@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

"Yuksalish" harakati va Salomatlik va strategik rivojlanish instituti hamkorlik memorandumini imzoladi

 2025-02-28 18:11:50   |     Просмотров: 2816

28-fevral kuni "Yuksalish" harakati, Salomatlik va strategik rivojlanish instituti, O‘zbekistondagi JSST vakolatxonasi, O‘zbekiston jurnalistlarini qayta tayyorlash markazi hamda Ibn Sino jamoat fondi vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Ishtirokchilar zamonaviy hayot sharoitida kamharakat turmush tarzi va noto‘g‘ri ovqatlanish inson hayotining ajralmas qismiga aylanib borayotganini ta’kidlab, sog‘lom odatlarni targ‘ib qilish dolzarb masalaga aylanganini aytib o‘tishdi. O‘zbekiston ham, boshqa ko‘plab mamlakatlar singari yuqori qon bosimi, qandli diabet va yurak-qon tomir kasalliklari kabi kasalliklarning ko‘payishiga duch kelmoqda. Bu turmush tarzi o‘zgarishi, ya’ni jismoniy faollikning pasayishi, yog‘, shakar va tuz miqdori ko‘p bo‘lgan mahsulotlarning ratsionda ustunlik qilishi hamda stress darajasining yuqoriligi bilan bog‘liq.

Shu bois, aholiga to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik va zararli odatlardan voz kechishning zarur ekanligini tushunish muhimdir. Faqat o‘z tanasi va sog‘lig‘iga ongli munosabat orqali umr davomiyligini oshirish va millat farovonligiga erishish mumkin.

Tadbir doirasida "Yuksalish" harakati va Salomatlik va strategik rivojlanish instituti o‘rtasida 2025-yil uchun hamkorlik memorandumi va maqsadli ish rejasi imzolandi.

Maqsad – O‘zbekistonning barcha hududlarida sog‘liqni saqlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish tashabbuslarini amalga oshirish. U quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

• "Fuqarolik jamiyati haftaligi" doirasida sog‘liqni saqlashga bag‘ishlangan forumlar, davra suhbati, mahorat darslarini tashkil etish;

• aholi o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazish;

• hamkorlikdagi loyihalar va dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish.

Ma’lumot uchun: Salomatlik va strategik rivojlanish instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-sentabrdagi 156-sonli farmoniga muvofiq tashkil etilgan. Institutning asosiy vazifalari sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va yuqumsiz kasalliklarning oldini olish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va zararli odatlarga qarshi kurashishdan iborat. Shuningdek, institut sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

Memorandum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan "Sog‘lom inson – sog‘lom millat" g‘oyasini milliy harakatga aylantirish tashabbusiga javob beradi. Bu Salomatlik va strategik rivojlanish instituti va "Yuksalish" harakati hamkorligi sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni yanada kuchaytirishga yordam beruvchi muhim qadamdir.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati