Jamoat kengashlari faoliyatining ochiqligi bo‘yicha monitoring o‘tkazildi
"Yuksalish" harakati davlat organlari huzuridagi ayrim jamoatchilik kengashlari faoliyatining ochiqligiga oid monitoring o‘tkazdi.
Asos: 2018-yil 4-iyuldagi “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3837-sonli qaror.
Qarorda belgilangan:
- davlat organining rasmiy veb-saytida jamoatchilik kengashi faoliyati bilan bog‘liq ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni joylashtirib borish hamda ularning har chorakda yangilanib borilishini ta’minlash;
- Jamoatchilik kengashining tasdiqlangan a’zolari haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, ularning aloqa ma’lumotlari (telefon, pochta va elektron manzillari) va ularga kiritilgan o‘zgartishlar ular tasdiqlangan paytdan boshlab 5 kun ichida davlat organining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi shart.
Davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari (JK) faoliyatining samaradorligini baholash uchun "Yuksalish" harakati viloyatlar hokimliklari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi rasmiy veb-saytlarida ularning faoliyati yoritilishi bo‘yicha monitoring o‘tkazdi.
Monitoring maqsadi — fuqarolar va fuqarolik jamiyati uchun ma’lumotlarning qay darajada ochiq va dolzarbligini aniqlash.
Qamrov davri: 2024-yil avgustidan 2025-yil avgustigacha.
Veb-saytlarning sifatli ma’lumotlar bilan to‘ldirilganiga doir tahlil har yili avgust–sentyabr oylarida amalga oshiriladi va shu mezon asosida reyting ham tuziladi.
Tahlil sanasi: 2025-yil 26-avgust holatiga ko‘ra.
Baholash mezonlari
Monitoring shaffoflik va ochiqlik tamoyillariga asoslangan bir nechta asosiy mezonlar bo‘yicha o‘tkazildi:
- Asosiy ma’lumotlarning mavjudligi: nizom, tarkib, JK aloqalari.
- Asosiy hujjatlarning e’lon qilinishi: rejalar, yig‘ilish bayonnomalari, hisobotlar.
- Tadbirlar bo‘yicha foto va video materiallarning mavjudligi.
- OAVda JK faoliyatiga doir e’lonlar.
- Ma’lumotlarning muntazam yangilab borilishi.
Ishlab chiqilgan metodologiyaga muvofiq, jamoatchilik kengashlari faoliyatiga oid ma’lumotlar tashkilotning veb-saytida muntazam ravishda aks ettirilishi zarur (har chorakda 1 marta). Monitoring yil davomida, avgust–sentabr oylarida muntazam asosda o‘tkazilishi mumkin va samaradorlik quyidagi bir nechta mezon asosida baholanadi, masalan:
|
Mezon |
Tavsifi |
Ball |
|
1-mezon |
Asosiy ma’lumotlarning mavjudligi va to‘liqligi (tarkib, kontakt ma’lumotlar, JK nizomi). |
1 ball |
|
2-mezon |
Ma’lumotlarning muntazam yangilanib borilishi (yangiliklar, e’lonlar). |
1 ball |
|
3-mezon |
Asosiy hujjatlarning e’lon qilinishi (rejalar, bayonnomalar, hisobotlar). |
1 ball |
|
4-mezon |
Jamoatchilik kengashlari faoliyatiga oid foto va video materiallarning mavjudligi. |
1 ball |
|
5-mezon |
OAVda e’lon qilingan materiallar. |
1 ball |
Shunday qilib, jamoatchilik kengashlari faoliyati haqidagi ma’lumotlarning mavjudligi nuqtayi nazaridan 14 ta tashkilotning saytlarida o‘rganish olib borildi.
Monitoring nimani ko‘rsatdi?
Tahlil yakunlari asosida hududlar uch guruhga ajratildi:
Yuqori darajadagi shaffoflik: Jamoatchilik kengashlari faoliyati haqida ma’lumot to‘liq hajmda taqdim etilgan va muntazam yangilanib borilgan saytlar, ball miqdori: 4–5.
Yuqori ball to‘plaganlar:
Qashqadaryo va Xorazm viloyat hokimliklari jamoatchilik kengashlari faoliyatini yoritganligi uchun 4 balldan oldi.


Qisman shaffoflik: asosiy ma’lumotlar mavjud, biroq asosiy hujjat va hisobotlar bo‘lmagan saytlar. Ball miqdori: 2–3.




Past darajadagi shaffoflik: Jamoatchilik kengashlari faoliyati haqidagi ma’lumotlar mavjud emas yoki juda kam taqdim etilgan saytlar. Ball miqdori: 0–1.
Bular:
- Andijon viloyat hokimligi
- Buxoro viloyat hokimligi
- Jizzax viloyat hokimligi
- Namangan viloyat hokimligi
- Sirdaryo viloyat hokimligi
- Farg‘ona viloyat hokimligi
- Toshkent shahar hokimligi
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi
Masalan: Namangan viloyati hokimligi huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyati haqidagi ma’lumotlar 2022-yildan buyon yangilanmagan. Farg‘ona viloyati hokimligi saytida esa faqat jamoatchilik kengashi a’zolari ro‘yxati berilgan, boshqa bo‘limlar mavjud bo‘lsa-da, ularda ma’lumot yo‘q.
Davlat organlari, xususan hokimliklar saytlarida jamoatchilik kengashlari faoliyati bo‘yicha mavjud ma’lumotlar 2025-yil 26-avgust holatiga ko‘ra skrinshotlar shaklida qayd etildi.


Xulosa:
Monitoring natijalari jamoatchilik kengashlari faoliyatini yaxshilash va ularning ochiqligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishga asos bo‘ladi. Ishonamizki, faqat to‘liq shaffoflik sharoitidagina jamoatchilik kengashlari o‘z rolini samarali bajarishi va davlat hamda jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.
Mazkur ma’lumotnomada hokimliklar saytlaridagi monitoring natijalari e’lon qilindi, biroq ko‘plab vazirliklar, agentliklar va idoralarda ham vaziyat shunga o‘xshash. Amaldagi qarorlarga muvofiq, saytlaridagi ma’lumotlar har uch oyda kamida bir marta yangilanib turilishi shart. Bu esa shuni anglatadiki, monitoring yiliga bir martadan ko‘proq o‘tkazilishi kerak, bu esa o‘zgarishlarni tezkor kuzatishga va doimiy muloqotni ta’minlashga yordam beradi.