@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Biz — donormiz!” xayriya aksiyasining joriy yilgi mavsumi yakunlandi

 2026-06-12 11:16:09   |     Просмотров: 1264

“Yuksalish” harakati tomonidan joriy yil 2-maydan 10-iyungacha davom etgan aksiya doirasida mamlakatimizning barcha hududlarida qon topshirish tadbirlari tashkil etildi. Unda fuqarolar, tashkilotlar xodimlari, harbiy xizmatchilar, faol yoshlar va ko‘ngillilar inson hayotini saqlab qolishga qaratilgan ezgu tashabbusda faol ishtirok etdi.

Aksiya davomida donorlik qoni zaxiralarini to‘ldirish, aholining donorlik haqidagi xabardorligini oshirish hamda jamiyatda o‘zaro yordam va ijtimoiy mas’uliyat madaniyatini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yilgi aksiya Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda barcha viloyatlarda tashkil etildi. Jumladan, Toshkent shahrida “Yo‘lqurilish” AJ, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Yunon madaniyati markazi binolarida qon topshirish tadbirlari o‘tkazildi. Hududlarda esa viloyat qon quyish markazlari, qon xizmati markazlari, harbiy qismlar va tibbiyot muassasalari aksiyaga mezbonlik qildi.

Joriy mavsum davomida respublika bo‘ylab o‘tkazilgan donorlik tadbirlarida 1 325 nafar donor ishtirok etib, ular tomonidan jami 607 litr qon beg‘araz topshirildi.

Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkichlar Samarqand (118,5 l.) va Buxoro (100 l.) viloyatlarida qayd etildi.

Hududlar kesimida yig‘ilgan donorlik qoni miqdori:

  1. Samarqand viloyati — 118,5 litr
  2. Buxoro viloyati — 100 litr
  3. Xorazm viloyati — 69,5 litr
  4. Andijon viloyati — 48,8 litr
  5. Qashqadaryo viloyati — 48,8 litr
  6. Namangan viloyati — 39 litr
  7. Navoiy viloyati — 35 litr
  8. Toshkent shahri — 28,3 litr
  9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 27,2 litr
  10. Toshkent viloyati — 23,5 litr
  11. Sirdaryo viloyati — 22,2 litr
  12. Farg‘ona viloyati — 16,4 litr
  13. Jizzax viloyati — 15,3 litr
  14. Surxondaryo viloyati — 14,2 litr

Aksiya orqali yig‘ilgan donorlik qoni murakkab jarrohlik amaliyotlarini boshdan kechirayotgan bemorlar, og‘ir jarohat olgan fuqarolar, onkologik kasalliklar bilan kurashayotgan insonlar hamda qon quyishga muhtoj bemorlar hayotini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega. Shu bois, aksiya davomida yig‘ilgan qon zaxiralari tibbiyot muassasalarining ehtiyojmand bemorlarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

“Yuksalish” harakati “Biz — donormiz!” xayriya aksiyasida faol ishtirok etgan barcha yurtdoshlarimizga, hamkor tashkilotlarga, tibbiyot xodimlariga va ko‘ngillilarga samimiy minnatdorlik bildiradi.

Har bir topshirilgan qon ortida inson hayoti, oila umidi va jamiyatning mehrga tayangan kuchi turibdi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati