@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Fuqarolik tashabbuslari haftaligining birinchi kuni natijalari

 2024-12-02 20:23:38   |     Просмотров: 2251

Bugun, 2-dekabr kuni Fuqarolik jamiyati haftaligi boshlandi. Besh kun davomida bir qator muhim tadbirlar oʻtkazilishi kutilmoqda.

Xalqaro tadbirning ochilishida Senat va Adliya vazirligi vakillari, Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyo boʻyicha vakillari soʻzga chiqdi. 

Haftalikning birinchi kunida Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi boʻlib oʻtdi. Uning oʻtkazilishi koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, mintaqa davlatlari oʻrtasidagi hamkorlik va yaqin qoʻshnichilik munosabatlarini chuqurlashtirishga qaratilgan. Forumda 100dan ortiq tahliliy markaz ekspertlari ishtirok etdi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan "Yuksalish" harakati raisi, Qonunchilik palatasi qo‘mitasi raisi Bobur Bekmurodov ta’kidladi:

– Yangi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati nafaqat ijtimoiy muammolarni hal qilishga yordam beruvchi kuch, balki demokratik jarayonlarni rivojlantirish va aholining har tomonlama farovonligini ta’minlashdagi muhim bo‘g‘indir. Shu nuqtayi nazardan, mazkur Haftalik davlat va fuqarolar o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek, jamiyatdagi muammolarni hal qilishda fuqarolik jamiyatining o‘rni va ahamiyatini yana bir bor ta’kidlashda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Ishtirokchilar Markaziy Osiyoda demokratlashtirish jarayonida fuqarolik jamiyatining oʻrni, nodavlat notijorat tashkilotlarining mahalliy rivojlanishga qoʻshayotgan hissasi va islohotlarni qoʻllab-quvvatlash, nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat idoralari oʻrtasidagi hamkorlikning samarali strategiyalarini muhokama qildilar.   

–  Fuqarolik jamiyati institutlari mamlakat ichkarisidagi faoliyatdan tashqari, xalq diplomatiyasi orqali davlatlar, jamiyatlar o‘rtasidagi munosabatlarni takomillashtirishga,  ijobiy imijni yaxshilash, madaniy aloqalarni bog‘lashda o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajarib kelmoqda, – «Taraqqiyot strategiyasi» markazi direktori Eldor Tulyakov. – Madaniy ko‘rgazmalar, ta'limda talabalar almashinuvi Markaziy Osiyo mamlakatlari do‘stlik aloqalarini tiklashga yordam bermoqda. Ijtimoiy tarmoqlar, onlayn platformadan foydalanish orqali keng janoatchilik qatlamlariga yetib bormoqda. Fuqarolik jamiyati institutlari davlat tashabbuslarni to‘ldirib, xalq diplomatiyasi ta'sirini kengaytirmoqda. Forum tashkil etilishi ham xalq diplomatiyasining amaldagi namoyoni.

Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston ishtirokchilari umumiy muammolar, hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar, shuningdek, fuqarolik tashabbuslarini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab oldilar. Asosiy e'tibor jamoat tashkilotlari faoliyati barqarorligi, fuqarolik sektorining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi oʻrni va davlat organlari bilan hamkorligi masalalariga qaratilmoqda.

– Bizning mamlakatlarimizda umumiylik ko‘p, va xalqaro maydonda o‘zimizni faolroq namoyon etish vaqti keldi, – dedi Siyosat rivojlanish instituti (Qirg‘iziston) kengashi raisi Nadejda Dobretsova. – Markaziy Osiyo global jarayonlarning asosiy ishtirokchisiga aylanish salohiyatiga ega. Insonlar va mahalliy hamjamiyatlar o‘rtasidagi aloqalar alohida ahamiyatga ega. O‘zbekiston va Qirg‘izistonning an’anaviy mahalliy hamjamiyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimdir. O‘zbekiston Prezidenti mahallalar rivojlanishiga alohida e’tibor qaratmoqda, bu esa o‘zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlarini ochadi. Muhim masalalardan biri – ayollar holatini yaxshilash va energetik barqarorlikni ta’minlashdir. Fuqarolik jamiyati darajasida ishlash orqali biz yuqori natijalarga erishishimiz mumkin.O‘zbekiston va Qirg‘izistonning an’anaviy mahalliy hamjamiyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimdir. O‘zbekiston Prezidenti mahallalar rivojlanishiga alohida e’tibor qaratmoqda, bu esa o‘zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlarini ochadi.

Tojikistonlik “Atrof-muhitni muhofaza qilish yoshlar guruhi” jamoat tashkiloti rahbari Ikromjon Mamadov yoshlarning ekologik tashabbuslari, masalan, koʻkalamzorlashtirish va atrof-muhitning ifloslanishiga qarshi loyihalar aholining barqaror rivojlanish ahamiyatidan xabardorligini oshirishga xizmat qilishini ta'kidladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi mintaqaviy hamkorlik va tajriba almashish ekologik muammolarni samarali hal etishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, kelgusida ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy rivojlanish sohasida samarali yechimlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga xizmat qiladigan yagona ekspertlar hamjamiyatini shakllantirish zarurligi qayd etildi. Ishtirokchilar tomonidan kelgusidagi ishlar boʻyicha qator tavsiya va takliflar bildirildi hamda fuqarolik tashabbuslarini ilgari surish va mintaqaviy muammolarni hal etishda jamiyatning faol ishtiroki uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha oʻzaro yaqin hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
                                                                                                                                              “Yuksalish” harakati matbuot xizmati