@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Bishkekda O‘zbekistonning jamoatchilik nazorati bo‘yicha tajribasi taqdimoti o‘tkazildi

 2019-06-07 19:46:00   |     Просмотров: 3652

Bishkek shahrida “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Burxanov O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida “Parlament a’zolari faoliyati samaradorligini oshirishda monitoring va baholash” mavzusidagi Yevroosiyo mamlakatlari forumida ishtirok etmoqda. 


Forum Qirg‘iziston Respublikasi Jo‘g‘o‘rqu Keneshining bir guruh deputatlari tashabbusi bilan qator hamkor tashkilotlar ko‘magida o‘tkazilmoqda. Ikki kun (6-7 iyun) davomida parlament a’zolari, hukumat vakillari, fuqarolik jamiyati faollari va ekspertlar milliy monitoring va baholash tizimini joriy etishning samarali yondoshuvi, mazkur tizimni shakllantirishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning xalqaro tajribasini muhokama qildilar. Shuningdek, Yevroosiyo mamlakatlari parlament a’zolarining monitoring va baholash tizimini joriy etish bo‘yicha milliy siyosatni ilgari surishning qator jihatlari haqida ham so‘z yuritildi. 


“Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxanov mamlakatimizda davlat dasturlarining amalga oshirilishi yuzasidan jamoatchilik monitoringini o‘tkazishda parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki to‘g‘risida ma’ruza qildi. O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan davlat dasturlarining bajarilishini nazorat qilishda jamoat va nodavlat notijorat tashkilotlarini jalb qilish amaliyoti forum ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.


Yevroosiyo mamlakatlari parlament a’zolari monitoring va baholash natijalaridan foydalanish yo‘nalishida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston vakillari Yevroosiyo mamlakatlari parlament a’zolari hududiy forumi rezolyutsiyasini qabul qildilar, shuningdek baholashni ilgari surish bo‘yicha Yevroosiyo mamlakatlarining mintaqaviy parlamentlararo forumini tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qildilar.


Shu bilan birga, Qirg‘izistonga amalga oshirilgan tashrif doirasida “Yuksalish” umummilliy harakati va Qozog‘iston ayol-tadbirkorlar uyushmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.


Bundan tashqari, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Global bilimlar” jamoat birlashmasi (Qirg‘iziston) hamda Jahon va xalqaro faoliyatga ko‘maklashish jamiyati (Yaponiya) aholining iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda rivojlanishidagi imkoniyatlarini yanada kengaytirishga ko‘maklashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga kelishib oldilar. Ular Markaziy Osiyo hududidagi barqaror rivojlanish bo‘yicha hamkorlik qilishga qaratilgan uch tomonlama memorandumni imzoladilar. Hamkorlar Yaponiya tajribasidan foydalangan holda O‘zbekiston va Qirg‘izistonning milliy rivojlanish strategiyalarining asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda turli sohalardagi o‘tkaziladigan tadqiqot natijalari, mutaxassislar va ekspertlarning tashabbuslar va g‘oyalari bilan almashishlari uchun platforma yaratish niyatidalar.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati