@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Himoyaga muhtoj guruhlar uchun davlat xizmatlarini takomillashtirish: davlat organlari va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi muloqot

 2024-06-28 11:39:22   |     Просмотров: 2175

Joriy yilning 25-iyun kuni Samarqand shahrida va 27-iyun kuni Farg‘ona shahrida "Davlat xizmatlari barcha uchun" shiori ostida davra suhbati o‘tkazildi.

Ushbu tadbirlar Germaniyaning Federal Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Vazirligi (BMZ) topshirig‘iga binoan GIZ (Germaniya Xalqaro Hamkorlik Jamiyati) tomonidan amalga oshirilayotgan “Samarali davlat boshqaruvi” dasturi va "Yuksalish" harakati tomonidan tashkil etildi.

Davra suhbati davomida ishtirokchilar nogironligi bo‘lgan shaxslar va ayollar uchun davlat xizmatlaridan foydalanishdagi mavjud masalalarni muhokama qildi va ushbu xizmatlarni takomillashtirish yo‘llarini taklif etdi.

O‘zbekiston byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va elektron davlat xizmatlariga o‘tish jarayonini kengaytirish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Hukumat, ayniqsa, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yoshlar uchun teng imkoniyatlarni yaratadigan inklyuziv muhitni yaratishni maqsad qilgan.

Hozirda O‘zbekiston Adliya vazirligi davlat xizmatlarini raqamlashtirishning asosiy ijrochisi sifatida quyidagi yo‘nalishlarga e'tibor qaratmoqda:

  • "Fuqarolar uchun qulay xizmat" tamoyili asosida davlat xizmatlari tizimini modernizatsiya qilish;
  • Davlat xizmatlari markazlarining imkoniyatlarini AKT orqali kengaytirish, onlayn xizmatlardan foydalanishni ommalashtirish va qog‘ozsiz hujjat yuritish tizimiga o‘tish;
  • Yangi turdagi davlat xizmatlarini yaratish va eskirgan xizmatlarni qayta ko‘rib chiqish.

Tadbirda 2024-yil boshida olib borilgan Samarqand va Farg‘ona viloyatlaridagi davlat xizmatlari sifatlari samaradorligi bo‘yicha tayyorlangan tahliliy hisobot taqdim etildi. Fuqarolik jamiyati vakillari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, tavsiyalar berdi.

Asosiy tavsiyalar quyidagilardan iborat:

  • nogironligi bor shaxslar va ayollar uchun ham oflayn, ham onlayn formatlarda davlat xizmatlaridan foydalanishning afzalliklari va jarayonlari to‘g‘risida xabardorlikni oshirish muhimligi;
  • nogironligi bor shaxslar uchun DXMlarning qulayligini va jihozlanishini yaxshilash, ayniqsa, panduslar, pol qoplamalari va hojatxonalar bilan bog‘liq masalalarga e'tibor qaratish;
  • davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonini takomillashtirishga qaratilgan loyihalarni ishlab chiqish va joriy etish.

Ushbu tavsiyalar fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida g‘oyalar tanlovining asosi bo‘lib qolishi aytib o’tildi. G‘olib deb topilgan loyihalar Germaniya hukumati nomidan GIZ moliyaviy ko‘magi yordamida qo‘llab-quvvatlanadi.
                                                                                                                                               “Yuksalish” harakati matbuot xizmati