Markaziy Osiyo – 2030: yangi mintaqaviy arxitektura sari
Bugungi kunda, avvalo, Markaziy Osiyo davlatlari ekspert hamjamiyati hali mintaqada ro‘y berayotgan chuqur jarayon va tendensiyalarni to‘liq anglab ulgurgani yo‘q. Transformatsiya jarayonlari shunchalik tez kechmoqdaki, hatto mintaqadan tashqarida ham hali bu o‘zgarishlarning asl mohiyati to‘liq tushunilmagan. Aslida esa bugungi Markaziy Osiyo — bu endi “kecha” ham emas, hatto “bugun” ham emas, balki allaqachon “ertangi kun”dir.
Markaziy Osiyo yangi mintaqaviy arxitekturani shakllantirmoqda va u, shubhasiz, global miqyosda shakllanayotgan yangi dunyo tartibiga hamohang bo‘ladi.
Mintaqadagi tarkibiy o‘zgarishlarning boshlanish nuqtasi sifatida 2017-yil alohida ahamiyat kasb etadi. Aynan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi” formati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu formatdagi ilk uchrashuv 2018-yilda Ostona shahrida bo‘lib o‘tdi. Byurokratik va ortiqcha protokollardan xoli bo‘lgan ushbu yangi yondashuv mintaqadagi transformatsiya jarayonlarini tez, samarali va natijador kechishiga xizmat qildi.
Xo‘janddagi tarixiy burilish: kelajakka yo‘l ochgan “tutash nuqta”
2025-yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi bo‘yicha shartnomaning imzolanishi tarixiy voqea bo‘ldi. Bu qaror asrlar davom etgan muammolarga yakuniy nuqta qo‘ydi.
Nega bu muhim? Chunki tutash nuqta oddiy geografik koordinata emas. Bu — ishonch va birodarlik ramzi. Endilikda mintaqa davlatlari o‘tmishdagi o‘zaro e’tirozlar bilan yashamayapti, balki kelajakka qarab dadil qadam tashlamoqda. Bugun besh davlat — alohida-alohida yo‘nalishda harakat qilayotgan kuch emas, balki yagona mushtga birlashgan kuchdir.
Iqtisodiyot: yagona mintaqaviy brend sari
Iqtisodiyot qachon samarali ishlaydi? Avvalo siyosiy masalalar hal etilganda. Shunda iqtisodiy qonuniyatlar tabiiy ravishda ishga tushadi.
Bugungi kun talabi — yagona mintaqaviy iqtisodiy makonni shakllantirishdir. Buning yorqin misoli — sanoat kooperatsiyasi. Ya’ni mahsulotlarni raqobatchi sifatida emas, balki hamkor sifatida birgalikda ishlab chiqarish.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari bu borada butun mintaqa uchun namuna bo‘la oladi. Kelajakda esa yagona “Markaziy Osiyo brendi” ostida qo‘shma mahsulotlar ishlab chiqarish yangi bosqichni boshlab beradi.
Suv: mintaqaning hayot tomiri
Suv — bu mintaqaning besh davlati uchun hayot tomiri. U hech qachon oddiy tovar sifatida qaralmasligi kerak.
Bu masala murakkab, unda hissiyot va subyektiv yondashuvlar ham mavjud. Mutaxassislarning hisob-kitoblari turlicha bo‘lishi mumkin. Ammo so‘nggi yillar tajribasi shuni ko‘rsatdiki, mintaqa davlatlari rahbarlari bir-birini eshitishni o‘rgandi va muvozanatli qarorlar qabul qilmoqda.
Aynan davlat rahbarlari darajasida bu muammolarni hal etish mumkin. Chunki ular uzoq muddatli istiqbolni aniqroq ko‘ra oladi.
Mintaqaviy subyektlik: yangi model sari
Bugungi kunda mintaqa “C5+1” formatidan tobora chiqib, yangi bosqich — “Markaziy Osiyo plyus” formatiga o‘tmoqda. Bu esa mintaqaning mustaqil geosiyosiy subyekt sifatida shakllanayotganidan dalolat beradi.
Yevropa Ittifoqi modeli — parlament va hukumat kabi ustun millatlararo institutlarga asoslangan tizim — Markaziy Osiyo uchun mos emas. Bu yerda har bir davlat uchun mustaqillik va suverenitet muqaddas qadriyat hisoblanadi.
Shu bois eng maqbul yo‘l — ikki tomonlama munosabatlarni barcha davlatlar o‘rtasida ittifoqchilik darajasiga olib chiqishdir. Bu yondashuv umumiy mintaqaviy masalalarni millatlararo institutlarsiz hal qilish imkonini beradi.
Maslahat uchrashuvlarida qarorlar qabul qilinadi, hukumatlar esa ularni amalga oshiradi. Bularning barchasi o‘zaro ishonch va ochiqlikka asoslangan. Bu — jahon amaliyotida deyarli uchramaydigan yangi integratsiya modelidir.
Kelajak manzarasi: 2030 yil — yangi Markaziy Osiyo
Mintaqadagi “turbulentlik” davri va to‘plangan energiya chiqishi jarayoni 2030 yilga borib yakunlanadi. Shundan so‘ng barqarorlik va izchil rivojlanish bosqichi boshlanadi.
Markaziy Osiyo 2030-yilga kelib to‘liq shakllangan yagona mintaqa sifatida namoyon bo‘ladi.
Bugungi jarayonlar mintaqa uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Yevrosiyoning markazida joylashgan hudud, aholining tez o‘sib borayotgani (yaqin istiqbolda 100 million kishiga yetishi), boy tabiiy resurslar — bularning barchasi Markaziy Osiyoga global e’tiborni kuchaytirmoqda.
Yangi Markaziy Osiyo — bu mintaqaviy diplomatik xab. Yangi Markaziy Osiyo — bu transport va logistika markazi.
Kelajakda mintaqa barqarorlik, tinchlik va xavfsizlik hududi sifatida e’tirof etiladi. Hatto uzoq istiqbolda Markaziy Osiyo neytral mintaqa maqomini ham qo‘lga kiritishi mumkin.
Shubhasiz, Markaziy Osiyo yangi global arxitekturaning muhim yo‘nalishlarini belgilovchi markazlardan biriga aylanadi.
Viktor Kim
Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi Falsafa va siyosatshunoslik instituti ilmiy xodimi
Material IA “Dunyo” agentligining Viktor Kim bilan o‘tkazgan intervyusi asosida tayyorlandi:
https://youtu.be/mkQWw6A9F_k?si=P0UhsOyo-FtM6TOW