@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Ekspertlar sinov tariqasida tanlab olingan NNT va jamoat kengashlari faoliyatini o‘rganmoqdalar

 2019-07-10 19:45:00   |     Просмотров: 4314

“Innovatsiyalar uchun hamkorlik” dasturi doirasida sinov tariqasida tanlab olingan NNTlar va davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash boshlandi. Jumladan, joriy yilning 8–9 iyul kunlari mutaxassislar Toshkent shahri hokimiyati huzuridagi jamoatchilik kengashi, “Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish” markazi NNT, shuningdek Sirdaryo viloyatidagi “Mehr” NNT vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.


“Yuksalish” umummilliy harakati, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi (Qozog‘iston) vakillari hamda mahalliy ekspertlardan iborat ishchi guruh joylarda jamoatchilik kengashlari va NNTlar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Jumladan, Toshkent shahri hokimiyati huzuridagi jamoatchilik kengashi ijro apparati vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida ishlarning qay darajada yo‘lga qo‘yilganligi, amalga oshirilgan loyihalari, kengash a’zolari tarkibi, unga a’zo bo‘lish tartiblari kabi masalalar o‘rganildi.


Ta’kidlanishicha, jamoatchilik kengashi tomonidan bugungi kunga qadar qator muvaffaqiyatli loyihalar amalga oshirilgan. Jumladan, fuqarolar uchun bepul madaniy dasturlarni tashkil etish, veloyo‘laklar ajratish, daraxtlarning kesilishini oldini olish tadbirlari, Toshkent shahrining 2025 yilgacha rivojlanish strategiyasi konsepsiyasi ishlab chiqildi. Shuningdek, kengashda 12 ta ekspertlik guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, ular hokimiyat faoliyatida yaqindan ko‘maklashib kelmoqda. 
O‘rganishlar natijalariga ko‘ra, tashkilotchilar tomonidan Toshkent shahri hokimiyati huzuridagi jamoatchilik kengashining uzoq muddatli rejalashtirish strategiyasini ishlab chiqishga ko‘maklashish, jamoatchilik eshituvlar hamda treninglar tashkil etish, shuningdek faoliyatni rivojlantirish qaratilgan grant mablag‘lari taqdim etiladigan bo‘ldi. Bundan tashqari, kengash faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqiladigan tavsiyalar shaxsan Toshkent shahar hokimiga taqdim etishga kelishib olindi.
Uchrashuvda bugungi kunda jamoatchilik kengashlari faoliyatni yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflar, xususan davlat organlari va kengash vazifalarini yanada aniqlashtirish lozimligi aytib o‘tildi. Ishchi guruh a’zolari, o‘z navbatida bu va o‘rganishlar davomida aniqlanadigan boshqa barcha masalalarni joriy yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Jamoatchilik kengashlari forumida muhokama qilinishi bildirdilar. 


Shuningdek, mutaxassislar guruhi Toshkent shahridagi Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish” markazi hamda Sirdaryo viloyatidagi “Mehr” NNTlarga tashrif buyurib, ularning faoliyati yaqindan o‘rganildi. Jumladan, tashkilotlarning boshqaruv va strategik menejmenti, moliyaviy barqarorligi, inson va moddiy resurslar, buxgalteriya hisobi, grantlar va moliyaviy boshqaruv va boshqa shu kabi yo‘nalishlarda diagnostika qilindi.