@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“O‘zsuvta'minot” AJ raddiyasiga munosabat

 2025-06-16 18:48:50   |     Просмотров: 1799

So‘nggi yillarda aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash sohasida salmoqli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, toza ichimlik suvi bilan ta'minlanganlik darajasi 2017-yildagi 63,7 foizdan 2024-yilda 81 foizga yetkazildi. Bu davrda 9,0 ming kilometrdan ortiq ichimlik suvi tarmoqlari joriy va mukammal ta'mirlanib, ichimlik suvi ishlab chiqarish inshootlari soni 2024-yil yakunida 10 992 taga yetdi. 2017-2024-yillarda ilk bor 9 mln aholi toza ichimlik suvi bilan ta'minlandi.

“Yuksalish” harakati mazkur islohot va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlagan holda, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentinining 2024-yil 21-fevraldagi PF–37-son Farmoniga asosan o‘ziga yuklatilgan vazifalar, jumladan, Davlat dasturining amalga oshirilishini joylarga chiqib, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tanqidiy o‘rganib bormoqda.

Xuddi shunday, Davlat dasturi ijrosi yuzasidan joyiga chiqqan holda o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi natijalari yuzasidan “O‘zsuvta'minot” AJ rasmiy raddiya bildirgan.

“Yuksalish” harakati ushbu raddiya yuzasidan quyidagilarni jamoatchilik e'tiboriga yetkazishni lozim topdi.

Birinchidan, “O‘zsuvta'minot” AJ o‘z raddiyasida “Yuksalish” harakati ma'lumotlarni boshqa idoralardan olishga uringanligi va o‘rganishlarda jamiyatning birorta vakili ishtirok etmaganligini ma'lum qilgan va Harakatni noxolislik va noprofessionalizmda ayblagan.

Vaholanki, dastlabki monitoring “O‘zsuvta'minot” AJ va uning hududiy bo‘linmalaridan olingan rasmiy ma'lumotlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘tkazilgan (xatlar va ma'lumotlar ilova qilinadi).

“O‘zsuvta'minot” AJ ma'lumotlari:

“O‘zsuvta'minot” AJ hududiy bo‘linmalari:

 

Ikkinchidan, Harakat tomonidan monitoring ma'lumotlarini tahlil qilish uchun “O‘zsuvta'minot” AJdan 2025-yil 14-yanvardagi 5/37-152-son javob xati bilan olingan rasmiy ma'lumotda bir qator loyihalar raddiyada keltirilganligi kabi yildan-yilga o‘tuvchi obyekt emas, balki to‘liq foydalanishga topshirilgan loyihalar sifatida qayd etilgan edi.

Uchinchidan, jamoatchilik monitoringi toza ichimlik suvi bilan ta'minlash va oqova suv tizimi bilan qamrab olish maqsadida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha bevosita aholining fikri va keng jamoatchilik bahosi asosida “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq o‘tkazilgan.

“O‘zsuvta’minot” AJ o‘z raddiyasida “foydalanishga topshirilgan va muammo yo‘q” deb ko‘rsatgan obyektlarda Harakatimiz vakillari tomonidan joyiga chiqib, jamoatchilik fikri o‘rganildi, holatga qayta aniqlik kiritildi.

Natija esa o‘zgarishsiz – 2025-yilning 16-iyun holatiga mavjud muammolar bartaraf etilmaganligi ma'lum bo‘ldi. Masalan:

- Dehqonobod tumani Oqsuv-Dehqonobod suv quvuri va "Oqsuv" suv olish inshootini qurish loyihasi bo‘yicha shu kunga qadar aholiga ichimlik suvi umuman yetkazib berilmagan. Fuqarolar bilan muloqot davomida obyekt foydalanishga topshirilganligiga qaramasdan, ichimlik suvi yetkazib berilmayotgani ma'lum qilindi va aholi vakillari buning sabablari tushuntirilmayotganidan noroziliklarini bildirdilar.

Misol uchun, Boyqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi fuqaro Yu.A, Chaygul qishlog‘ida yashovchi fuqaro A.G‘, Choshtepa qishlog‘ida yashovchi I.B.larning ma'lum qilishicha, Oqsuv-Dehqonobod loyihasi doirasida aholiga hozirgi vaqtgacha ichimlik suvi yetkazib berilmagan.

