@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

MARKAZIY OSIYO EKOLOGLARI VA EKO-FAOLLARI FORUMI O‘TKAZILDI

 2026-04-09 15:17:35   |     Просмотров: 1288

2026-yil 8-aprel kuni Toshkent shahrida “Atrof-muhitni muhofaza qilishning huquqiy mexanizmlari” mavzusiga bag‘ishlangan Markaziy Osiyo ekologlari va eko-faollari forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Yuksalish” harakati va Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) tomonidan gibrid formatda tashkil etildi.

Forumda ekologiya sohasidagi huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha davlat siyosati, shuningdek, fuqarolik jamiyati va ekspertlar hamkorligini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirning ochilish qismida “Yuksalish” harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi qo‘mita raisi Bobur Bekmurodov, O`zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo`mitasi Abdushukur Hamzayev hamda Green University rektori Baxtiyor Po‘latov kirish so‘zlari bilan ishtirok etdilar. Ular ekologik barqarorlikni ta’minlash, atrof-muhitni huquqiy jihatdan himoya qilish hamda jamoatchilik ishtirokini kengaytirishning dolzarb ahamiyatini ta’kidladilar.

Shundan so’ng, panel sessiyasi doirasida O‘zbekiston va Qozog‘istondan yetakchi ekspertlar ekologik siyosat, huquqni qo‘llash amaliyoti, “yashil” shaharlar rivoji hamda jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish mexanizmlari bo‘yicha o‘z ma’ruzalarini taqdim etdilar.

Shuningdek, Qozog‘istonlik mutaxassislar tomonidan ekologik qarorlar qabul qilishda jamoatchilik ishtiroki, shahar ekologiyasi, havo sifati va eko-startaplarni rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashildi.

Ikkinchi sessiyada ekologik huquqbuzarliklar, fuqarolarning ekologik huquqlarini himoya qilish, sud amaliyoti hamda ekologik investitsiyalarni rivojlantirish kabi masalalar bo‘yicha amaliy misollar asosida tahlillar taqdim etildi.

Forum davomida ishtirokchilar o‘rtasida keng muhokamalar o‘tkazildi, ekologik muammolarni hal etishda huquqiy mexanizmlarni kuchaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Yakuniy qismda forum rezolyutsiyasi loyihasi taqdim etilib, ekologiya sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan tavsiyalar ilgari surildi. Shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilishga hissa qo‘shgan eko-faollar va ko‘ngillilar taqdirlandi.

Tadbir yakunida forum ishtirokchilari ekologik sohadagi hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelgusidagi ishlar yuzasidan kelishuvga erishdilar.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati