“Bolalar va yoshlar uchun do'stona mahalliy boshqaruv” tashabbusi: sarhisob va rejalar
Joriy yilning 5–mart kuni Toshkentda “Bolalar va yoshlar uchun do‘stona mahalliy boshqaruv” tashabbusining yakuniy sarhisob anjumani bo’lib o’tdi. Unda ishtirokchi shaharlarning mahalliy hokimliklari tomonidan Tashabbus doirasida amalga oshirgan ishlari, erishgan natijalari taqdimot qilindi.
Shveytsariya Taraqqiyot va hamkorlik agentligi moliyaviy ko’magida “Yuksalish” harakati, UNICEF bolalar jamg’armasi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligidagi ushbu innovatsion Tashabbus ikki yil mobaynida Qo‘qon, Zarafshon, Termiz, Yangibozor va Bo‘ston shaharlarida o’tkazildi.
Tashabbus mahalliy hokimlik organlarining bolalar va yoshlar manfaatlarini nazarda tutuvchi qarorlar qabul qilishini ta'minlashga qaratilgan edi. Uning doirasida hokimliklar vakillari, yosh o'g'il-qizlar va yoshlar huquqlari hurmat qilinadigan sog'lom, g'amxo'r, xavfsiz, o'rganish imkoniyatlari bo’lgan, rag'batlantiriladigan, kamsitishlardan xoli va va inklyuziv muhitlarni yaratish uchun birgalikda harakat qildi.
— O‘zbekistonda yosh avlodning qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Respublikamizning 5 ta shahri ushbu Tashabbus doirasida bolalar va yoshlarning farovonligi bilan bog‘liq qarorlar qabul qilish jarayonlarida ularning bevosita ishtirok etishiga tizimli yondashdi. Mahalliy hokimliklar va yoshlar o‘rtasidagi hamkorlikning samarali mexanizmi paydo bo‘ldi. Bu mexanizmni kelgusida boshqa shaharlarda ham qo‘llash mumkin, - deydi “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov.
2022-2023-yillar davomida mahalliy hokimlik organlari bolalar va yoshlarning, ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan dasturlarni rejalashtirishda milliy va xalqaro ekspertlardan texnik yordam oldi. Shaharlarda “Yosh maslahatchilar kengash”lari tashkil etilib, ular 10 000 dan ortiq bolalar va yoshlar bilan onlayn platformalar va yuzma-yuz uchrashuvlar orqali mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishga ko‘maklashdi.
Shaharlardagi barcha bolalar va yoshlarni qamrab oluvchi ijtimoiy muammolarni muhokama qilish maqsadida “Hokim va yoshlar” uchrashuvlarining muqobil formati qo’llanildi.
Yakuniy tadbir o‘tgan ikki yil davomida erishilgan yutuqlar, ilg‘or tajribalarni taqdim etish va saboqlarni muhokama qilish uchun platforma bo‘ldi. Shu tariqa, mahalliy hokimlik vakillari va yoshlar yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yoshlarni ekologik muammolarni hal etish va IT-kasblarga jalb qilish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Nogironligi bo’lgan bolalarning bandligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni egallash imkoniyatlarini kengaytirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar to’grisida so’z yuritdi.
— Tashabbusning asosiy yutug‘i shundaki, mahalliy hukumat bolalar va yoshlarning fikrlarini e’tiborga oldi va ular bilan hamkorlikda o‘z shaharlarida yoshlarning ehtiyojlarini qondirish uchun o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Ushbu harakatlar ajoyib natijalarni berdi. Masalan, ekologiya, bolalarning dam olishi va ta’lim olishi uchun sharoitlarni yaxshilash chora-tadbirlariga yoshlar hissa qo‘shdi. Ular nogironligi bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy xizmatlardan foydalanish va sharoitlarni yaxshilash masalalarini ilgari surdi, - deydi UNICEF'ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Joffri Ijumba.
Anjumanda qatnashgan ekspertlar guruhi Tashabbus doirasida pilot shaharlarda qo’llanilgan mexanizmlardan viloyat miqyosida ham foydalanish zarurligi, “Hokim va yoshlar” uchrashuvlarini muntazam va tizimli ravishda olib borish, yoshlar o’rtasidagi so’rovlar qamrovini kengaytirish, natijaga yo’naltirilgan byudjetlashtirishni mahalliy darajada joriy etish kabi takliflarni berdi.
— Biz barcha beshta pilot shaharlarni qisqa vaqt ichida erishgan ulkan yutuqlari bilan tabriklaymiz. Ushbu muhim pilot loyiha mahalliy darajada qizlar, ayollar va erkaklarni kengroq qamrab olish imkoniyatlarini tasdiqladi. Bu yoshlar boshchiligidagi innovatsion tashabbuslarni amalga oshirish imkonini berdi va O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasida nazarda tutilganidek, mahalliy darajada yanada inklyuziv boshqaruv yo‘lini ko‘rsatdi, – deydi Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorlik bo‘limi rahbari Rahel Byosh.
Tadbir yakunida ushbu Tashabbusda qatnashgan 5 ta shahar sertifikatlar bilan taqdirlandi. Ularning orttirgan tajribasi mahalliy boshqaruv tizimini yanada mustahkamlashda foydalaniladi, endilikda bolalar va yoshlar huquqlarini himoya qilish, salohiyatini oshirish, qarorlar qabul qilishda ishtirokini ta’minlash e’tibor markazida bo‘ladi.
O’zbekiston aholisining 55 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etishini hisobga olgan holda bunday boshqaruv tizimini yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
“Yuksalish” harakati matbuot xizmati