batafsil yoritildi. Ushbu metodologiyalar asosida jamoatchilik guruhlari tashkil etilib, joylarda o‘rganish va monitoring tadbirlari amalga oshirildi.

Sessiyalar davomida DXSh sohasida fuqarolik nazoratini kuchaytirish, mahalliy byudjetlar ustidan jamoatchilik nazoratini takomillashtirish hamda iqtisodiy boshqaruvda ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Jumladan, DXSh bo‘yicha ishlab chiqilgan metodologiya, huquqiy tahlil natijalari, joylardagi infratuzilmaviy kamchiliklar, “Tashabbusli byudjet” doirasidagi obyektlarni qabul qilishdagi muammolar, qurilish sifati, “Mahalla byudjeti” jamg‘armalari shaffofligi hamda jamoatchilik monitoringi davomida aniqlangan tizimli masalalar taqdim etildi. Shuningdek, DXSh shartnomalarining ochiqligini ta’minlash, Openbudget.uz  portalida “Mustaqil jamoatchilik monitoringi dalolatnomasi”ni joriy etish hamda respublika idoralarining fuqarolik tashabbuslariga munosabatini kuchaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Tadbir yakunida DXSh va mahalliy byudjet sohalarida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash, monitoring natijalarini qarorlar qabul qilish jarayoniga integratsiya qilish hamda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

 “Yuksalish” harakati matbuot xizmati