@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Ijtimoiy mas’uliyat va ijtimoiy tadbirkorlik” forumi  

 2024-12-03 13:57:41   |     Просмотров: 2252

3-dekabr kuni Fuqarolik jamiyati haftaligi doirasida “Ijtimoiy mas’uliyat va ijtimoiy tadbirkorlik” jamoatchilik forumi bo‘lib o‘tdi.

“Yuksalish” harakati tomonidan sheriklar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda davlat organlari, ishbilarmon doiralar, xalqaro ekspertlar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari qatnashdi.

Ishtirokchilar ta’kidlashicha, ijtimoiy mas’uliyatli biznes nafaqat mijozlar, xodimlar va hamkorlar, balki jamiyat va atrof-muhit oldidagi mas’uliyatni oshirishni nazarda tutadi. Bunday biznes axloqiy tamoyillarga, jumladan, inson huquqlari, mehnat qonunchiligini hurmat qilish, barcha manfaatdor tomonlar bilan halol munosabatlar va biznesdagi shaffoflik asosiga qurilgan.

Muhokama davomida kompaniyalarga nafaqat ishlab chiqarish jarayonlari samaradorligini oshirish, balki jamiyat va atrof-muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatish imkonini beruvchi ijtimoiy va ekologik tashabbuslarni biznes modeliga integratsiyalashuv masalalariga e’tibor qaratildi.

Tadbirning ochilish qismida «Yuksalish» harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasi raisi Bobur Bekmurodov so‘zga chiqdi.

 – Bugun ijtimoiy muammolarni hal etish va kambag‘allikni qisqartirishda ijtimoiy tadbirkorlik butun dunyoda trendga aylanayotgan mexanizm hisoblanadi. Tadbirkorlarimiz nafaqat raqobatbardosh bo‘lishi, balki inson huquqlari, ekologiya va ijtimoiy barqarorlik masalalariga ham alohida eʼtibor qaratishlari lozim. Bizda ijtimoiy biznes bor, faqat uni kengroq targ‘ib qilishimiz kerak.

Muhim jihatlardan biri atrof-muhitni muhofaza qilishdir: kompaniyalar atrof-muhitga ko‘rsatayotgan ta’sirlarini kamaytirish, resurslardan samarali foydalanish, chiqindilarni kamaytirish va atrof-muhitni muhofaza qilish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga intiladi. Shu bilan birga, ijtimoiy mas’uliyatli biznes jamiyat taraqqiyotiga sarmoya kiritish, ta’lim, madaniyat va sport loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun ish o‘rinlari yaratish, xayriya tadbirlarida faol ishtirok etish kabi tadbirlarni amalga oshirmoqda. 

Xodimlarga g‘amxo‘rlik qilish ham muhim rol o‘ynaydi, chunki bu -munosib mehnat sharoitlari yaratish, adolatli ish haqi, kasbiy o‘sish imkoniyatlarini ta’minlash, inklyuziv va xavfsiz ish muhitini yaratishdir. Bunday kompaniyalar mijozlar bilan munosabatlarda yuqori sifatli tovarlar va xizmatlarni taqdim etadilar, axloqiy marketingni amalga oshiradilar va iste’molchilar manfaatlarini hisobga oladilar, ular bilan aloqada bo‘lib, faol hamkorlik qiladilar.  

Ijtimoiy mas’uliyat innovatsiyalarda ham namoyon bo‘ladi: ijtimoiy muammolarni hal qiluvchi mahsulotlar ishlab chiqish, startaplar va hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash strategiyaning muhim qismiga aylanmoqda.

Ijtimoiy mas’uliyatga yo‘naltirilgan biznes mijozlar va hamkorlarning ishonchini mustahkamlaydi, xodimlarning sodiqligini oshiradi, barqaror rivojlanishdan manfaatdor investorlarni jalb qiladi va ilg‘or kompaniya sifatidagi nufuzini oshiradi. Bu shunchaki trend emas, balki biznes, jamiyat va tabiat manfaatlarini birlashtirgan, barkamol kelajakni yaratuvchi uzoq muddatli yondashuvdir.

Fuqarolik jamiyati haftaligining ikkinchi kunida bo‘lib o‘tgan «Ijtimoiy mas'uliyat va ijtimoiy tadbirkorlik» forumida Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslonov so‘zga chiqdi va sohadagi muammolarni sanab o‘tdi:

 – O‘tgan yil kambag‘allikni 11%ga qisqartirishga erishildi. Ammo hali qilinadigan ishlar ko‘p va bunda tadbirkorlar armiyasi davlatga ko‘maklashishi kerak. Hozirda ijtimoiy tadbirkorlik borasida Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlar tajribasini o‘rganyapmiz. Hal qilinadigan ishlar ko‘p. Birinchisi, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish, ijtimoiy korxonalar uchun imtiyozlar yaratib berish. Ikkinchisi, ijtimoiy yo‘naltirilgan tadbirkorlik subyektlarini doimiy qo‘llab-quvvatlash uchun uyushma tashkli etish. «Yordam berish oson», «Imkoniyat» va shu kabi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlaydigan tashkilotlar ko‘p, lekin hammasi haqida bilmaymiz. Sohadagi bo‘shliqlarni aniqlab, muammolarni hal etsak, ijobiy o‘zgarishlarga erishamiz.

Forum yakunida ijtimoiy mas’uliyatli biznesni tushunish madaniyatini shakllantirish, ijtimoiy mas’uliyatdan ijtimoiy biznesga o‘tish, shuningdek, zamonaviy biznes menejerlarini tayyorlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi. 

“Ijtimoiy mas’uliyat va ijtimoiy tadbirkorlik” jamoat forumi barqaror va ijtimoiy yo‘naltirilgan tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbus va kelishuvlarni muhokama qilish imkonini berdi. Ishtirokchilar asosiy ijtimoiy va ekologik muammolarni hal qilish uchun ijtimoiy mas’uliyat tamoyillarini biznes jarayonlariga integratsiya qilish zarur, degan xulosaga kelishdi.