@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

"Yuksalish" harakati Prezident Qarori loyihasi yuzasidan jamoatchilik ekspertizasini o‘tkazdi

 2025-04-30 09:39:49   |     Просмотров: 4180

“Yuksalish” harakati ekspertlari tomonidan Toshkent shahar hokimligida ishlab chiqilgan “Toshkent shahrida transport tizimi boshqaruvini takomillashtirish hamda tirbandliklarning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori loyihasi O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasiga asosan fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat manfaatlariga muvofiqligi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi PF-16-son Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturida belgilangan vazifalarning to‘la aks ettirilganligi, ijtimoiy ahamiyati, mavjud muammolarni bartaraf etish darajasini aniqlash nuqtai nazardan o‘rganildi hamda baholandi. 

 

“Toshkent shahrida transport tizimi boshqaruvini takomillashtirish hamda tirbandliklarning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori loyihasi yuzasidan

JAMOATCHILIK EKSPERTIZASI XULOSASI

Ekspertlar: A.Mamatxanov - huquqshunos, jamoatchilik nazorati sohasidagi faoliyati 7 yil;

                    U.Rajabov-iqtisodchi, jamoatchilik nazorati sohasidagi faoliyati 5 yil;

                    D.Lyutfiddinov – sotsiolog, jamoatchilik nazorati sohasidagi faoliyati 4 yil. 

                    I.Soliyev - urbanist,  "Archemistry" blogi muallifi, sohadagi faoliyati 7 yil.

                    T.Turdialiyeva - arxitektor, me'morchilik sohasidagi faoliyati 8 yil. 

 

Toshkent shahri

2025-yil aprel

 

Kirish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son Farmonining 5-ilovasiga muvofiq “O‘zbekiston-2030” strategiyasining Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta'minlash yo‘nalishi bo‘yicha 2025-yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro‘yxatining 13-bandida Strategiyaning 53-maqsadi: O‘zbekiston Respublikasining global transport-logistika tarmoqlariga integratsiyasini chuqurlashtirish va milliy transport tizimining salohiyatini oshirish doirasida “Toshkent shahrida samarali transport boshqaruvi tizimini tashkil etish va tirbandliklarning oldini olish bo‘yicha sifat jihatdan yangi tizimni yaratish chora-tadbirlari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish” vazifasi belgilangan.

Loyihani ishlab chiqish uchun asosiy ijrochi Transport vazirligi va hamijrochilar Toshkent shahri hokimligi, Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi ko‘rsatilgan. 

Vazifani amalga oshirish muddati – 2025-yil mart.

Loyihada:

- Toshkent shahrining transport infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish tartibi;

- Toshkent shahrida yo‘l harakatini ilmiy yondashuv hamda ilg‘or xorijiy tajriba asosida tashkil etish bo‘yicha zamonaviy texnik yechimlarni ishlab chiqish orqali transport oqimini samarali boshqarish va tirbandlikning oldini olishga qaratilgan tadqiqotlarni amalga oshirish;

- jamoat transporti harakatini tashkil etish va tartibga solish, uning jozibadorligini oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish;

- Toshkent shahrida tirbandliklarning oldini olish va yo‘l harakatini samarali tashkil etish yuzasidan tashkiliy choralar ko‘rishga hamda qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish;

- Toshkent shahri ko‘chalarida yo‘l harakatini to‘g‘ri tashkil etish, jumladan, yo‘l chiziqlarini chizish, yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlarini o‘rnatish, almashtirish, saqlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini amalga oshirish, shuningdek, ushbu ishlarga autsorsing asosida xususiy sektorni jalb qilish;

- yo‘l harakati ishtirokchilarining huquqiy madaniyatini oshirish va yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini ta'minlashga qaratilgan axborot-targ‘ibot ishlarini amalga oshirish, shuningdek, yo‘l-transport hodisalarining profilaktikasiga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutish belgilab qo‘yilgan.  

 

I. Mazkur vazifa bajarilishi yuzasidan Toshkent shahar hokimligidan ishchi tartibda olingan ma'lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligi tomonidan “Toshkent shahrida samarali transport boshqaruvi tizimini tashkil etish va tirbandlikning oldini olish bo‘yicha sifat jixatdan yangi tizimni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining Qarori loyihasi ishlab chiqilib, 2024-yilning 26-sentabrida Adliya vazirligining huquqiy ekspertizasidan o‘tkazilgan hamda 19-oktabrda Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan. 

 

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) esa ushbu mazmundagi loyiha “Toshkent shahrida transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish va yo‘l harakatini raqamli boshqarish tizimini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori loyihasi shaklida 2023-yilning 17-yanvaridan 1-fevral kuniga qadar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

 

II. Mazkur normativ hujjat loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida transport tizimi boshqaruvini takomillashtirish hamda tirbandliklarning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori sifatida qayta ishlangan. 

 

Davlat dasturida belgilangan vazifalarning loyihada aks etganligi:

 

  • Toshkent shahrining transport infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish umumiy gaplar bilan ustuvor yo‘nalish etib belgilangan, biroq uni amalga oshirish tartibi ishlab chiqilmagan;
  • ilmiy yondashuv, ilg‘or xorijiy raqamli texnologiyalarni qo‘llagan holda Toshkent shahrida yo‘l harakatini tashkil etishning zamonaviy texnik yechimlarini ishlab chiqish orqali transport oqimini samarali boshqarish va tirbandlikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish ustuvor yo‘nalish etib belgilangan, lekin bu bo‘yicha aniq choralar ko‘zda tutilmagan;
  • jamoat transporti harakatini tashkil etish va tartibga solish, uning jozibadorligini oshirish ustuvor yo‘nalish etib belgilangan, lekin aniq vazifalar ishlab chiqilmagan;
  • Toshkent shahri ko‘chalarida yo‘l harakatini tashkil etishning texnik vositalarini o‘rnatish, almashtirish, saqlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini amalga oshirish, shuningdek, ushbu ishlarga autsorsing asosida xususiy sektorni jalb qilish ustuvor yo‘nalish etib belgilangan, lekin ushbu vazifalarni bajarish tartibi ishlab chiqilmagan;
  • yo‘l harakati ishtirokchilarining huquqiy madaniyatini oshirish va yo‘l harakati qoidalariga rioya etishini ta'minlashga qaratilgan tartibot ishlarini amalga oshirish ustuvor yo‘nalish etib belgilangan, lekin ushbu vazifalar kimga yuklatilishi va qanday bajarilishining aniq choralari ishlab chiqilmagan.

Yuqoridagilardan ko‘rish mumkinki, mavjud hujjat loyihasiga Davlat dasturiga kiritilgan vazifalarni ko‘chirib qo‘yish yo‘li bilan hujjat qayta ishlangan. Jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilmagan.

 

III. Loyihaga mavzuga taalluqli bo‘lmagan masalalar kiritilgan.  Xususan:

quyidagi maqsadlardagi ma'muriy videokuzatuv tizimlarini:

- obodonlashtirish va qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonun buzilishlarni avtomatik qayd etish;

- obodonlashtirish jarayonlarini, shu jumladan, mahsus texnikalar hamda kommunal xizmatlar, boshqaruv servis kompaniyalari ishlarini boshqarish va nazorat qilishni avtomatlashtirish;

- tozalash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari rejalarining shakllantirilishini hamda bajarilgan ishlar hajmlarini tasdiqlanishini ("inson omili"ni istisno qilgan holda) avtomatlashtirish;

- mahalla hududida giyoxdand moddalar tarqatilishini oldini olishga ko‘maklashish;

quyidagi maqsadlardagi raqamli videodomofon tizimlarini:

- turar joylar binolari atrofini nazorat qilish;

- aholini tezkor xabardor qilish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri qayta aloqani yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha kanal yaratish;

- kommunal xizmatlar hamda boshqaruv kompaniyalari ishlari "shaffofligi"ni ta'minlash, mavjud muammolarni tezkor hal qilish hisobiga aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish;

dispetcherlik markazini o‘z ichiga oluvchi quyidagi vazifalarga yo‘naltirilgan yagona shahar platformasini:

- mahallalar hududlari holatini tezkor monitoring qilish va hududlarga xizmat ko‘rsatilishi ustidan nazorat qilish;

- "ma'lumotlar bazasi" ("big data") tahlili va sun'iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish hisobiga obodonlashtirish sohasini boshqarish sifatini oshirish;

- mahallalar va boshqaruv kompaniyalari reytingini shakllantirish;

- xalqaro tajriba asosida, mayda qoidabuzarlik sodir etganlik uchun jarimalar mikdorlarini kamaytirgan holda, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq qoidabuzarliklar turlarini kengaytirish;

Ushbu masalalar transport infratuzilmasi va boshqaruvini yaxshilash hamda tirbandlikni oldini olish borasidagi muammolarni bartaraf etishga qaratilmagan.

