@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Poytaxtimizda O‘zbekiston xayriya harakatini rivojlantirish forumi bo‘lib o‘tdi

 2024-12-04 18:04:33   |     Просмотров: 2384

Joriy yilning 4-dekabr kuni mamlakatimizda Fuqarolik jamiyati haftaligi doirasida O‘zbekiston xayriya harakatini rivojlantirish forumi  bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekistonda ijtimoiy siyosatga katta e’tibor qaratilmoqda. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va sog‘liqni saqlash dasturlarini amalga oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha tashabbuslar fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash va ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarning bir qismi, xolos.

Xayriyani rivojlantirishdagi katta yutuqlarga qaramay, bir qator muammolar, jumladan, moliyaviy oqimlarning shaffofligini oshirish, xayriya tashkilotlari o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni yaxshilash va fuqarolar o‘rtasida ijtimoiy mas’uliyat g‘oyasini ommalashtirish zarurati hamon mavjud.

“Yuksalish” harakati tomonidan tashkil etilgan forum ekspertlar, jamoat birlashmalari fikr almashish maydoniga aylandi.

“Yuksalish” harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Bobur Bekmurodov tadbirning ahamiyatiga to‘xtalib, shunday dedi:

— Maʼlumotlarga ko‘ra dunyo miqyosida har yili xayriyaga 500 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflanadi. Bu miqdorning katta qismi xususiy shaxslar tomonidan ajratiladi. Bugungi Forum – faqatgina bilim va tajriba almashish maydoni emas, balki yangi loyihalar, hamkorlik va innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish uchun imkoniyatdir. Mamlakatimizda xayriya qiluvchi insonlar ko‘p, biroq ular xayriya kerakli manzilga yetib borishi, barcha jarayonlar shaffof va ma'lum tartibda amalga oshishiga ishonch hosil qilishni xohlashadi. Mana shu ishlarni tizimli holda amalga oshirish yo‘llarini birgalikda muhokama qilamiz, — dedi Bobur Bekmurodov.

Ishtirokchilar xayriya rivojining dolzarb masalalari, uning ahamiyati va erishilayotgan natijalarni muhokama qildilar, sohani yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Shu bilan birga, muhokama mavzulari yangi madaniy-ijtimoiy muhitni yaratish, shuningdek, O‘zbekistonda xayriya tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bilan bog‘liq asosiy vazifalarni qamrab oldi. 

“Ezgu amal” fondi raisi Munira Xojaxonova ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarda  qo‘llab-quvvatlash naqadar muhim ekanini ta’kidladi. Og‘ir, ko‘pincha davolab bo‘lmaydigan kasalliklar bilan og‘rigan bolalarga palliativ yordam ko‘rsatadigan “Taskin” bolalar xospisi shunday loyihalardan biri.

— Xospisni tashkil qilish haqida ijtimoiy tarmoq orqali e'lon berganimizda bir oy ichida 2 mlrd so‘m mablag‘ to‘plaganmiz. Xususiy sektor, davlat va fuqarolik institutlari hamkorlikda ishlasagina, jamiyatdagi muammolarni hal qilishga qodir loyihalarni amalga oshirish mumkin. Rivojlangan davlatlarda o‘z vaqtida aniqlangan onkologik kasallikka chalingan bemorlarning 80% tuzalib, to‘laqonli hayotga qaytadi. Biz birgalikda harakat qilib, shunday natijaga erishmoqchimiz.

Xayriya nafaqat muhtojlarga yordam berish, balki mamlakat kelajagiga sarmoya kiritish, uning inson kapitalini rivojlantirish va hamjihatlikni mustahkamlash yo‘lida navbatdagi qadamdir.