@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Internet va bolalar ruhiyati: so‘rovnoma natijalari

 2025-09-16 10:59:41   |     Просмотров: 1061

Zamonaviy dunyoda internet va raqamli texnologiyalar nafaqat kattalar, balki bolalar hayotining ham ajralmas qismiga aylandi. Bolalar va o‘smirlarning ijtimoiylashuvi, dunyoqarashi va xatti-harakatlariga internetning ta’sirini aniqlash maqsadida “Yuksalish” harakati tomonidan “Intеrnеtning bolalar ijtimoiylashuviga ta’siri” mavzusida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazildi.

So‘rovnomada jami 1935 nafar ota-ona ishtirok etdi. Ulardan 58% ayollar va 42% erkaklarni tashkil etadi. Respondentlarning 56% shaharda, 44% esa qishloqda yashaydi. 

So‘rovnomada keng yosh qamrovidagi respondentlar qatnashgan. 18-25 yoshdagilar 16%, 26-35 yoshdagilar 33%, 36-45 yoshdagilar 35% va 46 yoshdan kattalar 16%ni tashkil etadi. So‘rovnomada qatnashgan ota-onalar farzandlarining yosh diapazoni quyidagicha: 13-18 yosh - 40%, 7-12 yosh - 40% va 0-6 yoshgacha 34%.

  1. Bolalarning kundalik internet/telefondan foydalanish vaqti

Respondentlarning eng ko‘p qismi, ya'ni 36% farzandlari kuniga 1 soatgacha va 31% 1-3 soat internet/telefondan foydalanishini bildirgan. Bu ko‘rsatkich, umumiy olganda, ijobiy holat bo‘lib, bolalarning virtual olamga haddan tashqari berilib ketmasligidan dalolat beradi. 11% ishtirokchi farzandlarining 4-6 soat, 7% esa 6 soatdan ortiq internet/telefondan foydalanishini qayd etgan. Bu ko‘rsatkichlar, ayniqsa, "6 soatdan ortiq" holati, internet qaramligi xavfi mavjudligidan va bolalarning jismoniy hamda ruhiy salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkinligidan darak beradi. 9% farzandlari internetdan umuman foydalanmasligini ma'lum qilgan. Bu qishloq joylari yoki ma'lum bir yosh guruhlari uchun xosdir. 6% respondent farzandlarining internetdan foydalanish vaqtini bilmasligini ma’lum qilgan. Bu holat ota-onalar farzandlarining onlayn faoliyatini yetarlicha nazorat qilmasligi yoki bu masalaga jiddiy e'tibor bermasligi ehtimolidan dalolat beradi.

  1. Internetdan foydalanish sabablari

So‘rovnomada ishtirok etgan respondentlarning 64% farzandlari internetdan asosan dars qilish va ta'lim olish maqsadida foydalanishini ta'kidlagan. Bu ko‘rsatkich internetning O‘zbekistonda ta'lim resursi sifatida muhim rol o‘ynayotgani va ota-onalar farzandlarining bilim olishida uni muhim deb bilishini ko‘rsatadi. Respondentlarning 16% - YouTube/Video ko‘rish, 12.5% - ijtimoiy tarmoqlarda doʻstlari bilan gaplashish,  12% - Onlayn o‘yin o‘ynash, 10% - ishlar bilan band bo‘lganimda xalaqit bermasligi va 20% boshqa sabablarni korsatgan.

“O‘z ishlaringizdan chalg‘itmasligi uchun bolaga telefon o‘ynashga ruxsat berasizmi?” degan savolga respondentlarning 73% rad javobini bergan, 27% esa ruxsat berishini bildirgan.

          Respondentlarning 61% farzandlarining internet faoliyatini muntazam nazorat qilishi va ota-ona nazoratini o‘rnatganligini ta'kidlagan. Bu ijobiy ko‘rsatkich bo‘lib, ko‘pchilik ota-onalar farzandlarining onlayn xavfsizligi va ularning internetdan to‘g‘ri foydalanishi haqida qayg‘urayotganini ko‘rsatadi. Respondentlarning uchdan bir qismi, ya’ni 29% nazoratni ba'zan amalga oshirishini, 8% deyarli nazorat qilmasligi va 2% umuman nazorat qilmasligini bildirdi.

Internet va telefon bilan bog‘liq muammolar

Telefon/internet sababli ota-ona farzandida qanday muammolarni kuzatgani haqidagi savolga respondentlarning aksariyati quyidagicha javob bergan:

  • Vaqtni bekorga o‘tkazishi - 35%
  • Salomatlikka ta'sir (ko‘z, uyqu, ruhiyat) va kun tartibining buzilishi - 30%
  • Muammoga duch kelmaganman - 25%

Shuningdek, texnologiyalarga qaramlik - 14%, noxush kontentga duch kelish - 14%, ijtimoiy ko‘nikmalarning pasayishi - 8%, notanish odamlar bilan muloqot qilish - 9%, nazoratning yetishmasligi - 7.5%, kiberbulling - 7%, shaxsiy xavfsizlikni yo‘qotish - 6% va 11% - boshqa muammolar qayd etilgan.

4. Internetning bolalar xulq-atvoriga ta'siri

Respondentlarning 61% telefon/internet sababli farzandlari xulq-atvorida o‘zgarishlarni sezmagan, 9% bilmasligini qayd etgan. 30% esa farzandlarida o‘zgarishlarni kuzatgan. Ushbu o‘zgarishlar orasida eng ko‘p belgilanganlari bu asabiylik va tez jaxl chiqishi – 21%, diqqatni jamlay olmaslik – 8%, muloqotdan qochish – 7% va gadjetdan foydalanish taqiqlanganda jazavaga tushish - 6%, yolg‘onchilikka moyillik va ota-onani aldash – 4% va 4% - g‘alati imo-ishora va qiliqlar qilishi kabi holatlarni qayd etgan. Bu ma'lumotlar, internetning bolalar psixologiyasi va xatti-harakatlariga salbiy ta'sir ko‘rsatish xavfini tasdiqlaydi va bu masalaga e'tibor qaratish zarurligini anglatadi.  

4. Internet bilan bog‘liq muammolarga qarshi tavsiya etilgan choralar

Respondentlar internetdan foydalanish bilan bog‘liq muammolarni hal etishda eng samarali yechim sifatida ota-onalarning faol ishtiroki, farzandlar bilan ochiq muloqot va ularga ko‘proq e'tibor qaratish (49%) hamda internetdan foydalanish vaqtini cheklash (43%)ni ko‘rsatgan. Shuningdek, qiziqarli oflayn mashg‘ulotlar taklif qilish (30%) va texnologik yechimlardan (parental control) foydalanish (23%), maktab/jamoatchilik orqali targ‘ibot ishlari (16%) ham muhim hisoblanadi. Muammolarni hal etishda ko‘p qirrali yondashuv zarur bo‘lib, nafaqat cheklovlar, balki oilaviy muloqotni kuchaytirish, bolalarning onlayn va oflayn hayotini muvozanatlashtirish hamda ularga to‘g‘ri yo‘nalish berish muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Xulosa va tavsiyalar

Yuqoridagilarni inobatga olib, "Yuksalish" harakati maktab dasturlariga "raqamli gigiyena" va intеrnеt хavfsizligi bo‘yicha mashg‘ulotlarni kiritish, maktab psiхologlari uchun intеrnеtga qaramlik va kibеrbulling masalalari bo‘yicha bolalar bilan ishlash metodikalarini ishlab chiqish, ota-onalar bilan bu yo‘nalishda ishlash uchun davlat grantlarini e’lon qilish kabi masalalarni nazarda tutuvchi Hukumat va mahalliy dasturlar ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq dеb hisoblaydi.

Shu bilan birga, Harakat ota-onalarni bolalarning gadjеtlar va intеrnеtdagi faoliyatini qat’iy nazorat qilishga, ularga хavflarni tushuntirib borishga chaqiradi.