@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Yoshlar salohiyati va ishga joylashishdagi qiyinchiliklar: ish beruvchilar fikri

 2025-02-10 16:17:36   |     Просмотров: 2732

Inson kapitalini rivojlantirish mamlakatning muvaffaqiyatli iqtisodiy o‘sishi va ijtimoiy farovonligining asosiy omili hisoblanadi. Bu tushuncha nafaqat ta'lim darajasi va kasb ko‘nikmalari, balki salomatlik sifati, motivatsiya, innovatsion tafakkur va o‘zgarayotgan sharoitlarga moslashish qobiliyatini ham o‘z ichiga oladi.

O‘zbekistonda mehnat bozorini rivojlantirish va aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 2024-yilning boshida investitsion loyihalar va sanoatni rivojlantirish doirasida besh million kishining ishga joylashishi uchun sharoit yaratish rejalashtirilgan edi. Bundan tashqari, tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi.

So’nggi yillarda yoshlar bandligini ta'minlash va ularning muammolarini hal etish maqsadida “Yoshlar daftari” tizimi joriy etildi. Shuningdek, butun mamlakat bo‘ylab “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasbiy ta'lim markazlari, qisqa muddatli kurslar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Prezident tomonidan tilga olingan strategik maqsadlardan biri yaqin uch yil ichida kambag‘allik darajasini 11% dan 7%ga tushirish bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar shu maqsadga xizmat qiladi.

Ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish bo‘yicha murakkab yondashuv mamlakatning barqaror rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratadi, fuqarolar farovonligining o‘sishiga va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shadi.

“Yuksalish” harakati ish beruvchilarning yosh mutaxassislarni ishga qabul qilish bo‘yicha fikrini o‘rganish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazdi. Ushbu tahlil yosh mutaxassislarni tayyorlash va ish bilan ta'minlash sohasida mavjud muammolar va imkoniyatlarni tushunishga yordam beradi.

Google Forms platformasidan foydalangan holda o‘tkazilgan so‘rovnoma kichik va o‘rta biznes vakillari, fermer xo‘jaliklari, davlat idoralari, NNT yetakchilari va rahbarlarini qamrab oldi. Unda 23 yoshdan 55+ yoshgacha bo‘lgan 828 kishi qatnashdi. Respondentlar soni O‘zbekistonning turli hududlaridagi aholi soniga mutanosib ravishda taqsimlandi.

So‘rovnoma turli yosh guruhlarini qamrab olgan bo‘lib, yosh kadrlar bilan hamkorlik qilish tajribasini turli nuqtayi nazarlardan ko‘rib chiqish imkonini beradi. Ishtirokchilarning ko’pchiligini, ya’ni, 67% 25 yoshdan 45 yosh oralig‘idagi fuqarolar tashkil etadi. Katta yoshli guruh vakillarining salmoqli ulushi (45–55 yosh – 24,6% va 55+ yosh – 8,4%) ularning jarayondagi faol ishtiroki va yosh mutaxassislar bilan ishlashda katta tajribaga ega ekanligini ko‘rsatdi.

Respondentlarning 47,5% erkaklar, 52,5% ayollar bo‘lib, so‘rovnoma O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab oldi.

Respondentlarning faoliyat sohalari

Ishtirokchilarning 41,5%i davlat muassasalarida ishlaydi, bu davlat sektorining asosiy ish beruvchi va kadr tashabbuslari manbayi sifatidagi rolini ta'kidlaydi. Kichik va o‘rta biznes ham katta ulushni egallaydi – 22,5%, yirik biznes vakillari esa – 5,2%ni tashkil etadi. Bu yosh mutaxassislarning xususiy sektordagi rivojlanish va innovatsiyalar uchun ahamiyatliligini ko‘rsatadi. Nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari 14,6%ni, fermer xo‘jaliklari esa 6,5%ni, boshqa soha vakillari – 9,7%ni tashkil etadi. Ular ham moslashuvchanlik va yangi yondashuvlarga bo‘lgan ehtiyojni ta'kidlagan holda yosh mutaxassislarni faol jalb qilishadi.

Ish beruvchilar qanday kamchiliklarni ko‘ryapti?

Ish beruvchilarning taxminan uchdan bir qismi – 27,8% – kadrlar tomonidan OTMda olingan bazaviy bilimlar yetarli emasligini ta'kidlaydilar. Bu ta'lim dasturlarini qayta ko‘rib chiqish va talabalarni amaliyotga ko‘proq yo‘naltirish zarurligini ko‘rsatadi.

Mustaqil rivojlanishga bo‘lgan motivatsiyaning  pastligi – 29,3% foiz ishtirokchi tomonidan yana bir muammo sifatida belgilangan. So‘rov natijalaridan ma'lum bo‘lishicha, rahbarlarning 8,7% mustaqil professional rivojlanishga harakat qilmaydigan, 8,1% – tizimli va tanqidiy fikrlay olmaydigan, 4% - muloqot ko‘nikmalari va 2,9% liderlik sifatlariga ega bo‘lmagan yosh kadrlarga duch kelmoqda. Bu rag‘batning yo‘qligi va o‘qish uchun sharoitning yetarli emasligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Respondentlarning 8,3% yosh kadrlarda axborot texnologiyalari bilan ishlash bo‘yicha ko‘nikmalar yetarli emasligini ta'kidlamoqda. Ishtirokchilarning 9,9% yosh xodimlarning chet tillarni bilmasligi haqida aytgan. Biroq raqamlashtirish va globallashuv sharoitida bu zaruriy ko‘nikmalarsiz yosh xodimlarning kasbiy istiqbollari cheklanishi mumkin. Qolgan 1% respondentlar boshqa turli xil kamchiliklarni ko‘rsatib o‘tgan.

Ish beruvchilar yoshlarga qancha miqdorda maosh berishga tayyor?

Aksariyat ish beruvchilar yosh mutaxassislarga to’rt milliondan olti milliongacha bo‘lgan maoshni taklif qilishga tayyor.

Bu eng kam tajribaga ega xodimlar mehnati uchun to‘lanadigan pul miqdorini aks ettiradi. Respondentlarning ko‘pchiligi – 39,4% 4-5 million so‘m miqdoridagi mablag‘ni ish boshlash uchun maqbul deb biladi. So‘ralganlarning 37,9% yangi xodimlarga 5-6 million so‘m taklif qilishga tayyor. Ish beruvchilarning 11% 6 milliondan 8 million so‘mgacha maosh berishga tayyor bo‘lsa, 6,5% respondent  7-10 milliongacha mablag‘ni ish haqi sifatida ajrata olishini aytgan. Biroq yuqori haq to‘lanadigan vakansiyalar kam uchraydigan holatligicha qolmoqda – respondentlarning faqat 5,2% 10 million va undan yuqori maosh to‘lashga tayyor. Bu esa yosh mutaxassislarning ish boshlagan vaqtda munosib ish haqi olish imkoniyatini cheklaydi.

Vaziyatni qanday yaxshilash mumkin?

Malakali kadrlarni tayyorlashda yordam berishi mumkin bo‘lgan asosiy yo‘nalishlar sifatida ish beruvchilar quyidagilarni ko‘rsatgan:

•  46,6% respondent mustaqil rivojlanish uchun sharoit yaratish ustuvorligini bildirgan;

• 43,1% respondent fikricha, barqaror ish haqi va mukofot yoki grant kabi rag‘batlantirish tizimi orqali yosh mutaxassislarni ushlab qolish va ularning rivojlanishiga hissa qo‘shish mumkin;

• so‘ralganlarning 26,3% karyerada o‘sish uchun imkoniyat yaratish muhimligini ta'kidlagan bo‘lsa, 18,7% xorijda malaka oshirishlar tashkillashtirish ahamiyatiga urg‘u bergan, 23,6% yosh mutaxassislar bilan ishlash strategiyasini e'tirof etgan, 2,2% ishtirokchi esa javob berishga qiynalgan.

Onlayn platformalar, shaxsiy kontaktlar va bandlikka doir saytlar ish beruvchilar uchun yosh mutaxassislarni qidirishda asosiy manba bo‘lib qolmoqda. So‘ralganlarning 37,2% ishga yollash jarayonida raqamli texnologiyalar ahamiyatining ortib borayotganini ta'kidlagan. Bundan tashqari, 24,6% kadrlarni OTMlar orqali, 21,6% – Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi orqali, 13,5% – mehnat birjasidan, 3,1% boshqa manbalar orqali izlashini bildirgan.

So‘rov natijalari tahlili asosida tavsiyalar:

1. Ta'lim dasturlarini qayta ko‘rib chiqish va amaliyot ko‘nikmalariga hamda nazariyani amaliyotda qo‘llashga urg‘u berish zarur. Shuningdek, talabalarga o‘qishni tugatgunga qadar kompaniyalarda haqiqiy ish tajribasini to‘plash imkoniyatini beradigan stajirovka va amaliyot dasturlarini ishlab chiqish muhim.

2. Ish beruvchilar xodimlar uchun ichki o‘quv va rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishi, shu bilan birga, tashqi kurslar va treninglarda ishtirok etishni rag‘batlantirishi mumkin. Buning ichiga onlayn kurslar va mustaqil ta'lim platformalarida o‘qishni ham kiritish mumkin.

3. Raqobatbardosh mehnat shart-sharoitlari bilan bir qatorda, ijtimoiy va tibbiy imtiyozlarni o‘z ichiga olgan takliflar ish beruvchining salohiyatini oshirishi mumkin.

4. Ish beruvchilar bo‘lajak kadrlarni bozor talablariga tayyorlash uchun oliy o‘quv yurtlari bilan faol hamkorlik qilishi lozim. Bu hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomalar, qo‘shma dasturlar va ish beruvchilarning o‘quv jarayonlarida ishtirok etishini o‘z ichiga olishi lozim. Nodavlat tashkilotlar yosh kadrlarni tayyorlashda muhim ro’l o‘ynaydi, ular qo‘shimcha o‘quv dasturlari va resurslarni taklif qilishi mumkin.

5. Yosh mutaxassislar o‘zlarini qadrli va e'tiborga loyiq deb his qilishlari uchun ijobiy korporativ madaniyatni shakllantirish ham muhim ahamiyatga ega.

Ushbu tavsiyalar O‘zbekistondagi ish beruvchilarga yosh kadrlar salohiyatidan samarali foydalanishda yordam beradi, ularni zamonaviy mehnat bozori talablariga tayyorlaydi.

Ish beruvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov yosh kadrlar bilan ishlash afzallik va kamchiliklarini aniqladi. Asosiy muammolar sifatida bilimlarning yetishmasligi va mustaqil rivojlanishga bo‘lgan motivatsiyaning kamligi qayd etilgan. Shu bilan birga, ish beruvchilar barqaror maosh va kasbiy o‘sishga e'tibor qaratgan holda raqobatbardosh ish shart-sharoitlarini taklif qilishga tayyor. Nomzodlarni tanlash jarayonida raqamli platformalar va ta'lim muassasalari ahamiyatini ta'kidlash zarur.

Vaziyatni yaxshilash uchun ta'lim tizimini isloh qilish va yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini ishlab chiqishga sarmoya kiritish zarur. Bu OTMda olingan ko‘nikmalar va mehnat bozori talablari o‘rtasidagi tafovutni qisqartirishga yordam beradi.
                                                                                                                                           
                                                                                                                                               “Yuksalish” harakati matbuot xizmati