@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Respublika bo’ylab “Hayot ulash” хаyriya aksiyasi o’tkaziladi

 2023-10-12 18:24:34   |     Просмотров: 2884

Joriy yilning 12-oktyabr kuni Toshkentda respublika miqyosida o'tkaziladigan “Hayot ulash” xayriya aksiyasi boshlanishi yuzasidan matbuot anjumani bo’lib o’tdi. 

Aksiya “Yuksalish” umummilliy harakatining tashabbusi bo’lib, uning doirasida biznes hamjamiyati va tadbirkorlar bilan birgalikda O’zbekistonning chekka mahallalaridagi aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsad qilingan.

Dunyoning ko‘plab davlatlarida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham ichimlik suvi tanqisligi dolzarb muammolardan biri. Bugungi kunda respublikamiz aholisining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 74,4 foizni tashkil etadi. Ayrim viloyatlarda bu ko’rsatkich 60 foizdan kam. 

Aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalari davlat rahbarining doimiy e’tiborida. Ma’lumotlarga ko’ra, so‘nggi 6 yilda ichimlik suvi sohasiga davlat budjetidan 14 trillion 500 milliard so‘m yoki oldingi davrga nisbatan 6 baravar ko‘p mablag‘ ajratilgan. 31 ming kilometr ichimlik suvi va oqova tarmoqlari o‘tkazilgan. Bu ishlar natijasida 1 000 ta mahalladagi 6,5 million aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor toza ichimlik suvi kirib bordi.

Biroq hali 30 ta tuman va 1 ming 400 ta mahallada ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash talab etiladi.

"Yuksalish" harakati tomonidan ma’sul davlat idoralari ishtirokida respublikamizning 14 ta hududidagi ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat, quduq qazish, filtr o‘rnatish ishlari o‘rganildi. Suv chiqarish mumkin bo‘lgan birlamchi ro‘yxat shakllantirildi.

Matbuot anjumanida “Hayot ulash” aksiyasiga dastlab Xorazm viloyatida start berilishi, oktyabr oyi davomida suv chiqarish ishlari Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida davom ettirilishi ma’lum qilindi.

Birinchi bosqichda ushbu tashabbusni qo’llab-quvvatlagan tadbirkorlar, homiylarning xayriya mablag’lari sarflanadi. Natijada 9 700 dan ziyod nafar aholi obihayotdan bahramand bo’lish imkoniga ega bo’ladi. Keyingi bosqichlarda boshqa hududlarni ham qamrab olish rejalashtirilgan. Jumladan, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Qashqadaryo, Jizzax, Buxoro viloyatlarining chekka qishloqlarida suv manbalarini topish ishlari yakuniga yetgan.

Shu tariqa xayriya aksiyasi davomida jami 40 mingga yaqin aholiga ichimlik suvi yetkazib berilishi ko’zda tutilgan.

Aksiya doirasida kelib tushgan va sarflangan mablag‘lar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar Hayotulash.uz saytida hamda @hayotulash Telegram kanalida doimiy e’lon qilib boriladi.

“Yuksalish” harakati barcha faollar, tadbirkorlar, tashkilotlar va kompaniyalarni ushbu xayrli tashabbusga qo‘shilishga chorlaydi!

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati