@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

"Tashabbusli byudjet" mablag‘lari taqsimlanishida fuqarolar ishtiroki muhokama qilindi

 2023-10-27 12:17:51   |     Просмотров: 3179

Joriy yilning 26-oktyabr kuni Toshkentda “Open byudget”: Mablag‘lar taqsimlanishida fuqarolar ishtiroki. Tajriba va saboqlar” mavzusida xalqaro jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda mahalliy va qozog‘istonlik ekspertlar ishtirokida tashabbusli byudjet mexanizmi bo‘yicha milliy hamda xalqaro tajriba, shuningdek, “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, 2019-yil O‘zbekistonda joriy qilingan tashabbusli byudjet mexanizmlari o‘tgan vaqt mobaynida keng jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilindi. Fuqarolar fikri o‘rganilganda, ular byudjet mablag‘larini taqsimlashda bevosita ishtirok etayotganidan, farzandlari va mahalladoshlari hayotini yanada qulay va yaxshiroq qilishga erishayotganidan mamnunligini bildirgan.

Tashabbusli byudjetlashtirishga ajratilayotgan mablag‘lar ham, loyiha takliflari ham yil sayin oshib bormoqda. Masalan, 2019-yilda 28,7 mingta taklif bo‘lgan bo‘lsa, 2022-yilda 69,7 mingtaga yetgan. Shu bilan birga, moliyalashtirish uchun tanlab olingan loyihalar soni ham ortib bormoqda.

Joriy yildan "Obod qishloq" va "Obod mahalla” dasturlari jamoatchilik fikri asosida tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlari orqali amalga oshirila boshlandi. Dasturlar doirasida moliyalashtiriladigan tadbirlar “Ochiq byudjet” portali (openbudget.uz)da fuqarolarning ovoz berish yo‘li bilan aniqlanmoqda.

Shuningdek, portalda tuman (shahar) byudjetlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun rejalashtirilgan mablag‘larning kamida 50% qismini fuqarolar fikri asosida yo‘naltirilishini ta’minlash maqsadida “Mening yo‘lim” loyihasi ishga tushirildi. Bu yilgi mavsum uchun 312 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar ajratilgan.

Bundan tashqari, tashabbusli byudjet jarayonlarida fuqarolar uchun ovoz berish imkoniyatlarini kengaytirish hamda qulayliklar yaratish maqsadida Telegramda maxsus @ochiqbudjetbot ishlamoqda. Bot orqali fuqarolar o‘zini qiziqtirgan loyihaga ovoz berishi mumkin. “Ochiq byudjet” portalida esa g‘olib deb topilgan takliflarni moliyalashtirish holatini onlayn kuzatib borish, jumladan, takliflarni moliyalashtirish uchun ochilgan xisobraqamlar, ajratilgan mablag‘lar, ularning sarflanishi va qoldiq ma’lumotlari, rasmiylashtirilgan shartnomalar va to‘lov topshiriqnomalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borish imkoniyati yaratilgan.

Tadbirda qayd etilishicha, “Tashabbusli byudjet” loyihalari amalga oshirilishida aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bir qancha holatlar ham yo‘q emas. Masalan, g‘olib deb topilgan loyihalarining moliyalashtirilishida, belgilangan ishlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishida kamchiliklar bor. Bu bo‘yicha “Yuksalish” harakati respublika bo‘ylab 135 ta obyektda o‘rganish ishlarini olib borgan. Xususan, joriy yil sentyabr oyi holatiga 16 ta obyekt bo‘yicha ishlar sifatsiz amalga oshirilgani, 12 ta loyiha bo‘yicha ishlar yakuniga yetmagani, 7 ta obyekt bo‘yicha g‘olib deb topilgan loyihalar uchun mablag‘ ajratilmagani yoki to‘liq moliyalashtirilmagani, 5 ta obyekt bo‘yicha ajratilgan mablag‘lar mavjud muammolarni to‘liq bartaraf etishga yetmagani aniqlangan.

Tadbirda “Tashabbusli byudjet” doirasida maktablarning moddiy texnik bazasini mustahkamlash va ularda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish loyihalariga o‘qituvchilar ovoz to‘plashga majbur etilayotgan holatlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Mazkur masalada o‘tkazilgan anonim so‘rovda respondentlarning 15 foiziga “Tashabbusli budjet” loyihalariga ovoz yig‘ish vazifasi rahbariyat tomonidan yuklatilgani ma’lum bo‘lgan. Prezident qaroriga ko‘ra, ovoz yig‘ishga majburlash majburiy mehnatga jalb qilish sifatida tasniflanadi.

Kelgusida byudjet mablag‘larini taqsimlashda fuqarolar ishtirokini yanada takomillashtirish, kuzatilayotgan kamchiliklarni takrorlamaslik uchun xalqaro tajribani ham o‘rganish maqsadga muvofiq. Shu nuqtai nazardan, tadbirda AQSH hamda Qozog‘iston vakillari ishtirok etib, fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Muhokamalar yakunida fuqarolar bilan bamaslahat qilinadigan loyihalar ko‘lamini kengaytirish, shu jumladan “Tashabbusli byudjet”ni takomillashtirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

Ushbu tadbir AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtiriladigan "Markaziy Osiyodagi ijtimoiy innovatsiyalar" dasturi doirasida Yevroosiyo jamg‘armasi ko‘magida tashkil etildi. Dasturda mintaqa fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ekspertlarining o‘zaro konstruktiv muloqoti uchun "ochiq maydon" tashkil etish, dolzarb mavzularda turkum jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati