@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Yevroosiyo jamg‘armasi bilan hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi

 2024-01-17 19:16:00   |     Просмотров: 1530

2024-yilning 16-yanvar kuni “Yuksalish” harakati raisi o‘rinbosari Asqar Mamatxonov Yevroosiyo jamg‘armasi (Eurasia Foundation) prezidenti Liza Koll (Lisa Coll) xonim bilan uchrashdi.

Uchrashuvda, shuningdek, Yevroosiyo jamg‘armasining Fuqarolik faolligi va liderligi bo‘limi rahbari Grach Topalyan (Hrach Topalyan), Jamg‘armaning Markaziy Osiyodagi ijtimoiy innovatsiyalar (SICA) dasturi mamlakatlar bo‘yicha koordinatori Farhod Otajonov va boshqalar ishtirok etdi.

Dastlab mehmonlar “Yuksalish” harakatining maqsad va vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari hamda xalqaro grantlar doirasidagi loyihalari bilan tanishtirildi. Jumladan, bugunda Harakatning respublika bo‘ylab 14 ta hududiy bo‘linmasi faoliyat yuritayotgani, 50 mingdan ziyod a’zolariga, 200dan ortiq mahalliy va xorijiy ekspertlar kengashiga ega ekani, yil boshidan xalqaro tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tgani ta’kidlandi. Shuningdek, Harakat qoshida Xalqaro munozara klubi, Fuqarolik jamiyati forumi hamda Mustaqil ekspertlar alyansi faoliyati mahalliy va mintaqaviy miqyosda kengayib borayotgani qayd etildi.

“Yuksalish” harakatining Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Shamshod Yunusov ayni paytda Yevroosiyo jamg‘armasi va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, xususan, “Markaziy Osiyodagi ijtimoiy innovatsiyalar” dasturi doirasida turli dolzarb mavzularda turkum jamoatchilik muhokamalari tadbirlari o‘tkazib kelinayotgani haqida ma’lumot berdi.

O‘z navbatida, Liza Koll xonim tashkil etilgan uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, Jamg‘arma hamkorlik yo‘nalishlarini yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini aytdi.

So‘ngra Jamg‘arma vakillari O‘zbekistonda “Ijtimoiy korxonalar akseleratori” (SEAI) loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilayotgani, uning maqsadi – mamlakatda ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish, shuningdek, qashshoqlik, tengsizlik va iqlim o‘zgarishi kabi dolzarb muammolarga barqaror yechimlar yaratishga yo‘naltirilishini ma’lum qildi.

Harakat tomonidan ushbu loyihani birgalikda amalga oshirishda ko‘maklashish imkoniyatlari ko‘rib chiqilishi bildirildi.

“Yuksalish” harakati matbuot xizmati