Toshkent viloyatida "NNT bog‘i" barpo etildi
15-mart kuni "Yuksalish" harakati "Nodavlat notijorat tashkilotlari bog‘i" ijtimoiy loyihasida ishtirok etdi.
Loyiha "Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili" davlat dasturi hamda "Yashil makon" umumilliy harakati doirasida Adliya vazirligi va O‘rmon xo‘jaligi tomonidan amalga oshirilmoqda.
"NNT bog‘i"ni yaratishdan maqsad – ekotizimni muhofaza qilish va tiklash, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish hamda yashil hududlarni kengaytirishdan iborat.
Loyihaning birinchi bosqichida Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida "NNT bog‘i" yaratilishida 50 dan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti ishtirok etdi. Bog‘ qariyb ikki gektar maydonni egallab, unda mahalliy iqlimga mos 2000 dan ortiq manzarali va mevali daraxtlar ekildi.
Har bir tashkilot uchun "NNT bog‘i"da alohida uchastkalar ajratilgan bo‘lib, ko‘chatlar parvarishi doimiy nazorat qilib boriladi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, yashil hududlarni kengaytirishga qaratilgan loyiha doirasida mamlakatning boshqa hududlarida ham "NNT bog‘lari" barpo etish rejalashtirilgan.