“Yuksalish” avtomobil yo‘llaridagi xavfsizlik masalasini o‘rgandi
“Yuksalish” harakati tomonidan joriy yilning aprel-may oylarida 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturlarida Avtomobil yo‘llarida transport vositalari va piyodalarning xavfsiz harakatini ta'minlash bo‘yicha belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi yuzasidan jamoatchilik nazorati tadbirlari o‘tkazildi.
So‘nggi yillarda chuqur islohotlar doirasida Respublika bo‘yicha harakat xavfsizligini ta'minlash yuzasidan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, mas'ul idoralar tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2024-yilning o‘zida jami 53 761 dona yangi yo‘l belgisi o‘rnatilgan va yaroqsizlari almashtirilgan. Shu bilan birga, 313 dona yo‘l yo‘nalishlari va masofani ko‘rsatuvchi ko‘rsatkichlar o‘rnatilgan. Yo‘l harakatini tartibga solish maqsadida 136 ta yangi svetofor obyekti qurilgan va mavjudlari rekonstruksiya qilingan, 31 ta elektron tablo o‘rnatilgan.
Shuningdek, 2025-yil boshidan 1-aprelga qadar respublika bo‘ylab 12 655 dona yangi yo‘l belgisi o‘rnatilgan va eskilari yangisiga almashtirilgan. Yo‘l harakatini tartibga solish maqsadida 83 dona yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatilgan, 56 ta yangi svetofor obyektlari qurilgan va mavjudlari rekonstruksiya qilingan. Qolaversa, yo‘llarda 13 dona elektron axborot tablolari o‘rnatilgan.
O‘rganishlar davomida sohada yaratilayotgan sharoitlar bilan bir qatorda, avtomobil yo‘llarida transport vositalari va piyodalar xavfsizligini ta'minlash borasida belgilangan vazifalar ijrosida qator muammolar borligi aniqlandi.
O‘rganilgan obyektlarning 14 tasida avtomobil yo‘llarining texnik holati qoniqarsiz darajada ekanligi, ta'mirlash ishlari sifatsiz va belgilangan yo‘l qo‘rilish standartlariga zid ravishda amalga oshirilgani aniqlandi.
Masalan, Jizzax viloyati Zafarobod-Chimqo‘rg‘on yo‘nalishlaridagi yo‘llar ta'mirtalab holatga kelganligi avtomobillarning harakat xavfsizligiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani aniqlandi.
Andijon viloyati Buloqboshi tumanida 4K-92 “Andijon-Nefteprom-Tojikobod” avtomobilь yo‘lining 4-10 km qismlarida joriy ta'mirlash va saqlash ishlari sifatsiz bajarilib, texnik normalarga zid ravishda amalga oshirilgan.
Samarqand tumanidagi "Yangi ariq" MFY Farhod ko‘chasi ko‘p yillar davomida ta'mirlanmagan.
Monitoring davomida 8 ta holatda umumiy foydalanishdagi avtomobilь yo‘l chiziqlarini chizish, yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlarini o‘rnatish, almashtirish, saqlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish ishlari sifatsiz hamda belgilangan standartlarga zid ravishda bajarilgani sababli harakat xavfsizligiga tahdid solishi ma'lum bo‘ldi.
Xususan, Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq va Parkent tumanlarida o‘rnatilgan ayrim yo‘l belgilari shaharsozlik normalariga zid ravishda (ShNQ 2.05.02-07) katta daraxt, svetofor yoki boshqa ob'ektlar ortiga/orasiga joylashtirilgan. Natijada, belgilarning piyodalar va haydovchilarga ko‘rinishi imkoniyatlari cheklanayotganligi aniqlandi.
Qarshi shahrining I.Karimov, Mustaqillik, Nasaf va Buyuk Turon ko‘chalarida o‘rnatilgan yo‘l belgilari va qurilmalari daraxtlar va to‘siqlar orasida qolib, harakat ishtirokchilariga ko‘rinmay qolganligi ma'lum bo‘ldi.
17 ta holatda aholi punktlarida, ayniqsa, maktablar, bozorlar atrofi va aholi zich yashaydigan hududlarda piyodalarning xavfsiz harakatlanishi uchun zarur bo‘lgan yo‘laklar (trotuarlar) ta'mirtalab holatga kelib qolgan va yangi yo‘laklar sifatsiz qurilganligi ko‘rindi.
Xususan, Marg‘ilon shahridagi “Uzumzor” MFY, Turkiston ko‘chasi hududidagi piyodalar uchun mo‘ljallangan ko‘prik hozirgi kunda ta'mirtalab ahvoldaligi, obyektning asfalt qoplamasi ko‘chib, temir ustunlar chirish darajasiga yetib kelgani ma'lum bo‘ldi.
Xorazm viloyatida shu kungacha qurilishi rejalashtirilgan 42 km trotuardan faqatgina 1 km qismi qurilgan, xolos.
Jizzax shahri “A.Temur” MFY hududida qurilgan 3,2 km trotuarning 500 metrga yaqin qismi, Forish tumani “Oqtom” MFYda qurilgan 1 km trotuarning 100 metrga yaqin qismi tuproq bilan tekislanmagan.
O‘rganishlar davomida 6 ta holatda maktablar oldida tezlikni 30 km/soatgacha cheklash kabi ogohlantiruvchi belgilar, piyodalar o‘tish joyini bildiruvchi “zebra” chiziqlari, tezlikni pasaytiruvchi sun'iy notekisliklar mavjud emasligi aniqlandi.
Misol uchun, Muzrabot tumanidagi 1-sonli umumta'lim maktab joylashgan avtomobil yo‘lida maktabga yaqinlashayotgan qismda tezlikni pasaytirish yo‘l belgilari o‘rnatilmagan, yo‘l chiziqlari va piyodalar yo‘lagi chiziqlari ko‘rinmaydigan holatga kelib qolgan.
