“Yuksalish” harakati Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligida ishtirok etmoqda
Shu yilning 17-oktabridan 26-oktabriga qadar mamlakatmizda "Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida qator xalqaro anjumanlar bo‘lib o‘tadi.
Keng ko‘lamli tadbirning birinchi kuni saylovning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari va amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarga bag‘ishlangan sessiya bilan boshlandi. Haftalikning ochilishida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov so‘zga chiqdi.
Keng miqyosdagi tadbir xorijiy ekspertlar va mamlakatimiz mutaxassislari, tahlilchilarning Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, ularning mazmun-mohiyati, erishilayotgan yutuqlar va galdagi dolzarb vazifalar yuzasidan fikr almashish maydoniga aylanishi kutilmoqda.
Shuningdek, mamlakatimizda mutlaqo yangi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy muhitning vujudga kelishi, davlat ichki va tashqi siyosatining ustuvor vazifalari muhokama qilinadi.
– Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy islohotlar so‘z erkinligi, fikrlar xilma-xilligi, korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va ularning xalq oldidagi mas’uliyatini oshirishga qaratilgan, – deydi “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov. – Ochiqlik siyosati doirasida xalqaro reytinglardagi o‘rinlarimiz ham yaxshilanmoqda. 2023-yilda O‘zbekiston ODIN ochiq ma’lumotlar reytingida 195 davlat orasida 30-o‘rinni egalladi. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tashkil etildi. “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. 70 dan ortiq davlat organlarida ichki nazorat tuzilmalari tashkil etildi. Natijada O‘zbekiston Transparency International tashkilotining korrupsiyani idrok etish indeksida 2018-yilda 158-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2024-yilda 121-o‘ringa ko‘tarildi. Ya’ni, mamlakatimiz yetti yil davomida o‘z mavqeini muntazam oshirib kelayotgan davlatlardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, davlat organlari va mansabdor shaxslarning hisobdorligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida “Ochiqlik indeksi” joriy etilgani alohida ta’kidlandi. Hukumatni shakllantirish va uning faoliyatini nazorat qilishda partiyalarning roli ortib bormoqda. Bu yil parlament saylovlari ilk bor aralash saylov tizimi asosida o‘tkaziladi. Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Baxrom Qo‘chqorov joriy yilda saylov jarayonini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, axborotni tezroq qabul qilish, shuningdek, ko‘plab jarayonlarni avtomatlashtirish imkonini beruvchi “E-Saylov ” tizimi joriy etilganini ta’kidladi.
Xorijlik ekspertlar – Turan universiteti professori Jolimbet Baishev, Shvetsiyaning Lund universiteti professori Patrik Olsson va boshqalar saylov tizimini, jumladan, parlament saylovlarini rivojlantirishning ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Men 2019-yilgi parlament saylovlari va 2023-yilgi Prezidentlik saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashganman, – deya o‘z fikri bilan o‘rtoqlashdi Janubiy Koreya Mokvon universiteti professori Ikxyon Ri. Saylov uchastkalarini tashkil etish va ovoz berish tartiblari Koreyadagi bilan deyarli bir xil edi. Shuningdek, monitoring guruhi tashkil etilgan bo‘lib, ovoz berish joylarida yashirin ovoz berish tamoyiliga amal qilingan
Parlament saylovi mavzusiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lajak muloqot va konferensiyalardan biridir. Haftalik doirasida O‘zbekiston va boshqa mamlakatlardan 300 ga yaqin mutaxassislar ishtirok etishi uchun ekspert platformasi yaratilishi kutilmoqda. Ular “yashil” taraqqiyot, turizm, oziq-ovqat xavfsizligi, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va kichik biznesni rivojlantirish hamda boshqa ko‘plab mavzularni muhokama qiladi.
Bundan tashqari, aholi farovonligini oshirish uchun barqaror investitsiyalarni jalb qilish, amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalarni muhokama qilish, shuningdek, yoshlar, sport siyosati, Yangi O‘zbekiston tajribasi va bu sohalarda jahondagi jarayonlarni muhokama qilish uchun alohida platformalar tashkil etiladi. Natijada xorijiy va xalqaro hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishishga qaratilgan bitimlar imzolanishi kutilmoqda.
“Yuksalish” harakati matbuot xizmati