@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Creative Associates International” xalqaro tashkiloti vakillari bilan uchrashuv

 2024-06-14 22:01:54   |     Просмотров: 2299

2024-yilning 14-iyun kuni “Yuksalish” harakati raisining o’rinbosari A.Mamatxanov “Creative Associates International” (Creative) xalqaro tashkiloti prezidenti va bosh direktori Leland Kruvant bilan uchrashdi.

Uchrashuvda, shuningdek, tashkilotning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Keyt Lafem hamda uning o'rinbosari Zuhra Soliyeva qatnashdi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad – “Creative”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda “Yuksalish” harakati hamkorlikda amalga oshirayotgan “Barcha bolalar muvaffaqiyatli” loyihasining borishi, Harakat faoliyati bilan yaqindan tanishish va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikning imkoniyatlarini muhokama qilish.

“Barcha bolalar muvaffaqiyatli” (All Children Succeeding) loyihasi AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtirilayotgan besh yillik loyiha bo‘lib, byudjeti 25 million dollarni tashkil etadi. Loyiha umumta’lim maktablaridagi boshlang’ich sinf o’quvchilarini va maktabgacha taʼlim muassasalarida har bir bolani sifatli inklyuziv taʼlim, zarur materiallar bilan taʼminlash va qoʻllab-quvvatlash orqali Oʻzbekistondagi taʼlim muhitini yaxshilashga qaratilgan. Ushbu loyiha inklyuziv ta’lim tizimini rivojlantirish va barcha o‘quvchilarning, jumladan, nogironligi bor bolalarning asosiy ko‘nikmalarini oshirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Sa’y-harakatlar inklyuziv ta’lim tamoyillarini integratsiyalashgan holda o‘quv-uslubiy materiallarni qayta ko‘rib chiqish, mamlakatning keng ko‘lamli ta’lim ehtiyojlarini yanada yaxshilash maqsadida pedagoglar, maktab rahbarlari va boshqa mutaxassislarning malakasini oshirishga qaratiladi. Loyiha Namangan va Sirdaryo viloyatlaridagi 1000 ta maktabda sinovdan o‘tkazilmoqda.

Loyihada “Yuksalish” harakati inklyuziv taʼlim boʻyicha jamoatchilikni tushunish, idrok etish va faolligini oshirish uchun hukumat va fuqarolik jamiyati oʻrtasida axborot almashinuvi va muloqotini rivojlantirish yoʻnalishida ish olib boradi.

Uchrashuvda “Yuksalish” harakatining asosiy faoliyati hamda inson huquqlari, iqlim o’zgarishi, bolalar va yoshlarni, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo’llab-quvvatlashga qaratilgan qoʻshma loyihalari haqida ma’lumot berildi. 

O‘z navbatida, janob Leland Kruvant tashkil etilgan ushbu uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlarni, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.

“Barcha bolalar muvaffaqiyatli” loyihasini amalga oshirish doirasida eng yaxshi mutaxassislarni jalb etishga tayyorligini bildirdi. O’zbekiston hukumatining ko‘magi va “Creative” imkoniyatlari bilan inklyuziv ta’limda yaxshi natijalarga erishish mumkinligini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o’zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga umid bildirishdi.

Ma’lumot uchun, “Creative Associates International” tashkiloti 1977-yilda tashkil etilgan bo’lib, uning ekspertlari Qo’shma Shtatlarda inklyuziv ta’lim, iqtisodiy o’sish, davlat boshqaruvi, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamining turmush tarzini qo’llab-quvvatlash, fuqarolik jamiyati salohiyatini oshirish, saylovlar shaffofligi va fuqarolar xavfsizligi sohalarida turli loyihalarni amalga oshirib keladi. Tashkilot o’z dasturlarini Afrika, Osiyo, Lotin Amerikasi va Karib havzasi, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika kabi 30 dan ortiq mamlakatlarda olib boradi. 90 dan ortiq mamlakatda loyihalarni amalga oshirgan.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati