O‘zbekistonning investitsiya samaradorligi bo‘yicha TOP-35 hokimlari
2025-yil natijalari bo‘yicha tahliliy reyting
“Yuksalish” harakati tomonidan ilk bor mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan tuman va shahar hokimlarining investitsiya samaradorligi bo‘yicha reyting shakllantirildi. Mazkur tashabbusning asosiy maqsadi — hududiy iqtisodiy rivojlanishda muhim rol o‘ynayotgan mahalliy rahbarlarning investitsiyalarni jalb qilish va ularni samarali o‘zlashtirish borasidagi faoliyatini keng jamoatchilikka ochiq va xolis tarzda taqdim etishdan iborat.
Ma’lumki, investitsiya faolligi hudud iqtisodiy o‘sishining asosiy drayverlaridan biri hisoblanadi. Aynan hokimliklar darajasida investorlar bilan ishlash sifati, loyihalarni amalga oshirish tezligi va iqtisodiy muhitning jozibadorligi shakllanadi.
Reyting qanday shakllantirildi?
Reyting 2025-yil yakunlari bo‘yicha quyidagi asosiy indikator va subindikatorlar asosida tuzildi:
1. Asosiy indikator:
- o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi — hududga jalb qilingan mablag‘larning amalda iqtisodiyotga tatbiq etilgan qismi.
2. Subindikatorlar:
- to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi;
- investitsiya hamkorlari geografiyasi;
- loyihalarning ishga tushirilish darajasi;
- investitsiyalarning tarmoqlar kesimidagi taqsimoti.
Mazkur yondashuv hududlarning nafaqat hajmiy, balki sifat jihatidan ham rivojlanishini baholash imkonini berdi.
Qanday ma’lumotlardan foydalanildi?
Tahlil jarayonida ochiq va ko‘p manbali ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Jumladan:
- Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hisobotlari;
- Savdo-sanoat palatasi materiallari;
- viloyat hokimliklarining rasmiy hisobotlari;
- ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi ochiq ma’lumotlar.
Ma’lumotlar o‘zaro solishtirilib, triangulyatsiya usuli orqali tekshirildi, bu esa yakuniy natijalarning ishonchliligini ta’minladi.
Tadqiqot qamrovi
Reyting O‘zbekistonning barcha viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tuman va shahar hokimliklarini qamrab oldi.
Biroq, Toshkent shahri reytingga kiritilmadi, chunki uning iqtisodiy va investitsiya muhiti boshqa hududlardan sezilarli darajada farq qiladi. Bu yondashuv hududlar o‘rtasida adolatli taqqoslashni ta’minlashga xizmat qildi.
Reyting natijalari: TOP-10 yetakchilar
2025-yil yakunlari bo‘yicha quyidagi hokimlar investitsiya samaradorligi bo‘yicha eng yuqori natijalarni qayd etdi:
- Qobil Hamdamov — Olmaliq shahri (835.2 mln doll.)
- Azamat Fayziyev — Nurota tumani (719.4 mln doll.)
- Anvar Baymuratov — Qorao‘zak tumani (593.2 mln doll.)
- Xurshid Tohirov — Qorako‘l tumani (581.5 mln doll.)
- Bekzad Madaminov — Qo‘ng‘irot tumani (580.7 mln doll.)
- Boburjon Yuldashev — Andijon tumani (548.5 mln doll.)
- Dilmurod Ergashev — Navoiy shahri (507.0 mln doll.)
- Anvar Tadjimirzayev — Davlatobod tumani (458.5 mln doll.)
- Uskenbay Atemov — Yuqori Chirchiq tumani (435.2 mln doll.)
- Qosim Mardonov — Angor tumani (434.7 mln doll.)
Xulosa
2025-yil natijalari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda hududiy investitsiya faolligi barqaror o‘sish tendensiyasiga ega. Mahalliy boshqaruv organlarining tashabbuskorligi, investorlar bilan ishlash sifati va loyihalarni amalga oshirish samaradorligi hududlar rivojida hal qiluvchi omil bo‘lib bormoqda.
“Yuksalish” harakati ushbu reyting orqali hududlar o‘rtasida sog‘lom raqobatni rag‘batlantirish, samarali boshqaruv amaliyotlarini ommalashtirish, investorlarga ochiq va ishonchli axborot taqdim etish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni maqsad qilgan. Kelgusida ham mazkur reyting an’anaviy tarzda e’lon qilinib, hududiy boshqaruv samaradorligini baholash va rivojlantirishga xizmat qiladi.
“Yuksalish” harakati matbuot xizmati