@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Jamoatchilik eshituvi: “Muqobil energiya resurslarini rivojlantirish va quyosh panellari samaradorligini oshirish”

 2024-07-03 10:14:20   |     Просмотров: 1537

Joriy yilning 28-iyun kuni Oliy Majlisi Senati va “Yuksalish” harakati tashabbusi bilan “Muqobil energiya resurslarini rivojlantirish, xususan aholi, tadbirkorlik subyektlari va ijtimoiy obyektlarda quyosh stansiyalarini o‘rnatish” mavzusidagi jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.
Unda, senat a’zolari, mahalliy kengashlar deputatlari, vazirlik va idoralar, jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Bugungi kunda energiya tejamkorligini oshirish, ekologik toza, noan’anaviy va qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini yanada kengaytirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bois mamlakatimizda ham aholi va tadbirkorlik subyektlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishi masalasi dolzarb hisoblanib, bu borada so‘nggi yillarda qator me’yoriy hujjatlar, jumladan, “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi hamda “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunlar takomillashtirildi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Hukumatning bir qator qarorlari qabul qilindi.

Eshituvda “yashil” energetikani rivojlantirish, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy qilish, shu jumladan, aholi, tadbirkorlar va ijtimoiy soha obyektlarida quyosh panellarini o‘rnatish orqali energiya tejamkorligini ta’minlash borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha Energetika vazirligi vakillari hisoboti tinglandi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida hozirgi kunda respublika bo‘ylab umumiy quvvati 1800 MVt dan yuqori bo‘lgan 9 ta quyosh fotoelektr stansiyalari va 1 ta 200 MVt shamol elektr stansiyasi ishlab turganligi va gidro elektr stansiyalarida ishlab chiqarilayotgan quvvatlarni qo‘shib hisoblaganda yashil energiyadagi ulush qariyb 25 foizdan oshganligi ta’kidlandi.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ushbu stansiyalarda 1 532 mln KVt soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Yil yakuniga qadar shamol va elektr stansiyalarining umumiy quvvatini 4 200 MVt ga yetkazish rejalashtirilganligi ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-sonli qaroriga ko‘ra tashkil qilingan “Yashil energiya” kompaniyasi tomonidan har bir hududga 2 ta dan vakil biriktirilib, manzilli ro‘yxat shakllantirilgan.

Unga ko‘ra, Yashil energiya kompaniyasi tomonidan Respublika bo‘yicha 895 ta ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralariga jami 40 MVt quvvatda quyosh panellari o‘rnatilgan.

Shu bilan birga, sohadagi muammo va kamchiliklarga to‘xtalib o‘tildi.

Xususan, “Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringlarida muqobil energiya resurslaridan foydalanish maqsadida ijtimoiy obyektlarga quyosh panellari o‘rnatilishi jarayonlarida bir qator xato va kamchiliklarni kuzatdik. Masalan maktab, mahalla va tibbiyot muassasalarida o‘rnatilgan panellarning quvvati bor yo‘g‘i 2-3 ta kompyuter va 5-6 ta yoritish chiroqlariga yetadi holos. O‘rnatilgan quyosh panellariga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar yetishmaydi” – dedi “Yuksailsh” harakati raisi Bobur Bekmurodov.

Mutasaddi tashkilot vakillari bunga javoban bugungi kunda quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha yagona texnik talab va standartlar ishlab chiqilganligini hamda ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligini ma’lum qildi.

Eshituv yakuni bo‘yicha muqobil energiya resurslarini rivojlantirish bo‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga tavsiyalar berildi.