- Qarshi shahar "Charmgar" mahallasida ichki ichimlik suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish loyihasi foydalanishga topshirilganligiga 3 yil o‘tgan bo‘lsa-da, aholiga ichimlik suvi yetkazib berilmagan. Aholi xonadonlariga o‘rnatilgan suv hisoblagichlarining ko‘rsatkichi 0 (nol) holatda. Fuqarolar ichimlik suvi yetkazib berilmayotganidan norozilik bildirdilar.

Misol uchun, Ko‘prikboshi ko‘chasida yashovchi fuqarolar Sh.N, F.Sh, Q.N va K.Shlarning ma'lum qilishicha, ichimlik suvini yetkazib berish to‘g‘risida suv ta'minoti korxonalariga bir necha marotaba murojaat qilingan bo‘lsada, ichimlik suvi yetkazib berilmagan va sabablari haqida aholiga tushuntirilmagan.

- G‘uzor tumani “Do‘stlik” mahallasida ichimlik suv tizimlarini qurish loyihasi 2024-yil aprel-may oylarida yakunlangan bo‘lsa-da, aholiga ichimlik suvi umuman yetkazib berilmagan. Aholi xonadonlariga o‘rnatilgan suv hisoblagichlarining ko‘rsatkichi 0 (nol) holatda. Fuqarolar obyekt foydalanishga topshirilganiga 1 yil bo‘lganligiga qaramasdan ichimlik suvi yetkazib berilmayotganidan norozi. 

Misol uchun, Do‘stlik ko‘chasida yashovchi fuqarolar B.M, A.M.larning ma'lum qilishicha, ichimlik suvini yetkazib berish to‘g‘risida suv ta'minoti korxonasiga bir necha marotaba murojaat qilingan bo‘lsa-da, ichimlik suvi yetkazib berilmagan va sabablari haqida aholiga tushuntirilmagan. Shuningdek, fuqarolar ichimlik suvining bir mashinasini

(5 tonna) o‘rtacha 250 ming so‘mdan sotib olib foydalanayotganliklarini bildirishdi.

- Asaka tumani “Ergashobod” MFYda ichimlik suvi tizimini qurish loyihasi bo‘yicha tegishli hajmdagi suv inshootlari o‘rnatilmaganligi bois, bugungi kunda aholiga haftasiga atigi 2 kun ichimlik suvi yetkazib berilmoqda, xolos. 

 

Qolgan obyektlarning bugungi kundagi holati bo‘yicha ma'lumotlar, foto va video materiallar ilova qilinmoqda.

Shunday ekan, “Yuksalish” harakati “O‘zsuvta'minot” jamiyatidan fuqarolik jamiyati institutlarining jamoatchilik nazorati yakunlari bo‘yicha tayyorlagan takliflarini ko‘rib chiqishda hissiyotga berilmaslikni so‘rab qoladi.

Zero, Jamiyat reputatsiyasi axborot makonidagi ta'sirchan, ammo yolg‘on axboroti bilan jamoatchilik fikrini chalg‘itishga qaratilgan chiqishlari bilan emas, balki ro‘yobga chiqara olgan amaliy ishlari bilan himoya qilinadi.

Bu boradagi bahoni esa jamoatchilikning o‘zi xolis bera oladi.

Mazkur monitoring natijalari e'lon qilingach, bevosita “Yuksalish” harakatiga va ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilikdan “O‘zsuvta'minot” jamiyati tomonidan amalga oshirilgan boshqa loyihalar bo‘yicha ham o‘nlab murojaatlar kelib tushdi (ushbu murojaatlarni “O‘zsuvta'minot” jamiyatiga yozma ravishda yuboriladi).

Bundan ko‘rinadiki, jamoatchilikda ichimlik suvi ta'minoti bilan bog‘liq loyihalar yuzasidan savollar to‘planib qolgan. Davlatimiz Rahbari ta'kidlagani kabi “Inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaroning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlarini amalda ta'minlash, barcha shahar va tumanlar, olis va chekka hududlar aholisi uchun munosib sharoit yaratib berish, oddiy qilib aytganda, xalqimizni rozi qilish – mana, bizning bosh maqsadimiz”.

Shunday ekan, “Yuksalish” harakati bu borada aholini qiynab kelayotgan muammolarni xolis va tizimli o‘rganishda davom etadi. Xususan, aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash masalasiga alohida e'tibor qaratamiz.

Harakatimiz har qanday hamkorlikka ochiq va tayyor ekanligini ma'lum qilamiz!

“Oʼzsuvtaʼminot” АJ tomonidan bildirilgan rasmiy munosabatda sanab oʼtilgan loyihalardagi qayta aniqlangan holat yuzasidan ma'lumot (yuklab olish)