@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Soliq.uz – fuqarolik mas’uliyatini oshirish vositasi sifatida: jamoatchilik fikri

 2025-08-22 18:47:56   |     Просмотров: 3548

Ma’lumki, Soliq.uz — zamonaviy, qulay va ishonchli platforma bo‘lib, u soliq xizmatlaridan onlayn foydalanish imkonini beradi. Deklaratsiyalar, to‘lovlar, bildirishnomalar, qaytarishlar kabi keng funksionalni qamrab olish bilan birga foydalanuvchilarning turli ehtiyojlariga mos mobil va veb-versiyalarni taqdim etadi hamda samarali raqamli servis sifatida e’tirof etiladi.

Mutaxassislar Soliq.uz ilovasi va uning yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashdagi rolini yuqori baholamoqda. U nafaqat biznes uchun soliqlarni to‘lash jarayonini yengillashtiruvchi, balki fuqarolarni mas’uliyatli iqtisodiy xatti-harakatlarga undovchi muhim fuqarolik nazorati vositasiga aylandi.

Yuqorida qayd etilgan imkoniyatlardan tashqari, Soliq.uz ilovasi orqali QR-kodni skanerlash va xariddan 1% qaytarib olish mumkin, bu xalq orasida keshbek deb ataladi.

Biroq hamma ham fiskal chek nima ekanligini va uni talab qilish nega muhimligini bilmaydi. Siz fiskal chek olganingizda, summaning 1 foizi sizga qaytariladi. Bu nafaqat yoqimli bonus, balki mamlakat halol iqtisodiyotiga sizning qo‘shgan hissangiz hamdir.

“Yuksalish” harakati 2025-yil 23-iyuldan 9-avgustgacha bo‘lgan davrda aholi o‘rtasida “Soliq.uz platformasidan foydalanish va soliq keshbek tizimiga munosabat” mavzusida so‘rov o‘tkazdi.

Tadqiqotning maqsadi — O‘zbekiston aholisi tomonidan Soliq.uz platformasi va soliq keshbekidan foydalanish darajasini aniqlash edi. So‘rovnoma dastur samaradorligini baholash, platformadan foydalanish tajribasini o‘rganish hamda uning fuqarolik faolligiga ta’sirini tahlil qilish imkonini berdi.

So‘rovnomada butun O‘zbekiston bo‘ylab 1033 kishi ishtirok etdi:

Yosh bo‘yicha taqsimot:
26–35 yosh: 36,3%
36–50 yosh: 29,43%
18–25 yosh: 20,52%
50 yoshdan katta: 11,04%
18 yoshgacha: 2,61%

Jins bo‘yicha taqsimot:
Erkaklar: 52,66%
Ayollar: 47,24%

Asosiy natijalar va tahlil

  1. Keshbek dasturidan xabardorlik darajasi
    So‘rov ishtirokchilarining ko‘pchiligi — 75,51% Soliq.uz platformasi va 1% keshbek olish imkoniyati haqida eshitgan.
    Shunga qaramay, chorak qismi — 24,39% bu haqda ilk bor xabar topmoqda. Ushbu ko‘rsatkich dastur haqida xabardorlikni oshirish bo‘yicha qo‘shimcha ishlar zarurligidan dalolat beradi.

2. Keshbek dasturidan foydalanish darajasi:
So‘rovda qatnashganlar orasida dastur haqida xabardor bo‘lgan 780 kishi (75,5%) quyidagicha taqsimlandi:

  • Doimiy foydalanuvchilar: 376 nafar respondent (36,4%) har doim cheklarni skanerlashga harakat qilishini bildirdi. Bu platformadan faol foydalanadigan va uning afzalliklarini tushunadigan faol aholi qatlamining mavjudligini ko‘rsatadi.
  • Muntazam emas (vaqt-vaqti bilan) foydalanuvchilar: 293 nafar ishtirokchi (28,36%) ilovadan vaqti-vaqti bilan foydalanishini aytdi.
  • Foydalanmaydiganlar: 111 nafar respondent (10,75%) xabardor bo‘lishiga qaramay, bu imkoniyatdan foydalanmasligini bildirdi.

3. Dastur haqida birinchi marta eshitganlarning munosabati
Dastur haqida ilk bor bilib olgan 253 nafar respondent (24,49%)ning fikrlari quyidagicha bo‘ldi:

  • 5,91% qo‘shimcha ma’lumot va tushuntirishlarga ehtiyoj borligini bildirdi.
  • 5,91% dastur ularni qiziqtirmasligini yoki murakkab tuyulishini aytdi.
  • 5,23% dastur foydali ekanini ta’kidladi va undan foydalanish niyatini bildirdi.
  • 5,23% hali yakuniy qarorga kelmaganini, foydalanish haqida o‘ylab ko‘rishini aytdi.

