@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Ekologiya masalalari Markaziy Osiyo ekspertlari nigohida

 2024-07-03 11:53:53   |     Просмотров: 2150

2-iyul kuni “Yuksalish” harakati Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumining “Markaziy Osiyo ekologik muloqoti: ishtirok etish, rivojlanish va barqarorlik” mavzusidagi birinchi onlayn anjumanini o‘tkazdi.

Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilar “yashil” energiyani rivojlantirish jihatlari, havo sifati, energiya samaradorligi, iqlim o‘zgarishi va boshqa masalalarni muhokama qildi.

2022-yil noyabr oyida Toshkent shahrida tashkil etilgan Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi mintaqa davlatlaridan 100 dan ortiq fuqarolik jamiyati faollari, jamoat tashkilotlari faollari va jamoatchilik fikri yetakchilarini birlashtiradi.

– Mintaqamiz jiddiy ekologik muammolarga duch kelmoqda. Orol dengizining qurishi, cho‘llanish va yerlarning degradatsiyasi, daryo va ko‘llarning kimyoviy moddalar va pestitsidlar bilan ifloslanishi, sanoat chiqindilari va avtomobillar chiqindisi tufayli yirik shaharlar havosining ifloslanishi, shuningdek, chiqindilarni boshqarishning samarali tizimlari yo‘qligi va bularning barchasi – afsuski, hayotimiz bir bo’lagiga aylandi – dedi “Yuksalish” harakati raisi, O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov. – Ushbu muammolarni hal qilish har tomonlama yondashuvni, jumladan, xalqaro hamkorlikni talab qiladi. Masalan, O‘zbekiston 2030-yilgacha atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini qabul qildi. Mamlakatimizda havo, suv va tuproq sifatini yaxshilash, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Ko'p ishlar qilinmoqda, ammo zamonaviy muammolar zudlik bilan kelishilgan harakatlarni talab qiladi. Mutaxassislarning kelgusi besh yil ichida bizni nima kutayotgani haqidagi prognozini eshitish ham muhimdir. Biz yerni ota-bobolarimizdan meros emas, farzandlarimizdan qarz oldik, deb bejiz aytishmagan.

“Yuksalish” harakatining Fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik boʻlimi boshligʻi Saida Mustafoyeva ushbu mavzu ekotarmoq faollari tomonidan Markaziy Osiyo uchun eng dolzarb mavzulardan biri sifatida tanlanganini taʼkidladi. Ayni shu masalarni muhokama qilish uchun hamfikrlarni birlashtirishga qaratilgan tashabbuslar avval ham qo‘llab-quvvatlangan. Masalan, 2021-yilda Ekoforum o‘tkazildi va iqlim tarmog‘i ham yaratildi.

“Ushbu uchrashuvning ahamiyatiga ortiqcha baho bermoqchi emasman. Shuni aytishim mumkinki, Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi allaqachon fuqarolik jamiyati uchun umumiy strategiyalarni ishlab chiqish, bilim almashish uchun gibrid formatda ishlaydigan mintaqaviy platformaga aylandi”, - dedi Qozog'istonning mintaqaviy dasturlar direktori Kaysha Ataxanova.

Onlayn anjuman ishtirokchilari mintaqadagi dolzarb ekologik muammolarni tahlil qilib, ularni hamkorlikda hal etish imkoniyatlarini belgilab oldi.

Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi yetakchi maslahatchisi Saidrasul Sanginov O‘zbekistonda bugungi kunda muqobil energiya, jumladan, quyosh elektr stansiyalari rivojlanayotganini, shamol turbinalari ustida ish olib borilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya chiqindilarini qayta ishlash amaliyotini ham ko’rib chiqish taklifini berdi, zero, kelajakda bu masala dolzarblashadi.

– Biz atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarida faol ishtirok etmoqdamiz, – dedi Ekopartiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Hamzaev. – Joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida partiyamizga ikki mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Bu ekologik muammolar tobora kengayib borayotganidan dalolat, deyish mumkin. Endilikda yangi tashabbuslar bilan chiqish zarur. Qo‘shni davlatlar bilan sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun Markaziy Osiyo ekologik ittifoqini tashkil etish taklifini beramiz. Bundan tashqari, transchegaraviy “yashil” maydonlarni yaratish, shuningdek, biologik xilma-xillikni saqlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.

Tojikistondagi “Atrof-muhitni muhofaza qilish yoshlar guruhi” nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Ikromjon Mamadov “Yashil patrul” dasturi va dastur doirasidagi tadbirlar va yoshlar forumi haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekistonda bo‘lgani kabi Qozog‘istonda ham muqobil energiya manbalarini rivojlantirish masalalari dolzarbligicha qolmoqda. Ushbu sohadagi mutaxassis ularni amalga oshirish tafsilotlari bilan tadbir davomida o'rtoqlashdi.

– Qozog‘iston qayta tiklanuvchi energiya manbalarini bosqichma-bosqich rivojlantirmoqda. Agar 2019-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish ko‘rsatkichi 2,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2060-yilga borib ko‘rsatkichni 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan, - dedi Qozog‘istondagi “Qazaq Green qayta tiklanuvchi energiya” uyushmasi direktorlar kengashi raisi Nurlan Kapenov. – Bu borada transmilliy oqimlarni yaratish masalasini ko‘rib chiqish kerak. Markaziy Osiyo davlatlari transmilliy “yashil” energiya tizimiga birlashishi mumkin, biz bir-birimizga yordam bera olamiz. Ha, tabiiy manbalar bor, lekin qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish haqida ham o'ylash kerak.

Qirg‘izistondagi “BIOM” ekologik harakati boshqaruvi raisi Vladimir Korotenko ham o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. U iqlim xavfining oldini olish, barqaror iqlimni saqlash va tabiiy ekotizimlar buzilishiga yo’l qo’ymaslik uchun Markaziy Osiyo mintaqasida bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishni taklif qildi.

Anjuman ishtirokchilari atrof-muhit masalalari, jumladan, ta’lim sohasida, xususan, biologik bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlari uchun darsliklar yoki onlayn platformalar yaratish bo‘yicha muloqotni rivojlantirish va hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining barqaror rivojlanishi uchun sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirish muhimligini ta’kidladi. Bundan tashqari, ishtirokchilar tashabbusi bilan ekologiya va barqaror rivojlanish yoʻnalishidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun Markaziy Osiyo ekologik tarmog’i tuzildi.