@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

"Yuksalish" harakati davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlarini shakllantirish jarayoni monitoringini o‘tkazdi

 2025-04-16 14:14:00   |     Просмотров: 1782

2025-yil mart oyida o‘tkazilgan monitoring davomida davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlarini tashkil etish bilan bog‘liq holat o‘rganildi hamda tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

Asos bo‘lib Prezidentning 2024-yil 26-avgustdagi 124-sonli "Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni xizmat qildi. Monitoring maqsadi — davlat organlari tomonidan jamoatchilik kengashlari tarkibini yangilash, ularning shaffofligi va samaradorligi bo‘yicha belgilangan talablarning bajarilishini baholashdan iborat.

Monitoring natijalari:

Monitoring davomida qator muammolar aniqlangan.

Birinchidan, kengash raislarini tayinlashda qonunchilik talablari buzilgan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, kengash raisi fuqarolik jamiyati vakillaridan tayinlanishi lozim. Biroq 8 ta davlat organida ushbu lavozimlarga fuqarolik jamiyatiga aloqasi bo‘lmagan shaxslar tayinlangan. Bunday holat quyidagi vazirlik va idoralarda kuzatilgan:

  • Tashqi ishlar vazirligi;
  • Ichki ishlar vazirligi;
  • Energetika vazirligi;
  • Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;
  • Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi;
  • Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi;
  • Madaniy meros agentligi.

Ikkinchidan, jamoatchilik kengashlari tarkibi son jihatidan belgilangan me'yorlarga javob bermasligi ma’lum bolgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2021-yil 4-martdagi "2021–2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi 6181-sonli farmoniga ko‘ra, har bir jamoatchilik kengashi kamida 15 nafar a’zodan iborat bo‘lishi shart. Biroq uchta davlat organida bu ko‘rsatkich belgilangan me’yordan past bo‘lib, bu kengashlarning vakillik darajasi va funksionalligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

  • Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida — 13 nafar;
  • Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida — 11 nafar;
  • Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasida — 7 nafar a’zo borligi aniqlangan.

Uchinchidan, jamoatchilik kengashlarida nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) vakillarining ulushi pastligicha qolmoqda.
Qonunchilikka ko‘ra, kengash a’zolarining kamida 50 foizi NNT vakillaridan iborat bo‘lishi kerak. Biroq o‘rganilgan 47 ta davlat organidan faqat 22 tasida ushbu talabga amal qilingan, qolgan 25 ta tuzilmada esa NNT vakillari ulushi belgilangan miqdordan kam va bu 6181-sonli prezident qaroriga zid holatdir.

To‘rtinchidan, jamoatchilik kengashlari faoliyatining shaffofligi va ochiqligini ta’minlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Prezidentning 2018-yil 4-iyuldagi “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish choralari to‘g‘risida”gi 3837-sonli qaroriga binoan, davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida jamoatchilik kengashlari faoliyati haqidagi ma’lumotlar ochiq e’lon qilinishi va har chorakda yangilanib borilishi shart.

Monitoring natijalariga ko‘ra:

  • 36 ta davlat organi o‘z saytida jamoatchilik kengashi haqida ma’lumot joylashtirgan;
  • shundan 8 tasi ma’lumotlarni yangilamagan;
  • 12 tasi esa butunlay ma’lumot joylashtirmagan.

Bu esa nafaqat belgilangan talablarga zid, balki kengashlar faoliyati ochiqligiga putur yetkazadi.

Shuningdek, 3 ta davlat organi — o‘z jamoatchilik kengashlarini yangilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hech qanday ma’lumot taqdim etmagan. Bu holat ushbu yo‘nalishda amaliy faoliyat olib borilmayotganini yoki mazkur organlarning yopiqligini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, ayrim jamoatchilik kengashlarida qayta tashkil etish jarayoni yakunlanmagan.
Masalan, "Uzatom" agentligi va Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligida jamoatchilik kengashlarini qayta tashkil etish hali ham yakuniga yetkazilmagan.

Monitoring asosida ishlab chiqilgan tavsiyalar:

  • Davlat organlari rahbarlarining jamoatchilik kengashlarini shakllantirishda qonunchilik talablari va normalariga rioya qilish borasidagi javobgarligini kuchaytirish;
  • Jamoatchilik kengashlarini shakllantirish va ularning faoliyati bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatadigan mas'ul tashkilotni belgilash;
  • Adliya vazirligi tomonidan barcha davlat organlarida kengashlarni isloh qilish jarayonining tizimli nazoratga olinishi;
  • Barcha davlat organlari o‘z rasmiy veb-saytlarida kengashlar faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni muntazam joylashtirib, ularni har chorakda yangilab borishini ta’minlash;
  • Davlat boshqaruvi akademiyasi negizida jamoatchilik kengashi a’zolari uchun malaka oshirish kurslari va onlayn o‘quv dasturlarini tashkil etish.

"Yuksalish" harakati tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijalari jamoatchilik kengashlari faoliyatida tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Ushbu kamchilik va muammolarni bartaraf etish kengashlarning mustaqil va samarali faoliyat yuritishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Yuqoridagi tavsiyalarni amalga oshirish orqali fuqarolik jamiyatini mustahkamlashga, davlat organlarining ochiqligi va hisobdorligini oshirishga, shuningdek, davlat boshqaruvida fuqarolarning ishtirokini rivojlantirishga erishish mumkin.

"Yuksalish" harakati matbuot xizmati