4. Keshbek mablag‘laridan foydalanish
So‘rov natijalari (ishtirokchilar bir nechta variantni tanlash imkoniga ega edi) quyidagicha ko‘rsatdi:

  • Ko‘pchilik — 33,2% keshbek mablag‘larini kundalik ehtiyojlarga sarflaydi.
  • Taxminan uchdan biri — 29,33% uni oziq-ovqat va maishiy tovarlarga yo‘naltiradi. Keshbek summasi ko‘pincha kichik bo‘lgani uchun, uni kundalik ehtiyojlarga sarflash mantiqiy hisoblanadi.
  • 20,72% respondent uni alohida hisoblamaydi, balki kartadagi umumiy balansga qo‘shib yuboradi. Bu keshbekning kundalik byudjetga bilvosita ta’sirini kuchaytiradi va uni “qo‘shimcha daromad” emas, balki odatiy pul oqimining bir qismi sifatida qabul qilinishini ko‘rsatadi.
  • 18,68% ishtirokchi uni transport yoki mobil aloqa kabi mayda xizmatlar uchun ishlatadi.
  • 11,33% respondentlar keshbekni jamg‘arishga harakat qiladi.
  • 8,33% uni kichik “xursandchiliklar” (qahva, shirinliklar) uchun sarflaydi.

Keshbek olish jarayonidan qoniqish darajasi

Keshbek olish jarayonidan qoniqish darajasi
So‘rov natijalari umuman olganda foydalanuvchilar Soliq.uz ilovasi orqali keshbek olish jarayonidan qoniqishini ko‘rsatmoqda.

  • Eng katta guruh — 38,14% jarayondan juda mamnun ekanini va hammasi yaxshi ishlashini ta’kidladi. Bu platformaning barqaror ishlashi va foydalanuvchi interfeysining qulayligidan dalolat beradi.
  • 21,88% so‘rov ishtirokchilari umuman olganda qoniqish bildirgan bo‘lsa-da, ba’zan kichik muammolar bo‘lishini qayd etgan. Bu tizimda ayrim texnik xatoliklar yoki optimallashtirishga muhtoj sohalar mavjudligidan darak beradi.
  • Kamchilik — respondentlarning 6,09% jarayondan noroziligini bildirgan.

5. Ilova / keshbekdan foydalanmaslikning asosiy sabablari
Keshbek haqida bilsa-da, undan foydalanmaydiganlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari asosiy sabab moliyaviy motivatsiyaning pastligi ekanini ko‘rsatdi.

  • 1% juda kam: bu eng asosiy sabab. So‘rov ishtirokchilarining deyarli yarmi (47,92%) 1% keshbekni juda kam deb hisoblaydi. Bu esa aholini faollashtirishi mumkin bo‘lgan dasturni targ‘ib qilishga to‘sqinlik qilmoqda.
  • Unutib qo‘yish: 10,45% respondent cheklarni skanerlashni ko‘pincha unutib qo‘yishini aytdi. Bu ilovadan foydalanish hali kundalik odatga aylanmaganidan darak beradi.
  • Texnik muammolar: 9% so‘rovda qatnashganlar texnik muammolar tufayli ilovadan foydalanmasligini bildirdi.

6. Soliq buzilishlari haqida xabar berish — “Soliq hamkor”
Keshbek olish imkoniyatidan tashqari, platformada soliq buzilishlari haqida xabar berish funksiyasi ham mavjud.
So‘rov natijalariga ko‘ra, aholining katta qismi — 75% dan ortig‘i Soliq.uz ilovasidagi “Umumiy xizmatlar / Soliq hamkor” bo‘limi orqali (masalan, chek berilmagan taqdirda) soliq buzilishlari haqida xabar berish imkoniyati borligidan xabardor.

  • Eng katta guruh — 49,76% bu imkoniyat haqida biladi, ammo undan foydalanmagan. Bu funksiyani faollashtirish uchun qo‘shimcha rag‘batlar yoki tushuntirish ishlari zarur bo‘lishi mumkin.
  • Chorak qismi — 25,56% undan foydalangan. Bu ushbu funksiyaning ma’lum darajada samarador ekanini ko‘rsatadi.
  • 24,59% ishtirokchi umuman bu funksiyadan bexabar. Bu uni aholiga kengroq targ‘ib qilish zarurligidan dalolat beradi.

7. Fuqarolik pozitsiyasi
Bu savolga berilgan javoblar aholining keshbekka turlicha munosabatda ekanligini ko‘rsatadi.

  • Ishtirokchilarning deyarli yarmi (48,5%) QR-kodli chek talab qilishni davlat rivojlanishiga qo‘shilayotgan hissa sifatida ko‘radi. Bu aholining fuqarolik ongining o‘sib borayotgani va ularning harakatlari mamlakat iqtisodiyotiga ta’sir qilishi mumkinligini tushunayotganidan dalolat beradi.
  • Katta guruh — 19,46% bu haqida hech qachon o‘ylab ko‘rmagan. Bu guruhni davlatga soliq yig‘ishda yordam berishning shaxsiy va ijtimoiy foydalari haqida xabardor qilish foydali bo‘ladi.
  • 17,23% respondent esa davlat uchun foydasini tan olishiga qaramay, buni avvalo shaxsiy manfaatlari uchun amalga oshirishini bildirdi.

8. Taklif va tavsiyalar
So‘rov natijalari asosida Soliq.uz platformasi samaradorligini oshirish va aholining undan faolroq foydalanishini rag‘batlantirish maqsadida quyidagi tavsiya va takliflar ishlab chiqildi.

Moliyaviy rag‘batlantirishni kuchaytirish

  • So‘rovda qatnashganlarning deyarli yarmi (47,92%) 1% keshbekni yetarli emas deb hisoblagani uchun, dastur moliyaviy jozibadorligini oshirish taklif qilinmoqda.
  • Tovar va xizmat turlariga qarab differensial keshbek tizimini joriy etish. Masalan, ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar (ozuq-ovqat, dori-darmonlar) uchun 1% saqlab qolish, yuqori soliq yuklamasiga ega mahsulotlar (maishiy texnika, qurilish materiallari) uchun keshbekni 2–3% gacha oshirish.
  • Muayyan davr (masalan, 3 oy) davomida eng ko‘p chek skanerlovchi foydalanuvchilar uchun qo‘shimcha bonuslar, sovrinlar yoki 5% gacha keshbek yutib olish imkoniyatini yaratish.
  • Bir oilaning barcha a’zolari to‘plagan keshbekni umumlashtirish (“Oila keshbeki”) va ma’lum summaga yetganda qo‘shimcha bonus berish. Bu oilani birgalikda chek yig‘ishga rag‘batlantiradi.
  • Kelajakda ilg‘or xorijiy tajribaga asoslanib, fuqarolarga o‘z soliqlari qayerga sarflanayotganini Soliq.uz ilovasi orqali bilish imkonini yaratish.

Axborot-tushuntirish ishlarini takomillashtirish

  • So‘rovda qatnashganlarning 24,39% dastur haqida ilk bor eshitgani va boshqalar qo‘shimcha funksiyalardan bexabar bo‘lgani uchun axborot kampaniyasini kuchaytirish zarur.
  • Keshbekning afzalliklari haqida tushuntirish ishlarini televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlar va mahalliy matbuot orqali olib borish. Kampaniyalarga mashhur san’atkorlar, blogerlar va jamoat arboblarini jalb qilish.
  • Ilovaning ishlash tartibi, cheklarni qanday skanerlash va pulni qanday chiqarish bo‘yicha oddiy va tushunarli videoqo‘llanmalar yaratish.
  • Fuqarolik pozitsiyasini targ‘ib qilish, keshbekning nafaqat shaxsiy foyda, balki mamlakat iqtisodiyoti uchun ham muhimligini ta’kidlash. “Davlat rivojiga hissa qo‘sh!” kabi shiorlar bilan kampaniyalar o‘tkazish orqali fuqarolik ongi va mas’uliyatini oshirish.

Ilovaning texnik va foydalanish tajribasini yaxshilash

  • Ilovaning tezkor ishlashi, QR-kodlar muammosiz o‘qilishi va pul o‘tkazmalarining uzluksizligini ta’minlash. Foydalanuvchilarning shikoyatlari asosida muntazam ravishda yangilab borish.
  • Foydalanuvchiga chek olingan zahoti eslatmalar va avtomatik bildirishnomalar yuborish funksiyasini joriy etish. Bu “muddati o‘tgan chek” muammosini hal qilishga yordam beradi.
  • Cheklarni skanerlash jarayonini yanada soddalashtirish, masalan, foydalanuvchilar uchun bosqichma-bosqich qo‘llanma yaratish.

Shuningdek:

  • Savdo nuqtalarining QR-kodli chek berish majburiyatini kuchaytirish. Chek bermagan savdo nuqtalari haqida xabar berish imkoniyatini targ‘ib qilish va bunday xabarlarga beriladigan mukofot miqdorini oshirish.
  • Keshbekni avtomatik tarzda to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank kartasiga o‘tkazish tizimini takomillashtirish. Bu foydalanuvchilar uchun pul yechib olish jarayonini soddalashtiradi.

Mazkur takliflar majmuasi Soliq.uz platformasini nafaqat moliyaviy vosita, balki aholining iqtisodiy savodxonligini va fuqarolik mas’uliyatini oshirishga xizmat qiluvchi samarali mexanizmga aylantirishga yordam beradi.