@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil etishda korrupsiya xavfi omillarini baholash boʻyicha tadqiqot natijalari eʼlon qilindi

 2023-03-09 10:28:12   |     Просмотров: 4008

“Oʻzbekistonda birinchi antikorrupsiya laboratoriyalarini yaratish” loyihasi doirasida 2022-yil davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida maktabgacha taʼlim muassasalari tashkil etilishi va ularning faoliyatida nohalollik xavfi omillari baholandi.

Maʼlumot uchun: “Oʻzbekistonda birinchi antikorrupsiya laboratoriyalarini yaratish” loyihasi “Yuksalish” umummilliy harakati qoshida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti koʻmagida 2020-yildan buyon amalga oshirilmoqda. Loyiha statistik maʼlumotlar, OAVdagi mavzuga oid materiallar, ilmiy maqolalar, qonunchilik, respublika boʻylab maqsadli guruhlar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovlar va xalqaro tajribani tahlil qilishning turli usullaridan foydalangan holda korrupsiya xavfi omillarini oʻrganish imkonini beruvchi ekspertlik platformasidir,Ikkinchi laboratoriyada maktabgacha ta'limda davlat xususiy sheriklikning xavf-xatarlarini o'rganish chog'ida

Birinchi, eksperimental bosqich bolalarni boshlangʻich sinfga qabul qilishda korrupsiya xavfi omillarini oʻrganishni oʻz ichiga oldi, Ikkinchi laboratoriyada maktabgacha ta'limda davlat xususiy sheriklikning xavf-xatarlarini o'rganish chog'ida

Tadqiqot jarayonida Oʻzbekistonning 7 hududida – Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida intervyular, fokus-guruhlar, ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazildi. Soʻrovlar 413 nafar turli guruh respondentlar: tuman maktabgacha taʼlim boʻlimlari, hokimliklar, banklar vakillari, DXSH asosidagi maktabgacha taʼlim muassasalari rahbarlari, tarbiyalanuvchilarning ota-onalarini qamrab oldi. Tadqiqotda, shuningdek, DXSH loyihalarini tayyorlash jarayonlari, loyihalarni tanlash, shartnomalar imzolash va tanlangan loyihalarni amalga oshirish tizimlari koʻrib chiqildi.

Institutsional-huquqiy tahlil va ijtimoiy soʻrovlarning dastlabki natijalari ayrim davlat-xususiy sheriklik jarayonlari va tartiblarining samarasizligini, korrupsiya xavfi omillari borligini koʻrsatdi. Xususan, ariza topshirish va rasmiylashtirish,  loyihalarni tanlash,  hisobot topshirish mexanizmi, hujjat almashishi tizimi, MTMlar faoliyatini monitoring qilish faoliyatining noshaffofligi korrupsiya va nohalollik xavfi paydo boʻlishiga zamin yaratmoqda. Loyihalarni tanlashning aniq mezonlari, taʼlim xizmatlari sifati koʻrsatkichlari, korrupsiyaga qarshi mexanizmlar va DXSH jarayonining barcha ishtirokchilari uchun halollik kafolatlarining yoʻqligi ham ushbu xavflarni keltirib chiqarmoqda.

Soʻrovda ishtirok etgan tadbirkorlarning yarmidan koʻpi (53 foizi) tanlov jarayoni ochiq va xolis emas, deb javob bergan. Har uchdan bir qismi baʼzi tenderlar belgilangan maqsadlarga erishish uchun emas, balki faqat byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish uchun oʻtkaziladi, deb hisoblaydi.

Shu bilan birga, tuman hokimliklari va maktabgacha taʼlim boʻlimlari mutaxassislaridan iborat respondentlarning deyarli har beshinchisi tadbirkorlar komissiya aʼzolariga shaxsiy xizmat koʻrsatish, nufuzli shaxslarni jalb qilish yoki pul mukofotlari berish orqali tanlov natijalariga taʼsir koʻrsatadi, deb hisoblaydi. Saralashda ishtirok etgan tadbirkorlar 22 foizining ham tanlov komissiyasi qaroriga taʼsir qilish mexanizmlari mavjudligiga ishonchi komil.

