@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Oliy ta’limda va akusherlik amaliyotida nohalollik va korrupsiya xavfi omillari o‘rganildi

 2023-12-01 20:14:00   |     Просмотров: 2540

1-dekabr kuni Toshkentda oliy ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida nohalollik va korrupsiya xavfini baholash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalarining jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Tadqiqot 2020-yildan “Yuksalish” umummilliy harakati, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti (Sloveniya) hamkorlikda amalga oshirib kelayotgan “Aksilkorrupsiya laboratoriyasi” loyihasi doirasida o‘tkazildi.

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini 2023 va 2024-yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da “Yuksalish” harakati tomonidan ta’lim, sog‘liqni saqlash, korrupsiyaga qarshi kurashish sohalarida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, taklif va tavsiyalar ishlab chiqish belgilangan. Shu asosda joriy yilda bir vaqtning o‘zida 2 ta tadqiqot o‘tkazildi:

  •  “Oliy ta’lim muassasalari talabalarining bilimini baholashda nohalollik va korrupsiya omillari”;
  • “Akusherlik amaliyotida nohalollik va korrupsiya omillarini baholash”.

Bugunga qadar Oliy ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan tadqiqotga respublikamizning barcha hududlaridan – 14 ta shahardagi 16 ta OTM qamrab olindi. O‘rganishlarga turli guruh respondentlar – Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, OTM rektorlari, prorektorlari, dekanlar, o‘quv bo‘limi, komplayens-nazorat bo‘limi va ta’lim sifati bo‘limi boshliqlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar, nodavlat notijorat tashkilotlari va tadqiqotchilar, jami 200 ga yaqin kishi jalb qilindi. Ular o‘rtasida ijtimoiy so‘rovlar, intervyular tashkil qilindi.

So‘rovlarning 74.4 foiz ishtirokchisi talabalarning o‘zlashtirishini baholashda va avvalgi qo‘yilgan bahoni yaxshilashda o‘qituvchilarga ta’sir o‘tkazish mavjud, deb hisoblaydi. 19.4 foizining fikricha, kredit-modul tizimidagi tashkiliy kamchiliklar korrupsiyaga omil bo‘lmoqda.

Respondentlar guruhlarining aksariyati (76,7 foizi) korrupsiyaviy xatti-harakat tashabbuskorlari, asosan talabalar, 34,3 foizi esa o‘qituvchilar, deb hisoblaydi. Yana 25,4 foizi talablarning qarindoshlari ham tashabbus ko‘rsatadi, degan fikrda.

So‘rovlarda deyarli 28 foiz respondent stipendiyani ko‘proq olish uchun qo‘yilgan past bahoni yuqori bahoga o‘zgartirishga talabalar tomonidan bosim bo‘lishini ko‘rsatib o‘tgan.

Omillar:

- Talabalarning yuqori miqdordagi stipendiyaga qiziqishi oraliq imtihonlarni topshirishda korrupsiyaviy xatti-harakatlar qilishiga sabab bo‘lmoqda

- HEMIS (ta’lim jarayonini onlayn tarzda boshqarish imkonini beruvchi axborot tizimi) platformasida o‘qituvchi tomonidan kiritilgan shaxsga doir ma’lumot dekanat hamda talabalar uchun ochiq. Demak, platformadagi ma’lumotlarni uchinchi shaxsning ham ko‘ra olish va unga o‘zgartirishlar kirita olish ehtimoli bor

- Aksariyat OTMlarda va umuman respublikada talabalarning mustaqil ishini plagiatlikka tekshiruvchi axborot bazasi yo‘qligi Internet-plagiatlikni keltirib chiqarmoqda

- Oliy ta’limda kredit-modul tizimi to‘liq joriy etilmaganligi va ushbu faoliyatni tartibga soluvchi qonunosti hujjatlarining yo‘qligi sababli, har bir OTM bu tizimni tashkil qilishga o‘z imkoniyatlari va vakolatlaridan kelib chiqib yondashmoqda. Bu ham talabalar bilimini baholashga nisbatan nohalol munosabatda bo‘lish xavfini keltirib chiqarmoqda.

“Akusherlik amaliyotida nohalollik va korrupsiya omillarini baholash” mavzusidagi tadqiqotga respublikamizning 7 ta hududidagi 21 ta tug‘ruqxona jalb etildi. Unda 400 ga yaqin kishi ishtirok etdi. Respondetlarning turli guruhlari – Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari, tug‘ruqxonalar bosh shifokorlari, akusher-ginekologlar, neonatolog, anesteziolog-reanimatologlar, terapevtlar, akusher va hamshiralar, tug‘ruqdagi ayollar, ularning qarindoshlari o‘rtasida muhokamalar, intervyu va anketa so‘rovlari tashkil etildi.

Dastlabki natijalar shuni ko‘rsatdiki, korrupsiyaviy xavf omillari, birinchi navbatda, davlat tug‘ruqxonalari uchun budjet mablag‘lari va jihozlarning yetishmasligi, budjet mablag‘larining markaziy va mahalliy tug‘ruqxonalar o‘rtasida teng taqsimlanmasligi bilan bog‘liq. Shuningdek, tibbiyot xodimlariga kam ish haqi to‘lanishi va ortiqcha ish yuklamasi ham asosiy omillardan biridir.

O‘rganishga jalb etilgan tug‘ruqdagi ayollarning 8.4 foizi va tug‘ruqdagi ayollar qarindoshlarining 8.8 foizi Perinatal markazlardagi qabullarga norasmiy to‘lovlar qilgani ma’lum bo‘ldi.

Tug‘ruqni qabul qilganda “chin dildan” beriladigan sovg‘alar (pul, buyum va hk.)ga terapevt, neonatologlarning 70 foizi, akusher-ginekolog, anesteziolog va qarindoshlarning 60 foizi, hamshiralarning 50 foizi ijobiy qaraydi.

Shuningdek, tug‘ruqxonalardagi tibbiyot xodimlari va farmkompaniyalar o‘rtasidagi nohalollik omillari o‘rganilganda, 10 foiz shifokor tug‘ruqxona ma’muriyati va farmkompaniyalar o‘rtasida kelishuv bor, deb hisoblaydi. 24 foiz tibbiyot xodimining fikricha, farmkompaniyalar bilan hamkorlik ularning umumiy daromadlarini oshiradi. Suhbatlashilgan tug‘ruqdagi ayollar qarindoshlarining bari (100 foizi) biror dori yetishmasa, shifokorlar qo‘llariga yozib berishlarini tasdiqladi.

Ushbu tadqiqotlarning yakuniy natijalari, muhokamada tegishli soha ekspertlarining bildirgan fikrlari, taklif va tavsiyalari inobatga olingan holda, 2024-yilning boshida e'lon qilish reja qilindi.

Tadbir “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti (Sloveniya) hamkorligida tashkil etildi.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati