@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

“Yuksalish” harakati vakillari BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlari konferensiyasida qatnashdi

 2023-12-20 16:40:00   |     Просмотров: 2657

“Yuksalish” harakati xodimlari joriy yilning 9-15-dekabr kunlari ilk bor BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlarining Atlanta shahrida o‘tkazilgan 10-konferensiyasida ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun: BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlari konferensiyasi – Konvensiyaga a’zo davlatlar tomonidan xalqaro shartnomaning implementatsiyasi, amaliyotchilar o‘rtasida tajriba va bilimlar almashish hamda kun tartibidagi muhim masalalarni muhokama qilish uchun xalqaro maydon hisoblanadi.

BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi tomonidan an’anaviy tashkil etiladigan ushbu konferensiya sessiyalarida “Yuksalish” harakatining Dasturlar va hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Sh.Yunusov, Harakat qoshidagi “Aksilkorrupsiya laboratoriyasi” loyihasi menejeri L.Stayshyunayte, loyiha koordinatori Sh.Haqqulov ishtirok etdi.

Konferensiya doirasida ikki muhim tadbir: “Yosh innovatorlar forumi” va “Fuqarolik jamiyati forumi” tashkil etildi. Forumlarda fuqarolik jamiyatining yosh vakillari erishgan yutuqlari bilan o‘rtoqlashdi, innovatsion loyihalari haqida so‘zlab berdi. Sportdagi korrupsiyaga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan spektakl namoyish etildi, unda korrupsiyaga qarshi faol kurashishga chaqiriqlar bor.

Konferensiyaning ishchi guruh yig‘ilishlarida ekologik jinoyatlar va korrupsiya mavzularidagi yangilangan axborotlar taqdim etildi. Ishtirokchilar fuqarolik jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan Atlanta deklaratsiyasi loyihasini ko‘rib chiqdi. Ushbu Deklaratsiyada siyosiy moliyalashtirish, profilaktika choralari, ekologik jinoyatlar va manfaatdor mulk shaffofligi masalalari o‘rin olgan. Korrupsiya, davlat xaridlari, gender va korrupsiyani baholash bo‘yicha yangi ma’lumotlar kiritilgan.

Konferensiyaning yalpi yig‘ilishlarida, shuningdek, korrupsiyaga qarshi choralar samaradorligi, aksilkorrupsiya bo‘yicha xalqaro sud, siyosiy moliya va yoshlarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi. “Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik makonini himoya qilish” mavzusidagi sessiyada fuqarolik faollari va ommaviy axborot vositalarining korrupsiya holatlari va inson huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq bo‘lgan holatlarni yoritish bo‘yicha birgalikdagi harakatlari haqida so‘z yuritildi.

Konferensiya yakunida Fuqarolik jamiyati deklaratsiyasi qabul qilindi. Hamda rasmiy yopilish marosimida BMTning Korrupsiyaga qarshi koalitsiyasining konvensiyasi bayonoti o‘qib eshittirildi.

BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlari konferensiyasida butun dunyo nodavlat notijorat tashkilotlarining 900 ga yaqin vakillari ishtirok etdi. O‘zbekistondan vakil – “Yuksalish” harakati bo‘ldi.

"Yuksalish" umummilliy harakati matbuot xizmati