“Yuksalish” harakati va BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida “yo‘l xarita”si ishlab chiqiladi
O‘zaro hamkorlik va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama
qilish maqsadida “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxanov
BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer bilan uchrashdi.
Tomonlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari hamda “Yuksalish”
umummilliy harakatining faoliyat yo‘nalishlari bilan mosligi yaqin hamkorlik
aloqalarini o‘rnatishga xizmat qilishini ta’kidlashdi. Xususan, Harakatning xech
qanday siyosiy qarashlarga ega emasligi, unga ixtiyoriylik asosida a’zo bo‘lish
imkoniyati hamda joylarda ham tashkilot vakillarining faoliyat yuritishi
muhimligi uchrashuv davomida aytib o‘tildi.
Shuningdek, OAV vakillarini keng jalb qilgan holda joylarda jamoatchilik
monitoringi tadbirlarini o‘tkazish, amalga oshirilayotgan islohotlarni chekka
hududlarga ham o‘z vaqtida va eng asosiysi tushunarli tilda etib borishini
ta’minlash, yoshlarning iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlash hamda fuqarolik
jamiyati institutlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga
oshirish muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida “Yuksalish” umummilliy harakatining maqsad va
vazifalaridan kelib chiqqan holda, fuqarolarni qiynayotgan qator masalalarni
o‘rganish bo‘yicha ham ishlar olib borilishi mumkinligi aytildi. Jumladan, oziq-
ovqat xavfsizligini ta’minlash, xorijdagi mehnat migrantlari, yo‘l harakati
xavfsizligi va yo‘llarda avtotransportda harakatlanish madaniyatini oshirish
kabi yo‘nalishlarda ham dolzarb loyihalarni hayotga tadbiq etish ikki
tashkilotning ham qiziqishida ekanligi alohida ta’kidlandi.
Muzokaralar natijasida tomonlar “Yuksalish” umummilliy harakati va BMTning
O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish
bo‘yicha “yo‘l xarita”sini ishlab chiqishga kelishib oldilar.