@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Nina Pikul bilan suhbat: Suv va ekologik muammolar haqida

 2024-08-21 12:53:49   |     Просмотров: 3670

Hozirgi kunda atrof-muhit muammolari har qachongidan ham dolzarb bo‘lib bormoqda. Ayniqsa, shaharlarning rivojlanishi, sanoatlashtirish va iqlim o‘zgarishi masalalari jiddiy e’tiborni talab qilmoqda. Ushbu mavzuda “Yuksalish” harakati tomonidan suv bo‘yicha mutaxassis Nina Pikul bilan suhbat o‘tkazdik. U sohada kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlar, hamda ekologik faollikni oshirishning ahamiyati haqida o‘z nuqtai nazarini bayon qildi.

Nina Alekseyevna, O‘zbekistonda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarida qanday ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi, deb o‘ylaysiz?

– So‘nggi paytlarda aholi ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan tadbirlarda ancha faol ishtirok etmoqda. Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani aholisi “Do‘stlik” bog‘ini qanday himoya qilgani yoki avvalgi rekonstruksiya paytida issiq mavsumda daraxtlarni sug‘orish uchun bog‘ga kelganini qayd etish mumkin.

So‘nggi yillarda maktab o‘quvchilari va talabalar ekologiya masalalari bo‘yicha ko‘proq loyihalarni ishlab chiqib, o‘z ta’lim muassasalari binolarida yanada qulay muhit yaratish haqida o‘ylay boshladilar.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ekologiya masalalariga katta e’tibor qaratmoqda. Davlatimiz rahbari atmosfera havosi sifatini monitoring qilish, yashil hududlarni yaratish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va boshqa ko‘plab vazifalarni belgilab berdi.

Ayni paytda blogerlar ekologik mavzularni ko‘tara boshladilar...

– Ha, ekologlar va atrof-muhit jonkuyarlarining faolligi ortib bormoqda. Ayniqsa, bu daraxtlarni kesish, ruxsatsiz qurilish kabi dolzarb muammolar bilan bog‘liq bo‘lsa. Ular iqlim o‘zgarishi kabi umumbashariy muammolarni ham ko‘tarmoqda. Afsuski, shunga qaramay, o‘z yechim va chora-tadbirlarini kutayotgan muammolar ham tobora ko‘payib boryapti.

Suvdan oqilona foydalanishga e’tibor qaratilsa, issiq havoda daraxtlarni qanday parvarish qilish kerak?

- Hozirgi vaqtda daraxtlarni parvarish qilish ishlari boshqaruv kompaniyalari tomonidan tashkil etilishi kerak. Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalarining 96-bandiga muvofiq,  Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi “Kommunal xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori doirasida yashil maydonlarni sug‘orish uchun ichimlik suvidan foydalanishga quyidagi istisno holatlarda ruxsat etilishi belgilangan:

• sug‘orish suvi yo‘q bo‘lganda;

• suv ta’minoti va kanalizatsiya obyektlarini tashkil etishning ruxsat etilgan quvvati va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq;

• shuningdek, faqat tungi vaqtda (soat 00:00 dan 05:00 gacha).

Bu borada toshkentliklarga qanday maslahat bera olasiz?

– Mahalla va boshqaruv kompaniyalari yer osti suvlari nasos stansiyalarini qurishga intilishi, sug‘orishning zamonaviy usullaridan foydalanishi zarur, deb hisoblayman. Ijobiy qadamlar ham bor. Masalan, yaqinda Yangi Toshkentda tozalangan chiqindi oqovalari hamda suv omborlarida to‘plangan yomg‘ir va erigan suvlardan foydalangan holda sug‘orish ishlarini olib borish rejalashtirilgani aytildi.

Salor kanali qirg‘og‘ida bitta boshqaruv kompaniyasiga biriktirilgan ikkita hududni qayd etish mumkin. Biri Bobur ko‘chasidan Qushbegigacha bo‘lgan joyda daraxtlar ekilgan, ammo sug‘orilmaydi. Yana bir hudud – Qushbegi ko‘chasidan kichik halqa yo‘liga qadar. Ushbu hududda sug‘orish yaxshi tashkil etilgan, suv nasoslar orqali chiqariladi. Natijada deyarli barcha ekilgan daraxtlar ko‘karib, hudud yam-yashil tus oldi.

Toshkentda vodoprovod suvini ichish mumkinmi, degan fikrlar hamon turlicha. Siz nima deb o‘ylaysiz?

– Toshkent shahrida vodoprovod suvi ichishga yaroqli, qo‘shimcha filtrlashni talab qilmaydi hamda tegishli standartlarga mos keladi.

O‘zbekistonning boshqa shahar va tumanlarida suv qattiqroq bo‘lgani uchun uni kamida 15 daqiqa qaynatish kerak.

Shahar kanallari, qirg‘oqlarini obodonlashtirish jarayonida suv havzalari yaqinidagi ko‘p yillik daraxtlar kesilayotganiga qanday qaraysiz?

– Daryo qirg‘oqlaridagi ko‘p yillik daraxt va o‘simliklar o‘ziga xos mikroiqlim, ekotizim hosil qiladi. Daraxtlar kesilganda mazkur ekotizim buziladi. Natijada oziqa manbasidan ayrilishi oqibatida qushlar ham yo‘qolib ketish xavfi ostida qoladi. Ha, kesilgan daraxtlarning o‘rniga yangilari ekilmoqda, ammo savol tug‘iladi: ular qachon avvalgi holatiga qaytadi?

Hozir O‘zbekiston uchun qaysi ekologik muammoni ustuvor deb bilasiz?

– Menimcha, bu resurslarni tejash va havonining ifloslanishi muammolari. Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekistonda chuchuk suv tanqisligi 2030-yilga borib yetti milliard kub/metrga yetishi mumkin. Tasavvur qiling, bu to‘rtta Chorvoq suv omborining hajmi.

Kanallarning ifloslanishi masalasi ham juda muhim. Ariqlarga chiqindi tashlab bo‘lmaydi. Korxona va tashkilotlar esa oqova suvlarini qonun hujjatlariga muvofiq tozalashlari shart.

Albatta, aholining suvdan foydalanishning qanchalik muhim ahamiyatga egaligini bilishi muhim. Hozirgi kunda ko‘pgina mamlakatlar suvni tejashga harakat qilmoqda. Misol uchun, tishlaringizni tozalash uchun har doim jo‘mrakni ochishdan ko‘ra, bir stakan suvdan foydalanish yetarli bo‘ladi. Suv – obi hayot, deb bejiz aytishmagan.

Havo holati ham kelajak avlodlar farovonligini ta’minlash uchun harakat qilishni talab etadi. Masalan, menimcha, havo sifatini o‘lchashni nazorat qiluvchi stansiyalar sonini ko‘paytirish kerak.

Bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ham muhim ahamiyatga ega. Misol uchun, jamoat transportini ekologik toza yoqilg‘iga o‘tkazish, Toshkent atrofida “yashil belbog‘” yaratish.

Yer, suv va tabiatni asrab-avaylashimiz, ularni kelgusi avlodlarimizga yetkazishimiz zarur.                                                                   

      Saida Mustafayeva

Fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik bo‘limi boshlig‘i