@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Fargʻona vodiysida Markaziy Osiyo yoshlar forumi oʻtkazildi

 2023-07-19 20:40:42   |     Просмотров: 2128

Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan “Markaziy Osiyoda bag‘rikenglik va tinchlik uchun transchegaraviy ko‘p tomonlama muloqot” loyihasi doirasida 2023-yilning 18-19-iyul kunlari Farg‘ona shahrida “Farg‘ona vodiysida do‘stlik ko‘priklari” Markaziy Osiyo yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Yevropa Ittifoqi, Konrad Adenauer jamg‘armasi, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat organlari vakillari, yoshlar yetakchilari, ekspertlar, loyiha doirasida subgrantlarga ega bo‘lganlar, shuningdek, Do‘stlik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik markazlari vakillari ishtirok etdi.

Forum maqsadi – loyiha natijalarini asosiy manfaatdor tomonlarga taqdim etish, shuningdek, yoshlar, ekspertlar, ommaviy axborot vositalari, ta’lim muassasalarini jalb etgan holda tinchlik o‘rnatish sohasida tajriba almashish, ishtirokchi davlatlar va butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqarorligini oshirish uchun hamkorlik aloqalarini mustahkamlash.

Ikki kunlik tadbir davomida loyihaning yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijalari taqdimot qilindi, loyihada ishtirok etgan mamlakatlarning tinchlik o‘rnatish va barqaror rivojlanishi masalalari muhokama qilindi. Ma’rifiy va axborot sessiyalari tashkil qilinib, ularda yoshlarning kelajakda birgalikdagi harakatlari uchun g‘oyalarni shakllantirish hamda rivojlantirish, tinchlik o‘rnatish, radikallashuv va ekstremizm xavfini kamaytirishga qaratilgan loyihalar bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Shuningdek, tadbirda “Markaziy Osiyoda bag‘rikenglik va tinchlik uchun transchegaraviy ko‘p tomonlama muloqot” loyihasining O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda yoshlar va fuqarolik jamiyati o‘rtasida muloqot, tinchlik o‘rnatishni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi hamda samaradorligi baholandi. Forum ishtirokchilarning o‘zaro tajriba almashish, loyiha natijalarini muhokama qilish va kelgusidagi barqaror hamkorlik konsepsiyalarini ishlab chiqish imkonini berdi.

Ta’kidlash kerak, “Farg‘ona vodiysida do‘stlik ko‘priklari” forumi mintaqa davlatlari o‘rtasida yoshlar hamkorligi va ishonchini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Muhimi, barqaror rivojlanishga erishish uchun yoshlar yetakchilari va davlat tuzilmalari hamkorlikda ishlay oladigan tinch va bag‘rikenglik muhitini yaratildi.

Forum Yevropa Ittifoqi moliyalashtirgan va K.Adenauer nomidagi jamg‘arma boshchiligidagi konsorsium bilan uchta mamlakatdagi hamkorlari — “Yuksalish” umummilliy harakati (O‘zbekiston), “BIOM” ekologik harakati (Qirg‘iziston) hamda “Gender va taraqqiyot” jamoat tashkiloti (Tojikiston) tomonidan amalga oshirilgan «Markaziy Osiyoda bag‘rikenglik va tinchlik uchun transchegaraviy ko‘p tomonlama muloqot» loyihasi doirasida tashkil etildi.

"Yuksalish" umummilliy harakati matbuot xizmati