Tuman maktabgacha taʼlim boʻlimlari vakillarining 68 foizi tadbirkor bilan oʻzaro munosabatlarda halollik qoidalarini buzgan davlat hamkoriga nisbatan qanday jazo choralari qoʻllanilishi haqida bilmaydi. 73 foizi tadbirkorlar uchun bu kabi sanksiyalar mavjudligidan bexabar.

Tuman maktabgacha taʼlim boʻlimlari vakillarining har toʻrtdan biri tadbirkor tomonidan qoʻshimcha subsidiyalar olish maqsadida MTMlardagi bolalarning haqiqiy sonini oshirib koʻrsatish holatlari haqida maʼlum qilgan.

Tuman hokimliklari vakillarining uchdan bir qismi xususiy tadbirkor tomonidan MTMlar faoliyatini DXSH asosida tashkil etishda hisobot berish talablari buzilayotganini taʼkidlagan. Hokimlik mutaxassislarining 27 foizi, banklar vakillarining 58 foizi tadbirkorlarda moliyaviy qonunbuzarliklar bor, deb hisoblaydi.

Tuman maktabgacha taʼlim boʻlimlari vakillarining 47 foizi tadbirkorlar pedagogika, 42 foizi moliyaviy faoliyatni tashkil etish, 36 foizi kadrlar siyosatida malakali emas, deb hisoblaydi. Vakillarning uchdan bir qismi tadbirkorlar axloq normalarini buzayotganiga, har beshinchisi tadbirkorlarning zarur boshqaruv malakasiga ega emasligiga ishonchi komil.

Tadqiqot natijalari boʻyicha ekspertlar tomonidan korrupsiya xavfini kamaytirishga doir tavsiyalar ishlab chiqildi:

  • DXSH asosida MTMlar faoliyatini tashkil etishda loyiha hujjatlarini tayyorlashdan boshlab hisobot berishgacha maksimal ochiqlikni taʼminlash mexanizmini ishlab chiqish va joriy etish. Ushbu vazifalarni shaxsiy maʼlumotlarning ishonchli himoyasini taʼminlaydigan elektron DXSH loyihalarini boshqarish platformasida birlashtirish taklif etiladi.
  • Baholashning aniq mezonlarini (koʻrsatkichlarini) belgilagan holda tashqi mustaqil auditni, masalan, mahallani taʼminlash maqsadida MTMlar faoliyatini DXSH asosida tashkil etish boʻyicha barcha faoliyatning jamoatchilik monitoringi mexanizmini joriy etish.
  • Jamoatchilik nazorati mexanizmlarini joriy etish, hisobotlarning barcha turlarini unifikatsiyalash va standartlashtirish, korrupsiya xavfining oldini olish uchun ochiq maʼlumotlar formatida hisobotlarni nashr etilishini taʼminlash mexanizmlarini joriy etgan holda DXSH asosida MTMlar faoliyatini monitoring qilish tizimini qayta koʻrib chiqish.
  • Xususiy tadbirkorlar, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining tegishli boʻlinmalari, hokimliklar, hamkor banklar, DXSH asosida MTMlar faoliyatini litsenziyalovchi va nazorat qiluvchi organlarning huquq, burch va majburiyatlarini qonun hujjatlarida aniq belgilab olish.
  • Axloqiy meʼyorlar va halollik qoidalarini tasdiqlash. Samaradorlik uchun qoʻshimcha imtiyozlar belgilash yoki aniqlangan qoidabuzarliklar uchun taqiq mexanizmlarini joriy etish.
  • DXSH asosida MTMlar uchun minimal taʼlim xizmatlari hajmini aniqlash va taʼlim jarayoni mezonlarini baholash koʻrsatkichlarini joriy etish.
  • Menejment, moliyalashtirish, huquqiy, pedagogik savodxonlik boʻyicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish, jarayonning barcha ishtirokchilari uchun samarali shaxslararo munosabatlarni oʻrnatish.

Yakuniy natijalar hisobotda taqdim etiladi. Yuklab olish

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati