@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Gender siyosati, gender budjeti tahlili. Bu nima degani?

 2023-08-26 15:08:48   |     Просмотров: 3161

24-avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan treningda ushbu savolga javob izlandi. Tadbir “Yuksalish” harakati, “ARGO” fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi (Qozog‘iston), “Ayollar yagona kelajak uchun” xalqaro jamg‘armasi (WECFI) bilan hamkorlikda Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “Imkoniyatlarni kengaytirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.

Yetakchi ayollar, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekistonda budjetni shakllantirish va davlat dasturlarini amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchi davlat organlari mutaxassislari tomonidan kichik sessiyalar, taqdimotlar shaklida hamda guruhda ishlash davomida gender tengligi va kompleks gender yondashuv masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, rejalashtirish va budjetlashtirishda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) mamlakatlari, Kanada, Ukraina va boshqalar misolida gender budjetini qo‘llash bo‘yicha xalqaro tajriba tahlil qilindi. Trening davomida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish vositasi sifatida gender budjetini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Trener sifatida “Iqtisodiy tadqiqotlar instituti” AJ Barqaror rivojlanish maqsadlari kotibiyati direktori, bu borada salmoqli tajribaga ega Baxitgul Xambar taklif etildi. U Qozog‘istonda integratsiyalashgan milliy moliyalashtirish tizimini barpo etish bo‘yicha ekspert-tahliliy qo‘llab-quvvatlash, 2017—2020 yillarga mo‘ljallangan rejalashtirish va budjetlashtirish bo‘yicha mahalliy ijroiya organi hujjatlarining gender tahlilini o‘tkazish (Aqmola viloyati misolida) loyihalariga rahbarlik qilgan. Qozog‘iston bolalar farovonligi indeksini (2021—2022 yy.) va bolalar uchun budjet metodologiyasini ishlab chiqqan.

Qayd etilganidek, davlat boshqaruvi tizimiga gender jihatlarini joriy etish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Gender tengligi ma’lum tashkilot va idoralar uchun "alohida masala" sifatida qaralmasligi kerak, u strategik rejalashtirishning bir qismi bo‘lishi kerak. Gender tahlili siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa omillarning ayollar va erkaklarga qanday ta’sir qilishini ko‘rish va solishtirish imkonini beradi. Budjet jarayonida genderga yo‘naltirilgan yondashuv, o‘z navbatida, budjet jarayonining barcha bosqichlarida gender jihatlarini o‘z ichiga oladi.

Ma’lumot uchun: “Imkoniyatlarni kengaytirish” loyihasi “Yuksalish” harakati, “ARGO” fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi (Qozog‘iston), “Ayollar yagona kelajak uchun” xalqaro jamg‘armasi ((WECFI) tomonidan Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.

2023—2025 yillarga mo‘ljallangan loyiha gender siyosatini rivojlantirish bo‘yicha konstruktiv muloqotni rivojlantirish, O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirish orqali qarorlar qabul qilish jarayonida faol ishtirokni kengaytirish va inklyuziyani oshirishga qaratilgan. U xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha ko‘rinishlarida, ayniqsa ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashda fuqarolik jamiyati, xotin-qizlar tashkilotlari salohiyatini kuchaytirish orqali global va milliy Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga hissa qo‘shishga qaratilgan.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati