@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Top-20: 35 yoshgacha bo‘lgan tadbirkorlar reytingi

 2025-12-15 13:11:35   |     Просмотров: 5732

O‘zbekistonda biznes sohasi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar va imtiyozlar natijasida yosh tadbirkorlar soni ortmoqda.

Jumladan, 2025-2027-yillarga mo‘ljallangan “Yoshlar biznesi” dasturi, “Biznesga birinchi qadam”, “Yoshlar uchun ish o‘rinlari” loyihalari doirasida yosh tadbirkorlar faoliyatini imtiyozli moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlash ishlari amalga oshirilmoqda.

2025-yil 1-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 284 110 taga yetdi. So‘nggi bir yilda YaTTni ro‘yxatdan o‘tkazgan ayollar soni qariyb 18 ming nafarga ko‘paydi. O‘zbekistondagi 261 ta yosh tadbirkorning yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshdi. Kichik va o‘rta biznes subyektlari soni besh yilda 2 barobar ko‘paydi.

“Yuksalish" harakati tomonidan Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi 35 yoshgacha bo‘lgan muvaffaqiyatli yosh tadbirkorlar reytingi tuzildi.

Ushbu reyting mamlakatimizdagi yosh tadbirkorlarni aniqlash, ragʻbatlantirish va ularga koʻmak berish boʻyicha strategik qarorlar qabul qilishda muhim maʼlumotlar bazasini shakllantirish, O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qoʻshayotgan yosh yetakchilarni jamiyatga tanitish, yoshlarda tadbirkorlikka boʻlgan qiziqishni oshirish va ularni oʻz biznesini boshlashga undash nuqtayi nazaridan ahamiyatlidir.

Reyting bir nechta bosqich asosida shakllantirilgan boʻlib, birinchi bosqichda, mamlakatda 100 nafar 35 yoshgacha boʻlgan yosh tadbirkorlar roʻyxati ekspertlar va tadbirkorlar tavsiyasi hamda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi maqolalar, biznes reytinglari, mukofotlarni tahlil qilish asosida shaklllantirildi. Bunda nomzodlarning media va ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi, shaxsiy obro‘si, jamoatchilik fikri va ishbilarmonlik muhitiga ta’siri, mahsulot yoki xizmatning innovatsiyaviyligi, tadbirkorlar faoliyatining hudud, mamlakat imijiga ijobiy taʼsiri, erishayotgan yutuqlari, biznesning ijtimoiy masʼuliyati kabi masalalar hisobga olindi.

Ikkinchi bosqichda, “Yuksalish” harakati tomonidan ishlab chiqilgan mezonlar asosida ekspertlik baholash yoʻli bilan 20 kishidan iborat yakuniy roʻyxat shakllantirildi. Umumiy – 100 ball.

Ovoz berish jarayoni quyidagi mezonlar asosida amalga oshirildi:

1. Faoliyatida innovatsion g‘oyalar va yechimlar darajasi – 20 ball.

2. Iqtisodiy natijalar, daromad, foyda, ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiy o‘sishga qo‘shgan hissasi – 20 ball.

3. Faoliyatining davomiyligi va barqarorligi – 15 ball.

4. Raqobatbardoshlik, mahsulot yoki xizmatning sifati, marketing strategiyasi – 15 ball.

5. Jamiyatga, atrof-muhitga va iqtisodiyotga bo‘lgan ijtimoiy mas'uliyati, ijtimoiy loyihalar, xayriya ishlari va mahalliy jamoalarga yordam ko‘rsatishi – 10 ball.

6. Jamiyatdagi obro‘si va uning faoliyatiga bo‘lgan ijobiy munosabat – 10 ball.

7. Yosh tadbirkorlarning tadbirkorlik madaniyatini rivojlantirishdagi roli, yangi g‘oyalarni ilgari surishi, media va ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi va boshqa yosh tadbirkorlarga mentorlik qilishdagi faolligi – 10 ball.

Top-20 talikka kirgan tadbirkorlar orasida mamlakatda reklama va brending bozori sifat standartlarini oshirgan, qator nufuzli tanlovlarda g‘olib bo‘lgan Sintez agency asoschisi Alina Mirzayeva, 525 mlrd so‘m ustav kapitaliga ega United Ventures venchur fondi rahbari Azizbek Qurbanov, raqamli yechimlar bilan qishloq xoʻjaligi sohasida innovatsiyalarni tatbiq etayotgan Agro Food Gastro AJ rahbari Bekzod Ahmedov, ingliz tili ta’limi bozoridagi eng yirik xususiy o‘yinchilardan biri — Cambridge o‘quv markazlari tarmogʻi asoschisi Jahongir Po‘latov va boshqalar bor.