@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

#Yoshxabardor: Yoshlarni korrupsiyaga qarshi kurashishga chorlaydigan yangi loyiha

 2024-01-20 22:24:00   |     Просмотров: 2235

“Yuksalish” harakati Search Uzbekistan tashkiloti bilan hamkorlikda AQSh Davlat departamentining Demokratiya, inson huquqlari va mehnat byurosi moliyaviy ko'magida #Yoshxabardor: “Yoshlar korrupsiyaga qarshi” loyihasini boshladi.

Joriy yilning 19-yanvar kuni yangi loyihani amalga oshirish bo‘yicha maslahat uchrashuvi o‘tkazildi. Unda loyiha bosqichlari, kutiladigan natijalar, yoshlar bilan ishlash metodlari muhokama qilinib, loyiha doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar (seminar, trening, anjuman) rejasi tuzildi.

#Yoshxabardor: “Yoshlar korrupsiyaga qarshi” loyihasining maqsadi – O‘zbekistonda davlat organlarining korrupsiyaga qarshi sa’y-harakatlarida yoshlar ishtirokini kuchaytirish, yoshlarning korrupsiyani oldini olish va xabardor qilish tushunchalarini mustahkamlashda, ularning korrupsiyaga qarshi xavfsiz va konstruktiv tarzda kurashish bo‘yicha yangi ko‘nikmalarga ega bo‘lishida amaliy ko‘mak ko‘rsatish.

Loyihadan kutilmalar: O‘zbekiston yoshlarining korrupsiya haqida xabardorligi va bilimi ortadi, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlar kuchaytiriladi, bu boradagi bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun maqsadli yoshlar va hukumat o‘rtasidagi hamkorlik rag‘batlantiriladi.

Loyiha 18 oy mobaynida respublikamizning Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshiriladi. Ushbu maqsadli hududlar, birinchi navbatda, yoshlarga korrupsiyaning nomutanosib ta’siri, yaxshiroq ta’lim olish, ishga joylashish imkoniyatlarini qidirayotgan yoshlar o‘rtasidagi migratsiya tendensiyalari o‘rganilgan, keng maslahatlashilgan holda tanlangan.

Asosiy maqsadli guruh – 16 dan 29 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Ushbu yosh oralig‘i ta’lim, sog‘liqni saqlash va bandlik sohalarida korrupsiyadan jabrlanish ehtimoli katta bo‘lgani uchun tanlangan.

Loyiha bosqichlari bilim va ko‘nikmaga asoslangan faoliyat, korrupsiyaga qarshi o‘z dasturlarini ishlab chiqishga qaratilgan o‘quv dasturi asosida yoshlar klasterlarini tashkil etish kabi komponentlar asosida olib boriladi, yakunda korrupsiyaga qarshi yoshlar tarmog‘ini yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, yoshlarning sohalardagi korrupsiyani aniqlash va unga qarshi kurashishga qaratilgan dasturlarning har biri 3 000 dollardan bo‘lgan 5 ta kichik grantlar ajratiladi.

“Tengdosh tengdoshga” tamoyili asosida yoshlarning bilim almashishiga qaratilgan seminarlar, yoshlar va davlatning manfaatdor tomonlari o‘rtasida ochiq muloqotlar, o‘quv konferensiyalar o‘tkazish, qo‘llanmalar ishlab chiqish ham rejalashtirilgan.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati