@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Yuksalish” harakati NNT vakillari bilan qonunchilikka kiritiladigan o‘zgartirishlarni muhokama qildi

 2025-03-19 11:10:49   |     Просмотров: 2093

17-mart kuni "Yuksalish" harakati nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) vakillari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlandi.

Ushbu loyiha 12-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi veb-saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan. Bungacha deputatlar uni birinchi o‘qishda ko‘rib chiqib, qabul qilgan edilar.

"Yuksalish" harakati raisi maslahatchisi Umid Rajabov NNTlarning Konstitusiya va qonun hujjatlarida belgilangan erkin faoliyat yuritish kafolatlarini mustahkamlash maqsadida qonun loyihasida davlat organlari mansabdor shaxslari tomonidan NNT faoliyatiga noqonuniy aralashganlik uchun ma'muriy javobgarlik joriy etilishi, shuningdek, jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirish maqsadida davlat organlari tomonidan jamoatchilik nazorati natijalari bo‘yicha taqdim etilgan yakuniy hujjatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqmaslik uchun ma'muriy javobgarlik belgilanishi rejalashtirilganini aytdi. U qonunchilikka kiritilishi kutilayotgan o‘zgarishlar ahamiyatiga urg‘u berib, bu NNTlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ta'kidladi va barchani muhokamada faol igtirok etishga chaqirdi. 

"Yuksalish" harakati fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik bo‘limi rahbari Saida Mustafayeva ta’kidladi: Nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining o‘z faoliyatiga taalluqli qonun loyihasi muhokamasida ishtirok etishi juda muhim. Birinchidan, bu sektorning real ehtiyojlari va muammolarini hisobga olish imkonini beradi hamda yanada samarali va asosli tartibga solishni ta’minlaydi. Ikkinchidan, NNT ekspertlari qonun chiqaruvchilarga taklif etilayotgan qonunchilikdagi potensial xavflar va bo‘shliqlarni aniqlashda yordam beradi. Jamoatchilik muhokamasi davlat va NNT o‘rtasida muloqot maydoni vazifasini o‘tab, qaror qabul qilish jarayonining shaffofligini oshirish va ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi. NNT tomonidan berilgan takliflarning qonun loyihasiga kiritilishi esa uning amalda ishlashini ta’minlaydi, chunki bu tashkilotlar maqsadli guruhlar bilan ishlash bo‘yicha noyob tajribaga ega.

O‘zbekiston nogironlar assotsiasiyasi raisi Oybek Isoqov qonunchilikdagi ijobiy o‘zgarishlarni qayd etib, davlat organlari NNT ishlariga aralashmasligi kerakligini ta'kidladi.

Qonun loyihasi qabul qilinishi NNTlarning jamoatchilik nazoratini yanada samarali qilishga yordam berishi kutilmoqda. Shu bilan birga, ishtirokchilar qonun loyihalarini chuqurroq tushunish uchun huquqiy savodxonlikni oshirish muhimligini qayd etdilar.

— O‘zgartishlar keng ko‘lamli hujjatlarni o‘z ichiga oladi, — dedi jamoatchilik faoli Viktoriya Ashurova. — Fikrimcha, NNTlar va, umuman, aholi huquqiy savodxonligini rivojlantirish hamda bu ishga yuristlarni jalb qilish zarur.

Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishda yana qanday o‘zgartirishlar talab etilishi muhokama qilindi. Jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan hisobot taqdim etish muddatini qayta ko‘rib chiqish va o‘z tashabbusi bilan tashkil etilgan NNTlar uchun imtiyozlar joriy etish taklifi ilgari surildi.

— Ba'zi NNTlar davlat subsidiyalarini oladi, lekin o‘z tashabbusi bilan tashkil etilgan tashkilotlar moliyaviy manbalarni topishda qiyinchiliklarga duch keladi, — deydi «Ayol va shodlik» NNT vakili Gulnora Yusupova. — Bunday NNTlarda barqaror moliyalashtirish bo‘lmagan paytlarda, ularga soliq imtiyozlari taqdim etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilaman. Shuningdek, NNT faoliyatida moliyaviy shaffoflikni ta'minlash taklifini kiritmoqchiman.

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiasiyasining Farg‘ona filiali mutaxassisi Saidkamolxon Muhammadjonov NNTlar davlat organlaridan ma'lumot olishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini qayd etdi. Masalan, "Open budget" bo‘limida qurilishga oid smeta hujjatlarida ko‘zda tutilgan ishlar haqidagi ma'lumotlar mavjud emas. Shartnomalarda qaysi ishlar rejalashtirilgani va qancha mablag‘ ajratilgani aniq ko‘rsatilmagan. Shu bois, qonun loyihalariga ma'lumotlarni taqdim etish muddatlarini belgilash va qaysi ma'lumotlar ochiq, qaysilari maxfiy bo‘lishi kerakligini aniqlashtiruvchi qoidalarni kiritish taklif etildi. Shuningdek, NNTlar tomonidan axborot so‘rovlarini ko‘rib chiqish muddatini 15 kundan oshirmaslik muhimligi ta'kidlandi.

"Sharoit plyus" vakili Dilmurod Yusupov NNTlarga nisbatan jarima choralarining pasaytirilishi qonun loyihasida aks etganini ta'kidladi. U bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi hamda moliyaviy jazolarni joriy etishdan oldin xabar berish mexanizmini ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Muhokama yakunida NNTlar mustaqilligini mustahkamlash, ma'muriy bosimdan himoya qilish va jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirish uchun qonunchilikni takomillashtirish zarur, degan xulosaga kelindi.

Qonun loyihasi bo‘yicha muhokamalar 21 martgacha davom etadi, takliflarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining veb-sayti orqali kiritish mumkin.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati