@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Farg‘ona yuridik texnikumida Kontent yaratish markazi ochildi

 2026-05-06 16:45:00   |     Просмотров: 1068

6-may kuni Farg‘ona shahridagi yuridik texnikumda zamonaviy Kontent yaratish markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tashabbus yoshlarning media savodxonligini oshirish, ularni tanqidiy fikrlashga o‘rgatish hamda fuqarolik jamiyatidagi faolligini kuchaytirishga qaratilgan muhim loyiha sifatida e’tirof etilmoqda. Markaz Yevropa Ittifoqi, Konrad Adenauer jamg‘armasi va “Yuksalish” harakati hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda inklyuziv jamoatchilik taraqqiyoti uchun fuqarolik jamiyati imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyiha uchun qariyb 6 ming yevro mablag‘ yo‘naltirilib, markaz zamonaviy texnika va jihozlar bilan ta’minlandi.

Markaz yoshlarning media va raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish, feyk axborotlarga qarshi kurashish hamda sifatli kontent yaratish salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Bu yerda yoshlar huquqiy va raqamli bilimlarini mustahkamlash bilan birga, atrof-muhit barqarorligi va gender tengligi kabi dolzarb mavzularda media materiallar tayyorlash bo‘yicha amaliy tajriba orttiradilar. Eslatib o‘tish joizki, loyiha doirasida 4-may kuni Qarshi shahridagi yuridik texnikumda ham shunday markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan Bobur Bekmurodov bugungi kunda dezinformatsiya va yolg‘on axborotlar oqimi kuchayib borayotganini ta’kidlab, bunday markazlar yoshlarni axborotni tahlil qilish va filtrlashga o‘rgatishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Shuningdek, Andre Algermissen ushbu tashabbusni yuqori baholab, markaz faoliyati uzoq muddat davomida samarali xizmat qilishiga ishonch bildirdi. Tadbir yakunida ishtirokchilar markaz yoshlarni yangi bilimlar olishga va ijtimoiy faollikka undovchi muhim platformaga aylanishini ta’kidladilar

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati