@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi

 2025-05-14 14:08:48   |     Просмотров: 2291

Joriy yilning 13-may kuni Toshkentda “Yuksalish” harakati va “Umidvorlik” markazi tomonidan Germaniyaning Solidaritätsdienst International e.V. (SODI) nohukumat tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Ijtimoiy himoyaga muhtoj, qiyin vaziyatda qolgan va nogironligi bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy inklyuziyasi” loyihasi doirasida navbatdagi davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda, ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarning axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari, qulayliklar va to‘siqlar, bu guruhlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi va kasbiy istiqbollarini yaxshilashda o‘quv markazlari va xususiy ta’lim muassasalarining roli tahlil qilindi.

Jumladan, "Biznes fabrika tadbirkorlik markazi" rahbari Aziz Vafoyev onlayn marketpleyslar, xususan, “Uzum market”da savdo qilish bo‘yicha yoshlarga bilim berilayotgani va hozirgacha erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berdi. Ushbu markaz bilan Yoshlar ijtimoiy markazi hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, bepul o‘quv kurslarini tashkil etib kelmoqda.

Shuningdek, Yoshlar ijtimoiy markazida veb-dasturlash, sun’iy intellekt, videomontaj bo‘yicha ham bepul darslar olib borilayotgani alohida ta’kidlandi.

Tadbirda ishtirok etgan IT-Academy loyihasi menedjeri Dinara Jamoliddinova eshitishda nuqsoni bo‘lgan shaxslarni Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda ishlash ko‘nikmalarini oshirish borasida qilingan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Loyiha doirasida IT-ta'limiga qaratilgan IT4Everyone loyihasi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unda nafaqat O‘zbekiston, balki Qirg‘iziston va Qozog‘iston fuqarolari ham qamrab olingan.

"Tiflo-Media" audiojurnali tashkilotchisi, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, Ozod Qurbonov ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor shaxslarning Internet vositalaridan foydalanish imkoniyatlari haqida so‘z yuritdi.

"Bugun ko‘zi ojiz shaxslar yangiliklardan boxabar bo‘lish, o‘ziga kerakli ma'lumotni olish imkoniyatiga ega. Buning uchun maxsus dasturlar, mobil ilovalar ishlab chiqilgan. Bugun ko‘zi ojizlar nafaqat elektron kitoblarni, balki qog‘oz kitoblarni ham maxsus dasturlar orqali "o‘qiy oladi". Buning uchun Brayl alifbosi ham shart emas", - dedi u.

Davra suhbati doirasida yutuqlar bilan bir qatorda, hal qilish kerak bo‘lgan muammolarga e’tibor qaratildi. Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor shaxslarning davlat xizmatlarini olish, bankomatlardan pul yechish jarayonlaridada ba'zi muammolarga uchrayotgani qayd etildi. Yechim sifatida bankomatlarni ovozli qilish taklifi berildi.

Ma’lumot uchun: “Ijtimoiy himoyaga muhtoj, qiyin vaziyatda qolgan va nogironligi bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy inklyuziyasi” loyihasining maqsadi – 18-35 yoshdagi nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga innovatsion xizmatlar ko‘rsatish, ularga o‘z huquqlarini, shaxsiy va kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishda imkoniyatlarni kengaytirish orqali turmush sifatini yaxshilash. Loyiha doirasida Toshkent shahrida Yoshlar uchun Ijtimoiy markaz ochilgan.

Markaz “Ishonch telefoni”: +998 95 196 97 97