@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida Kontent yaratish markazi ochildi

 2026-05-20 11:33:37   |     Просмотров: 1370

19-may kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining yuridik fakultetida zamonaviy Kontent yaratish markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Markaz Yevropa Ittifoqi, Konrad Adenauer jamg‘armasi va “Yuksalish” harakati hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda inklyuziv jamoatchilik taraqqiyoti uchun fuqarolik jamiyati imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.

Tadbirda “Yuksalish” harakati ijrochi direktori Asqar Mamatxanov hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori Berdiyar Jollibekov ishtirok etib, mazkur tashabbusning yoshlar uchun ahamiyati, media savodxonlikni oshirish va sifatli kontent yaratish ko‘nikmalarini shakllantirishdagi o‘rni haqida fikr bildirdilar.

Kontent yaratish markazi yoshlarning media va raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish, feyk axborotlarga qarshi kurashish, axborotni tanqidiy tahlil qilish hamda zamonaviy kommunikatsiya vositalaridan samarali foydalanish salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Markaz, ayniqsa, yuridik ta’lim yo‘nalishidagi talabalar uchun huquqiy bilimlarni zamonaviy media formatlarda ommaga yetkazish bo‘yicha amaliy platforma vazifasini bajaradi.

Shuningdek, loyiha doirasida yuridik klinikalar faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan qator amaliy treninglar ham tashkil etilmoqda. Xususan, bugun Qarshi, Farg‘ona va Nukus shaharlaridagi yuridik klinikalarda “Ayollar huquqlari va gender zo‘ravonligiga qarshi kurash” mavzusida ikkinchi trening bo‘lib o‘tdi. Unda mahalliy ekspertlar va mahalla vakillari ishtirok etib, ayollarni himoya qilishning huquqiy mexanizmlari, jabrlanganlar bilan ishlashning amaliy yondashuvlari hamda gender zo‘ravonlik holatlarini oldini olish va ularga javob berish usullari muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun, dastur doirasida avval Qarshi va Farg‘ona shaharlaridagi yuridik texnikumlarda ham shunday Kontent yaratish markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati