Yil sarhisobi: Samarqand viloyati
2024-yil yanvar-dekabr oylari davomida “Yuksalish” harakatiga jami 1590 dan ortiq fuqaro a'zolikka qabul qilindi. Shundan 120 nafari rahbar xodim va deputatlar, 185 nafari ilm-fan sohasi vakillari, 850 nafari talaba yoshlar va volontyorlar, 240 nafari psixologlar, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar va 195 nafari MFY faollaridir.
Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” harakatiga Davlat dasturining amalga oshirilishini joylarga chiqib, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tanqidiy o‘rganib borish va natijalari bo‘yicha har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borish vazifalari yuklatilgan.
Bu borada hududiy bo‘linma tomonidan yanvar-dekabr oylari davomida 31 marotaba jamoatchilik monitoringlari o‘tkazilgan.
Monitoringlar davomida aniqlangan 6 ta masala Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi Sessiyasiga, 12 ta masala esa shahar va tuman Kengashlariga kiritilib, hal etildi.
Shuningdek, yil davomida aholini qiynab kelayotgan 3 ta muammoni bartaraf etish bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari tashkil etilib, mas'ullar oldiga masalalar qo‘yildi va bartaraf etish choralari ko‘rildi.
“Yuksalish” harakati Samarqand viloyati hududiy bo‘linmasi, O‘zbekiston Notarial palatasi hamda “Madad” nodavlat-notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda Samarqand shahar va Kattaqo‘rg‘on tuman Davlat xizmatlari markazi binolarida fuqarolar uchun bepul huquqiy maslahat aksiyasi o‘tkazildi.
Mazkur aktsiya doirasida 50 nafarga yaqin turli yoshdagi aholi vakillariga oldi-sotdi shartnomalar, uy-joy masalalari, vorislik huquqi, oilaviy munosabatlar, chet davlatida vafot etganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar olish yuzasidan malakali notariuslar tomonidan bepul huquqiy maslahat berilib, amaliy yordam ko‘rsatildi.
Joriy yil davomida “Yuksalish” harakati tomonidan 2 marotaba e'lon qilingan “Biz donormiz” aksiyasi doirasida viloyat hokimligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmasi va ko‘ngilli volontyorlar jalb etildi.
Aksiya Samarqand viloyatida ham donorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va 54 l qon to‘plandi.
Shuningdek, Hududiy bo‘linma tomonidan joriy yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-martdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2024-yil yakuni bo‘yicha Samarqand viloyatida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi chora-tadbirlar rejasida ko‘zda tutilgan vazifalar viloyat hokimligi bilan birgalikda tahlil qilindi. Noyabr oyida o‘tkazilgan 2 ta jamoatchilik monitoringi davomida aniqlangan muammolar Xalq deputatlari viloyat kengashiga ma'lumot tarzida taqdim etildi.
Shuningdek, respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi Samarqand mintaqaviy filialida O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi Samarqand viloyat hududiy bo‘limi tomonidan Ijtimoiy davlat tushunchasi, fuqarolik jamiyatida jamoatchilik nazorati mavzusida seminar trening bo‘lib o‘tdi. Tadbirdan so‘ng markazda nogironligi bor bolalar uchun qulay sharoitlar yaratilganligi o‘rganildi.