Toshkent shahar Yangihayot tumani, Navro‘z ko‘chasida joylashgan maktabgacha ta'lim muassasasi yaqinida yangi asfalt qoplamasi yotqizilgan, ammo “lyuk”lar ustidagi qopqoqlarsiz ochiq qoldirib ketilgan. Bu bolalar xavfsizligi uchun katta xavf tug‘dirmoqda.
Monitoring davomida nogironligi bo‘lgan shaxslarga yo‘l infratuzilmasidagi mavjud noqulayliklarga ham e'tibor qaratildi.
Masalan, Oltinko‘l tumani avtomobil yo‘lida qurilgan avtobus bekatlari loyihasida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish inobatga olinmagan.
Qarshi shahar “Nasaf” ko‘chasidagi piyodalar o‘tish joyida trotuarlarni ajratib turgan ariqlar ustki qismi yopilmagani natijasida, nogironligi bo‘lgan shaxslar harakati cheklab quyilgan. Shuningdek, “Mag‘zon” mahallasidagi “Ko‘zi ojizlar” maktabi oldida piyodalar o‘tish joyi va trotuarni tutashtiruvchi yo‘lakcha nosoz bo‘lib, chuqurliklar mavjud, bundan tashqari, katta ariqning ustki qismi yopilmagan, bu ko‘rishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning xavfsiz harakatlanishida to‘siqlar paydo qilmoqda.
Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani “Mahtumquli” hamda “Shahrisabz” ko‘chalari (6-sonli tug‘ruqxona, Bosh prokuratura binosi atroflari) piyodalar yo‘laklarida nogironligi bo‘lgan shaxslar, bolalar aravachasi hamda keksalarning erkin va xavfsiz harakatlanishi uchun sharoit yo‘qligi aniqlandi. Yo‘laklar zinasimon tepaliklardan iborat bo‘lib, aravachalar o‘tadigan pandus va maxsus qo‘rilmalar o‘rnatilmagan. Shuningdek, Shayhontoxur tumani, “Furqat” ko‘chasi, Olmazor tumani “Sebzor” ko‘chalaridagi avtomobil yo‘llar chekkasidagi piyodalar yo‘laklari ham nogironligi bo‘lgan shaxslar harakatlanishi uchun mutlaqo yaroqsiz.
Shu bilan birga, mazkur o‘rganishlarga soha ekspertlari jalb qilinib, ular bilan mavjud muammolor yuzasidan muhokama o‘tkazildi. Muhokamada “TRANSKASB” korxonalar uyushmasi boshqaruv raisining o‘rinbosari N.Zokirov, “TRANSKASB” korxonalar uyushmasi mas'ul xodimi Sh.Xamzayev, “Archemistry” blogi muallifi, urbanist I.Soliyev, Barqaror shahar va transportni rejalashtirish bo‘yicha mutaxassis B.Sirojev ishtirok etdi.
Ekspertlar tomonidan quyidagi masalalarga alohida e'tibor qaratildi:
- amaldagi Yo‘l harakati qoidalari (YHQ) va tegishli normativ hujjatlarda ko‘plab xatolar, mantiqiy ziddiyatlar, tushunish qiyin bo‘lgan va mujmal ifodalar mavjud. Bu esa qoidalarning noto‘g‘ri talqin qilinishiga va huquqni qo‘llashda muammolarga olib kelmoqda;
- mamlakatda katta miqdorda yo‘l belgilari yetishmaydi, ayni paytda ko‘plab joylarda belgilar ortiqcha, mantiqsiz, bir-birini takrorlaydigan yoki keraksiz o‘rnatilgan ("To‘xtash taqiqlangan" belgisi kabi). Yo‘l chiziqlari ko‘pincha eskirgan, standartlarga mos kelmaydi yoki haydovchilarni beixtiyor qoidabuzarlikka undaydi;
- yo‘l harakatini tashkil etish sohasidagi (yo‘l belgilari, chiziqlar, svetoforlar, yo‘l qoplamasiga oid) aksariyat texnik standartlar 1986-yilda qabul qilingan va bugungi kun talablariga, zamonaviy transport oqimi va xalqaro amaliyotga mos kelmaydi;
- ayrim yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun belgilangan jarimalar miqdori ularning ijtimoiy xavflilik darajasiga va fuqarolarning iqtisodiy ahvoliga nomutanosib ravishda yuqori. Jarimalardan tushadigan mablag‘larning sarflanishi yetarlicha shaffof emas;
- maktablarda yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish sifati past, o‘qituvchilarning malakasi yetarli emas. YPX xodimlarining ayrimlari YHQ va tegishli qonunchilikni yetarlicha bilmaydi;
- ko‘plab yo‘llar, avtobus bekatlari va piyodalar o‘tish joylari nogironligi bo‘lgan shaxslar, bolalar aravachalari bilan harakatlanuvchilar uchun moslashtirilmagan. Ayrim yo‘l uchastkalarining kimning balansida ekanligi noaniq, bu esa ularni ta'mirlash va saqlashda muammolar tug‘dirmoqda;
- yo‘l qurilishi va rekonstruksiyasi loyihalarida xavfsizlik masalalariga yetarlicha e'tibor berilmaydi. Yo‘l chiziqlarini chizish va belgilarni o‘rnatishga mas'ul tashkilotning IIV tarkibida bo‘lishi manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin.
“Yuksalish” harakati yo‘l infratuzilmasidagi muammolar faqat raqamlar bilan emas, inson hayoti va xavfsizligi bilan bog‘liq ekanligini ta'kidlagan holda, mas'ul idora vakillarini bu muammolarga e'tibor qaratishga chaqiradi.