IV. Loyihaga ko‘ra, tashkil etilayotgan Toshkent shahrida yo‘l harakatini tashkil etish markazi mas'uliyati cheklangan jamiyat tashkiliy-huquqiy shaklidagi tadbirkorlik subyekti bo‘lsa-da, unga huquqiy davlat tamoyillariga hamda bugungi kunda amalga oshirilayotgan iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirishga qaratilgan siyosatga zid ravishda qator eksklyuziv davlat funksiyalari vazifa sifatida yuklatilmoqda. Xususan:

 

  • ilg‘or xalqaro tajribaga asoslangan shahar avtomobil yo‘llari tarmog‘i, ko‘chalar va transport infratuzilmasini rivojlantirish sohasida normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, amaliyotga tatbiq etish va samaradorligini baholash;
  • yo‘l va transport sohalaridagi barcha obyektlar hamda jarayonlar to‘g‘risidagi yagona ma'lumotlar bazasi, shu jumladan, Toshkent shahrining transport Bosh rejasini yaratish va ular asosida shahar yo‘l va transport infratuzilmasini rivojlantirish;
  • eng yaxshi xalqaro amaliyotlarni qo‘llash orqali yul va transport sohalari, shu jumladan, shahar jamoat transporti bilan bog‘liq bo‘lgan barcha muassasa va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • jamoat transporti jozibadorligini oshirish, shaxsiy avtotransport vositalaridan foydalanishni kamaytirish va aholi mikromobilligini qo‘llab-quvvatlash orqali ekologik vaziyatni yaxshilash;
  • yo‘l va transport sohasiga xususiy sektorni keng jalb qilish, transport vositalarining vaqtinchalik va uzoq muddatli to‘xtab turish joylari, avtobus bekatlarini tashkil etish va ekspluatasiya qilish loyihalarini o‘z ichiga olgan investisiya loyihalari hamda davlat xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishni rag‘batlantirish;
  • yo‘l-qurilish, obodonlashtirish va kommunal xizmat korxonalarining maxsus texnikalari harakatlanishi, bajargan ishlari va boshqa ma'lumotlarni Toshkent shahrining Intellektual transport tizimiga (keyingi o‘rinlarda — Intellektual transport tizimi) integrasiya qilish va tahlil qilish orqali transport ishlarining bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish hisobiga byudjet mablag‘lari sarflanishi samaradorligini oshirish.

Tadbirkorlik subyektiga ushbu vazifalarning yuklatilishi sohada qo‘shimcha byurokratiyaning paydo bo‘lishi, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi raqobatga salbiy ta'sir o‘tkazilishi, shaxsiy avtotransport vositalari egalari huquqlarining cheklanishi hamda mazkur tashkilot jamoatchilik tomonidan yangi kvazidavlat organi sifatida salbiy baholanishiga olib kelishi mumkin. 

Yuqoridagi vazifalarning yuklatilishi hamda vazirlik va idoralarning sohaga oid bir qator funksiyalari o‘tkazilishini hisobga olib, mazkur tashkilot davlat idorasi shaklida tashkil etilishi maqsadga muvofiq.

Ma'lumot uchun: Moskva shahri bo‘yicha yo‘l harakatini tashkil etish strategiyasini joriy etishni muvofiqlashtirish bo‘yicha 1999-yilda alohida davlat muassasasi (Центр организации дорожного движения) tashkil etilgan. Ushbu tashkilot transport oqimlari, ularni modellashtirish, piyodalar oqimlari, yo‘l-transport hodisalari statistikasi, oqimlar hajmidan kelib chiquvchi ekologik xavflarni o‘rganish, parkovka normativlari, yangi sxema va me'yorlar, strategiyalar ishlab chiqish va joriy etish, ko‘chalarni ta'mirlash loyihalari bo‘yicha ekspertiza o‘tkazish, jamoat transporti yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, ushbu tashkilot xodimlari parkovka tartiblarini buzganlarga jarima yozish vakolatiga ham ega.

Loyihada Markazda qarorlar qabul qilish vakolati, hisobdorlik va boshqaruv qanday tashkil etilishi belgilanmagan. 

Bu bilan markaz aniq mazmunga ega bo‘lmagan rasmiy vosita bo‘lishi haqida tasavvur kelib chiqadi.

Bundan tashqari, Toshkent shahar hokimligi tarkibiy tuzilmasiga hokimning transport va aloqa masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini kiritish, shuningdek, 5 shtat birligi umumiy cheklangan boshqaruv tarkibi bilan Transport tizimini samarali tashkil etishni ta'minlash bo‘yicha kotibiyat shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Toshkent shahrida yo‘l va transport infratuzilmasini rivojlantirish va tartibga solish bo‘yicha alohida tashkilot tuzilayotgan bir paytda bu bo‘yicha hokimlikda alohida mansabdorlik  lavozimlarining joriy etilishi jamoatchilik tomonidan sohada qo‘shimcha byurokratik to‘siqlar yaratilishiga sharoit keltirib chiqarishi nuqtai nazaridan salbiy qabul qilinishi mumkin. Byurokratik to‘siqlar mavjud bo‘lganda esa, korrupsiogen xavflarning kelib chiqish ehtimoli ortadi. 

V. Loyihada korrupsiogen xatarlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan normalar mavjud.

Xususan, quyidagilar Markaz bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi:

- jamoat transporti infratuzilmasi obyektlari va transport vositalariga reklama hamda axborot obyektlarini, reklama konstruksiyalari va boshqa reklama vositalari joylashtirilishining "dizayn-kod"ga muvofiqligini;

- ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlar, yo‘llar, ko‘chalar, temir yo‘l kesishmalari, shuningdek, yer usti yo‘lovchi transporti bekatlari, transport vositalarining vaqtinchalik va doimiy to‘xtab turish joylari hamda yo‘l buyi mintaqasida joylashgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shahobchalari, elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari, reklama hamda boshqa konstruksiyalarni joylashtirish obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda mukammal ta'mirlash loyihalarini shahardagi yo‘l harakatiga ta'siri yuzasidan.

...

Mazkur bandning ikkinchi xatboshida nazarda tutilgan davlat buyurtmachilari pudratchilar bilan tuzgan shartnomalar bo‘yicha transport ishlarini qabul qilish va unga haq to‘lash bajarilgan ishlar hajmi Markaz tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng amalga oshiriladi. Bunda, davlat buyurtmachilari Markaz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishiga yo‘l qo‘yiladi;

Yuqoridagi ishlarni kelishish va tasdiqlashning aniq tartibi belgilanmaganligi, inson omiliga bog‘liqlik darajasi yuqoriligi korrupsion xavflarni keltirib chiqarishi mumkin. 

VI.  Loyihada mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi Toshkent shahrida yo‘l harakatini tashkil etish markazi ustav kapitalining dastlabki miqdori 90 milliard so‘mni tashkil etadi. Shundan:

  • 50 milliard so‘m O‘zbekistan Respublikasi respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan Toshkent shahar mahalliy byudjetiga bir yillik muddatga taqdim qilingan summa hisobidan shakllanadi;
  • 40 milliard so‘m Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan shakllanadi deb belgilangan.

Mazkur mablag‘lar saflanishining aniq yo‘nalishlari va tartibi, hisobdorlik, nazorat mexanizmlarining belgilanmaganligi mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi xavfini keltirib chiqarishi mumkin.

VII. Yuqoridagilardan kelib chiqib, quyidagilar tavsiya etiladi:

  • normativ-huquqiy hujjat loyihasini Davlat dasturida belgilangan vazifalarga to‘la moslashtirish;
  • loyihani huquqiy ekspertizadan qayta o‘tkazish;
  • loyihani korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish; 
  • Toshkent shahrida yo‘l harakatini tashkil etish markazini davlat idorasi shaklida tashkil etish va aniq funksiyalarini hamda boshqa davlat idoralari bilan hamkorlik mexanizmlarini belgilash;
  • Markazning tuzilmasini tasdiqlash;
  • Toshkent shahrida transport infratuzilmasini rivojlantirish va tirbandlikni oldini olishga qaratilgan 4 ta ustuvor yo‘nalish, ya'ni piyodalar va velosipedlar, jamoat transporti, karshering va to‘xtab turish joylarining raqamlashtirilishi borasida aniq va samarali chora-tadbirlar hamda tartiblarni aks ettiruvchi strategiya ishlab chiqish;
  • raqamlashtirishni yangi tizimning asosi sifatida belgilash;  
  • mazkur jarayonlarda davlat ishtirokini kamaytirish orqali ochiq va shaffof hamda raqobatga asoslangan mexanizmlar orqali xususiy sektor ishtirokini kengaytirish;
  • mablag‘larning sarflanishida ochiq, shaffof va xolis tanlovlar o‘tkazilishini ta'minlovchi normalar kiritish;
  • samarali jamoatchilik nazorati o‘rnatilishini ta'minlovchi normalar kiritish.

VIII. Xulosa 

Toshkent shahri — mamlakatning iqtisodiy markazi bo‘lganligi bois, uning transport infratuzilmasini yaxshilash nafaqat shahar, balki butun respublika aholisi va resurslarining mobilligi va xavfsiz harakatini ta'minlash uchun muhim. 

Toshkent shahrida transport infratuzilmasini yaxshilash va tirbandlikning oldini olishning strategik ahamiyati yuqori bo‘lib, bu boradagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori ijobiy ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik natijalarga olib keladi.

Biroq, harakatlanishning muqobil yechimlari va imkoniyatlari uchun qulay infratuzilma yaratilmasa, odamlar shaxsiy avtotransportdan voz kechmaydi. 

Qarorning to‘liq va samarali amalga oshirilishi uchun zarur huquqiy va texnik asoslar yaratish, barcha ijtimoiy guruhlar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning manfaatlarini hisobga olish, qo‘shimcha byurokratik to‘siqlar hamda korrupsiogen xavflar kelib chiqishining oldini olish, jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlarini joriy etish maqsadga muvofiq. 

Hujjatni yuklab olish