Davlat-xususiy sheriklik loyihalarining jamoatchilik monitoringi bo‘yicha trening o'tkazildi
2026 yil 24-25- mart kunlari Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahrida “Yuksalish” harakati tomonidan Davlat-xususiy sheriklik (DХSH) loyihalarining jamoatchilik monitoringi masalalariga bag‘ishlangan trening va amaliy monitoring tadbiri tashkil etildi.
Mazkur tadbir Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, hamdo‘stlik va taraqqiyot masalalari bo‘yicha vazirligi (FCDO) ko‘magida hamda Qirg‘izistonning “Siyosatni rivojlantirish instituti” (IPR) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Hukumatlarning iqtisodiy siyosatdagi shaffofligi va hisobdorligini kuchaytirish” loyihasi doirasida o‘tkazildi.
Tadbirda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, fuqarolik faollari, Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmasi xodimlari hamda soha ekspertlaridan iborat 20 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi
Trening mashg‘ulotlari Muxriddin Fayzullaev, Shohjahon Elmurodov va Botir Mardayev tomonidan olib borildi.
Tadbirning asosiy maqsadi DХSH loyihalarining sifati va aholi uchun samaradorligini baholash bo‘yicha ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, shaffoflik va ijtimoiy ta’sirni tahlil qilish metodikalarini o‘rgatish, shuningdek, davlat, investorlar va aholi o‘rtasidagi muloqot mexanizmlarini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbirning birinchi kuni ishtirokchilar nazariy bilimlarni o‘zlashtirib, baholash chek-varaqlari va monitoring instrumentlari bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egalladilar. Keyingi kunda esa ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, Qarshi shahridagi 4 ta amaldagi DХSH ob’ektida amaliy monitoringini amalga oshirdilar. Jarayon davomida kuzatuv ishlari olib borildi, aholi va ob’ekt ma’muriyati vakillari bilan suhbatlar o‘tkazildi, loyihalarning real holati o‘rganildi.