@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Nyu-Yorkdagi C5+1 sammiti: iqtisodiyot, investitsiya va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar

 2025-11-10 12:54:50   |     Просмотров: 1250

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va AQSh Prezidentining Nyu-Yorkdagi uchrashuvi — bu, mubolag‘asiz, tarixiy voqeadir. “C5+1” formati yaratilganiga qariyb sakkiz yil bo‘lishiga qaramay, ilk bor muloqot eng yuqori — prezidentlar darajasiga chiqdi. Bu shunchaki rasmiy uchrashuv emas, balki mintaqamizning global maydondagi o‘rni sifat jihatidan o‘zgarayotganiga ishoradir.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va taraqqiyot jarayonlarini kuzatib boruvchi fuqarolik jamiyati instituti sifatida “Yuksalish” harakati uchun bu voqea pragmatizm va milliy manfaatlar prizmasidan baholanadi.

Birinchidan, Markaziy Osiyo xalqaro munosabatlarda mustaqil subyekt sifatida to‘liq tarzda shakllandi. Endi bu hudud yirik geosiyosiy markazlar orasidagi “bo‘shliq” sifatida emas, o‘z pozitsiyasiga ega mintaqa sifatida qaralmoqda. Bugun Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari mintaqaviy va global kun tartibidagi muhim masalalar bo‘yicha yagona, uyg‘un pozitsiyada ekaniga guvoh bo‘lyapmiz. AQSh bilan muloqotni mustahkamlash — bu “tomon tanlash” emas, balki har bir davlat suverenitetini mustahkamlash va sheriklikni diversifikatsiya qilishga qaratilgan ko‘p yo‘nalishli tashqi siyosatning mantiqiy davomidir.

Ikkinchidan, muloqotning e’tibori umumiy bayonotlardan aniq loyihalarga o‘tayapti. Agar ilgari “C5+1” uchrashuvlarida xavfsizlik yoki siyosiy masalalar ustun bo‘lgan bo‘lsa, bugun asosiy diqqat iqtisodiyot, investitsiyalar va mintaqalararo bog‘liqlikka qaratilmoqda. O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar uchun bu — hayotiy ahamiyatga ega yo‘nalishlar. Gap AQSh sarmoyalari va texnologiyalarini “yashil energetika”, raqamli iqtisodiyot, transport va logistika (jumladan, “O‘rta koridor”ni rivojlantirish) sohalariga jalb etish haqida ketmoqda. Aynan mana shunday loyihalar ish o‘rinlarini yaratadi va fuqarolarning farovonligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Uchinchidan, bu — inson kapitalini rivojlantirishdagi hamkorlikdir. AQSh ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida dunyoda yetakchi mamlakatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish — bizning eng katta boyligimiz, ya’ni yoshlarimizga kiritilgan sarmoyadir. Ta’lim dasturlarini kengaytirish, malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha tajriba almashish, startaplarga ko‘mak berish — bularning barchasi mintaqamizin barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Fuqarolik jamiyati vakillari sifatida biz ishonamizki, oliy darajadagi muloqot nafaqat hukumatlararo, balki insonlararo aloqalar uchun ham yangi imkoniyatlar ochadi. Qonun ustuvorligi, shaffoflik va samarali davlat boshqaruvisiz muvaffaqiyatli iqtisodiy hamkorlikka erishib bo‘lmaydi. Aynan mana shu tamoyillar investitsiya uchun qulay muhit yaratishning kafolatidir. Shu bois, biz “C5+1” doirasidagi hamkorlik fuqarolarning huquqlarini himoya qiluvchi va hokimiyat hisobdorligini ta’minlovchi institutlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga umid qilamiz.

Vashingtondagi sammit — bu yangi, yanada yetuk bosqichning boshlanishidir. Uning haqiqiy muvaffaqiyati imzolangan memorandumlar soni bilan emas, balki Markaziy Osiyoning 70 milliondan ortiq aholisi uchun sezilarli, amaliy natijalar bilan o‘lchanadi.

Umid Rajabov, “Yuksalish” harakati rais o‘rinbosari