“Yuksalish” harakati UNFPA bilan hamkorlik qiladi
Joriy yilning 18-iyun kuni “Yuksalish” harakati hamda BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o’rtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi.
Eslatib o’tamiz, 2-aprel kuni “Yuksalish” harakatining anjumanlar zalida tomonlarning uchrashuvi tashkil etilgandi. Unda hamkorlik istiqbollari, shuningdek, o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash va “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish imkoniyatlari muhokama qilingandi.
Navbatdagi uchrashuvda “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov hamda BMT Aholishunoslik jamg‘armasining mamlakatimizdagi doimiy vakili Nigina Abaszade reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, gender tengligi va ayollar huquqlarini kengaytirish, gender asosidagi zo'ravonlikning oldini olish yo’nalishlarida oʻzaro manfaatli hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdi.
Memorandum doirasida tomonlar oʻz vakolatlari doirasida hamkorlikda quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshiradi:
- mahalliy hamjamiyat darajasida reproduktiv salomatlik, gender tengligi va ayollar huquqlarini kengaytirish masalalari bo'yicha axborot kampaniyalarini o'tkazish;
- yoshlarning siyosiy muhim masalalarni muhokama qilish, yechimini taklif qilish va davlat organlari vakillari bilan o‘zaro hamkorlik qilishda ishtirok etishi uchun platforma yaratish;
- gender asosidagi zo'ravonlik va uning oqibatlari to'g'risida xabardorlikni oshirish, zo'ravonlik qurbonlarining ijtimoiy himoya tizimidan foydalanish va mutaxassislarga murojaat qilishning mavjud tizimiga yo'naltirilgan axborot tadbirlarini o'tkazish;
- media mahsulotlarni yaratishda gender sezgirligi asoslari bo'yicha ommaviy axborot vositalari bilan ishlashni rag'batlantirish;
- inklyuzivlikni hisobga olgan holda aholining ayrim zaif qatlamlari – ayollar, bolalar, yoshlar bilan ishlash uchun ijtimoiy xalqaro me’yoriy hujjatlarni O‘zbekiston voqeliklariga moslashtirish;
- ijtimoiy soha xodimlari, huquqni muhofaza qilish organlari vakillari uchun bolalar va yoshlarga do'stona munosabatda bo'lish amaliyotini o'tkazish bo'yicha qo'llanmalar ishlab chiqish.
Ma’lumot uchun: UNFPAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 1993-yilda ochilgan va shundan buyon mahalliy va respublika miqyosida loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Faoliyati asosan, demografiya, sog‘lom turmush tarzi, yoshlar va ayollar bilan ishlash, OAVda gender masalalari, inson huquqlarini to‘g‘ri yoritish, ayollarga nisbatan zo'ravonlikning oldini olishga qaratilgan.
“Yuksalish” harakati matbuot xizmati