@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

O‘zbekiston - Germaniya yosh siyosiy yetakchilari anjumani bo‘lib o‘tdi

 2026-05-13 17:44:34   |     Просмотров: 1175

13-may kuni Toshkent shahrida “O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar: zamonaviy hamkorlik va kelgusi taraqqiyotda yosh siyosiy rahbarlarning ahamiyati” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Yuksalish” harakati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Germaniyaning Konrad Adenauer jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.

Mazkur xalqaro muloqot O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, yangi avlod siyosatchilari o‘rtasida ochiq muloqotni rivojlantirish hamda raqamli transformatsiya sharoitida zamonaviy siyosiy kommunikatsiyalar bo‘yicha tajriba almashishni maqsad qildi. Tadbirda Germaniya Bundestagi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Yoshlar parlamenti vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov ochib berib, bugungi kunda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladi. Yosh siyosiy yetakchilar o‘rtasidagi bevosita muloqot, tajriba almashish va parlamentlararo hamkorlik demokratik islohotlarning izchilligini ta’minlashda muhim omil ekanini qayd etildi.

Davra suhbati davomida Germaniya Bundestagi a’zosi Yoxannes Folkmann yosh yetakchilarning xalqaro siyosiy jarayonlardagi roli va Germaniya–O‘zbekiston aloqalarining istiqbollari haqida ma’ruza qildi. Bundestag a’zosi Dastin Myuller esa texnologik transformatsiya davrida siyosiy yetakchilik, zamonaviy boshqaruv yondashuvlari hamda raqamli kommunikatsiya vositalarining ahamiyatiga to‘xtaldi.

Muloqot jarayonida raqamli asrda aholi bilan samarali muloqot olib borishning zamonaviy mexanizmlari, qonun ijodkorligi jarayonida yoshlar ishtirokini kengaytirish, ikki mamlakat yosh siyosiy yetakchilari o‘rtasida institutsional hamkorlikni kuchaytirish va almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar O‘zbekistonda yoshlar siyosati va parlamentarizmni yanada rivojlantirish, xalqaro tajribalarni amaliyotga joriy etish hamda yosh avlodning siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan takliflar yuzasidan fikr almashdilar.
 

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati